Jahon | 21:51 / 21.02.2025
6698
3 daqiqa o‘qiladi

Putin milliarder Abramovichni Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkazadiganlar guruhiga kiritmadi

58 yoshli Abramovich bundan oldin RFning G‘arb va Ukraina bilan aloqalarida «Kremlning norasmiy vakili» rolini bajargan. U «g‘alla bitimi»ning tuzilishi va harbiy asirlar almashinuvida ishtirok etgan edi.

Foto: TASS

Milliarder Roman Abramovich Putin tomonidan Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar olib borish vazifasi yuklangan guruhga kiritilmadi. 58 yoshli Abramovich bundan oldin RFning G‘arb va Ukraina bilan aloqalarida «Kremlning norasmiy vakili» rolini bajargan, deb yozadi The Moscow Times. Milliarder 2022 yilda «g‘alla bitimi»ning tuzilishida, 2023 yilda harbiy asirlar almashinuvi va Ukrainadan olib chiqib ketilgan bolalarning qaytarilishida ishtirok etgan.

Nashrning vaziyatdan xabardor manbasiga ko‘ra, Abramovichning asosiy funksiyasi u bir vaqtning o‘zida Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan aloqada bo‘lganida edi. Ammo endilikda ushbu «plyuslar»ga ehtiyoj yo‘q. «Kreml endi Ukraina prezidenti bilan o‘zaro munosabatlardan manfaatdor emas», — deydi manba

Saudiya Arabistonida Amerika delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarga Putin TIV rahbari Sergey Lavrov, o‘zining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov, shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevni yuborgan. Dmitriyev Putinga oilaviy aloqalari sabab yaqin: u Putinning kenja qizi Yekaterina Tixonovaning yaqin do‘sti va biznes sherigi Natalya Popovaga uylangan.

Rossiyaning muzokarada ishtirok etuvchilar jamoasi Kremldan Amerika delegatsiyasi bilan «maksimal darajada do‘stona bo‘lish» va hatto AQSh hamda shaxsan Trampga «maqtovli munosabat» ko‘rsatish topshirig‘ini olgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Vashington mamlakatning muzlatilgan aktivlarini (6 milliard dollar) blokdan chiqarishga, shuningdek, sanksiyalarning bekor qilinishi va Obama ma’muriyati davrida olib qo‘yilgan diplomatik dachalarning qaytarilishida yordam berishiga umid qilmoqda.

The Moscow Times manbalarining ta’kidlashicha, jamoa vaziyatga qarab kengayishi mumkin. Maslahatlashuvlarga ko‘pchilik, jumladan, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Mixail Bogdanov jalb etiladi.

Mavzuga oid