Jahon | 20:07 / 21.02.2025
2642
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukrainadagi tasdiqlangan yo‘qotishlari qariyb 100 ming kishiga yetdi

Oxirgi bir oyning o‘zida urushda halok bo‘lgan rossiyaliklar ro‘yxatiga 5007 nafar harbiy xizmatchi kiritilgan. Shuningdek, halok bo‘lganlarning katta qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri koloniyadan urushga yuborilgan mahkumlar tashkil etmoqda.

Foto: Getty images

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 95 ming 26 kishiga yetdi — ularning barchasi shaxsi tasdiqlangan. Oxirgi bir oyning o‘zida — 24 yanvardan 21 fevralgacha ushbu ro‘yxatga 5007 nafar harbiy xizmatchi kiritilgan, deb xabar beradi BBC rus xizmati va «Mediazona».

Halok bo‘lganlarning eng ko‘pi to‘g‘ridan to‘g‘ri koloniyadan urushga yuborilgan mahkumlardir. Umumiy hisobda 16 ming 171 nafar mahkumning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Ammo «Vagner» XHK hujjatlari bilan tanishgan jurnalistlarning ta’kidlashicha, mahkumlar Rossiya armiyasining uch yildan beri davom etayotgan urushdagi yo‘qotishlarining uchdan bir qismini tashkil etishi mumkin.

Shuningdek, jurnalistlar DXR va LXRdagi qurolli tuzilmalarning 21 mingdan 23,5 ming nafargacha harbiysi halok bo‘lganini hisoblagan. Gap asosan majburiy safarbar etilgan va minimal tayyorgarlik bilan frontga jo‘natilganlar o‘limi haqida ketmoqda. Ushbu yo‘qotishlarning katta qismi urushning birinchi yiliga to‘g‘ri keladi. Rossiya rasmiy bo‘linmalari ushbu davr oralig‘ida deyarli shuncha yo‘qotishga uchragan — 25 ming 769 kishi. BBC’ga ko‘ra, Rossiya tomonidan jang qilib, halok bo‘lgan har 10 kishining uch nafari — bu mahkumlar, ikki nafari — DXR va LXR aholisidir. Har ikki toifadagilar ham Rossiya jamiyatining hayotida ishtirok etmagan.

Shu bilan birga, Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi urushdagi real yo‘qotishlari tasdiqlangan ma’lumotlardan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin — 146 mingdan 211 ming kishigacha. «DXR va LXRning yo‘qotishlari bilan Rossiya tomonida halok bo‘lganlar soni 167—234 ming oralig‘ida», — deyiladi xabarda.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabrida Rossiyaning umumiy yo‘qotishlari 615 ming kishini tashkil etgan: 115 ming kishi o‘ldirilgan va 500 ming harbiy yaralangan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasi yo‘qotishlarini 610 ming kishiga baholagan. The Economist’ning ta’kidlashicha, bu Rossiyaning 1945 yildan keyingi mojarolardagi barcha harbiy yo‘qotishlaridan ortiq. O‘tgan yilning iyunida RF prezidenti Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlarining yo‘qotishlari haqida gapirib, ularni Rossiyaniki bilan taqqoslagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning 27 oyi davomida Rossiya 135 ming kishisidan ayrilgan.

Mavzuga oid