Jahon | 19:42 / 24.02.2025
3998
7 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada saylov: Shols partiyasi uchinchi o‘rinda, populistlar esa rekord o‘rnatdi

Kecha, 23 fevral kuni Germaniyadagi Bundestagga bo‘lgan navbatdan tashqari saylovda Shols partiyasi sharmandali tarzda yutqazdi. Prognoz qilinganidek, Fridrix Mersning XDI/XSI bloki yetakchilik qildi va yangi kansler sifatida u ishga kirishadi. Biroq saylovda eng omadi chopgan – GuM partiyasi bo‘lib, ularni Ilon Mask va Vens qo‘llab chiqqandi. O‘ta o‘ngchilar Shols partiyasini ham ortda qoldirdi. 

Germaniyada kecha, 23 fevral kuni Bundestagga navbatdan tashqari saylov o‘tkazildi. Germaniya federal saylov komissiyasi 24 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, Xristian demokratlar va xristian sotsialistlar ittifoqi bloki 28,6 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinda esa o‘ta o‘ngchilar partiyasi Germaniya uchun muqobil bo‘lib, 20,8 foiz ovoz yig‘di. Sholsning hukmron Germaniya sotsial-demokratik partiyasi esa sharmandali natijaga erishib, 16,4 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda qolib ketdi. «Yashillar» va so‘l partiyalar ham parlamentga zo‘rg‘a kira olgan.

Shunday qilib, kutilgani va prognoz qilinganidek Fridrix Mers partiyasining qo‘li baland keldi va endi Olaf Shols lavozimini tark etadi hamda kanslerlik kursisini Mersga topshiradi. Allaqachon amaldagi kansler partiyasi mag‘lubiyatini tan oldi va Mersni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Hukmron partiya tarixdagi eng sharmandali natija ko‘rsatgani ham qo‘shimcha qilingan. Liberal erkin demokratiya ittifoqi va so‘l populist Vagenknext ittifoqi Bundestagga kira olmadi. Saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchisi bor-yo‘g‘i 4,3 foiz, ikkinchisi esa raqamda 4, 972 ta ovoz to‘play olgan. Germaniyada parlamentga kirish chegarasi esa minimum 5 foiz etib belgilangan.

Doimgidek, Germaniyada biror partiya 50+1 foiz ovoz yig‘olmaydi va koalitsiya tuzishga to‘g‘ri keladi. Bu gal koalitsiya tuzish masalasi ham o‘ta qiyin vazifaga aylangandi. Chunki Mers va Shols partiyasi kelisholmay, Mers davlatdagi o‘ta populist va shovinistlar “Germaniya uchun muqobil” partiyasi yordamini qabul qilib, loyihalarni Bundestagda tasdiqlata boshlagandi.

Masalan, qattiq chegara va immigratsiyani cheklovchi taklifni qabul qildirish uchun Xristian demokratlar ittifoqi siyosiy an’anani buzib, GuMning yordamini qabul qilgandi. Bu esa parlamentda shovqin ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, qonunchilar Mersni yuzsizlikda aylagandi. Mersning o‘zi esa bu qadamidan qattiq afsusdaligini, lekin Shols bilan ham kelisholmayotganini aytgandi.

XDI/XSI va GSDP mandatlari «katta koalitsiya»ni shakllantirish uchun yetarli bo‘lishi kutilmoqda

Xo‘sh, buyog‘iga nima bo‘ladi? Shols kanslerlikdan ketadi, Mers bu lavozimni egallaydi. Eng katta masala esa koalitsiyani tuzish. Oxirgi natijalar hali e’lon qilinganicha yo‘q, lekin hozirgi ko‘rsatkichlar biroz o‘zgaradi xolos. Eng ko‘p ovoz olgan partiya raqiblaridan biri yoki bir nechtasini tanlab, hukumat tuzishi kerak. XDI va Shols partiyasi oladigan mandatlar “katta koalitsiya” uchun yetarli bo‘lishi kutilmoqda. Lekin bu hukumatda Shols ishlashni istamaydi, u koalitsiya bo‘yicha muzokaralarda qatnashmasligi va yangi hukumat tarkibida ham bo‘lmasligini e’lon qildi. “Men kanslerlikka nomzodimni qo‘ygandim”, deydi u. Bu uning iste’foga chiqishidan dalolat bermoqda.

Fridrix Mersning konservatorlar partiyasi g‘alabasini nishonlamoqda, lekin Xristian demokratlar ittifoqi 30 foiz natija kutgandi, bunday bo‘lmadi. “Keling, bugun kechqurun nishonlaymiz va ertadan ishga chiqamiz”, dedi Mers omma bilan uchrasharkan o‘zini ishga mas’uliyatli tutib.

Bu galgi natijalardan eng ko‘p xursand bo‘lganlar – o‘ta populistlar, ya’ni “Germaniya uchun muqobil” partiyasidagilar. Chunki nisbatan yangi bu partiya o‘z tarixida rekord natijani qayd etdi. O‘ta o‘ngchilarning kanslerlikka nomzodi Elis Veydel bundanam ko‘proq natija kutganini aytadi. “Nemislar o‘zgarishlar uchun ovoz berdi”, deydi u. Shuningdek, Veydel Mersning GSDP bilan koalitsiya muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi, oxir-oqibat esa yana saylov bo‘lishini bildirmoqda. Biz yana 4 yil kutmaymiz, ular baribir kelisholmaydi va qayta saylov o‘tkaziladi, deydi populist siyosatchi.

Shunday qilib, parlamentdagi o‘rinlar birinchi qora va och ko‘k, keyin esa qizil rangga o‘tmoqda.

O‘tgan yil oxirida Sholsning 3 partiyali koalitsiyasi tashqi qarz jalb qilish kelishmovchiligidan keyin tarqab ketib, Shols prezidentdan yangi saylov belgilash uchun imkon, ya’ni Bundestagni tarqatib yuborishni so‘ragandi. Shtaynmayyer buni qabul qilib, parlamentni tarqatib yubordi va 23 fevralga saylov belgilandi. Mers saylovchilardan Shols emas, boshqa partiya bilan koalitsiya tuzishi uchun yaxshiroq ishtirok so‘ragandi. Bu esa unga turg‘un iqtisodiyotni jonlantirish, chegarani yopish, tartibsiz muhojirlar masalasini bir yoqlik qilib, ularni quvish imkonini beradi.

Mers ayni vaziyatda GuM bilan ishlashni rad etgan, chunki siyosiy an’anaga muvofiq, partiyalar populistlarga yaqinlashmaydi. Bu borada Germaniyada o‘ziga xos “xavfsizlik devori” mavjud. Mers xohlamasa-da, ehtimoliy hamkori sotsial-demokratlar 16,4 foiz ovoz olarkan, juda yomon natijani ko‘rsatdi. Endi koalitsiya tuzish qiyinligicha qoladi.

69 yoshli Mers kansler lavozimida va vazir bo‘lib ham ishlamagan, lekin u ayni vaziyatda Germaniyani kuchli qilish va Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlashni va’da qilmoqda. Saylovda milliarder Ilon Mask va vitse-prezident J.D.Vens ochiqdan ochiq o‘ta o‘ngchilar – populistlar GuM partiyasini qo‘llarkan, nemislar bundan hayratda qoldi. Shunday bo‘lsa-da, Tramp Mersning g‘alabasini olqishladi. Nemislar ham biz kabi jinnicha kun tartibi, ayniqsa, energetika va migratsiya mavzularidan charchagan, deydi Tramp.

Fridrix Mers 2025 yil 21 aprel, Pasxagacha yangi nemis hukumatini tuzishga va’da berdi. Siyosatchi unga kimlar qo‘shilishi mumkinligi haqida gapirishdan bosh tortdi, lekin uning partiyasi GuM bilan birga mamlakatni boshqarmasligini yana bir bor ta’kidlagan.

Mavzuga oid