Jahon | 19:18 / 06.03.2025
5873
7 daqiqa o‘qiladi

O‘jalanning chaqirig‘i: Bu Erdo‘g‘anning hokimiyatini uzaytiradimi?

Kurdiston Ishchilar partiyasi yetakchisi Abdulla O‘jalanning isyonchilarga qurollarini tashlash chaqirig‘ini ayrimlar Erdo‘g‘anning prezidentlikka qayta saylanishiga yo‘l ochuvchi qadam deb ko‘rmoqda. Xo‘sh, bu chaqiriq katta geosiyosiy o‘zgarishlardan darak beradimi? “Geosiyosat”da mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Farhod Karimov va Fazliddin Madiyev sharhi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— O‘jalanning chaqirig‘i ortida yashirin diplomatik kelishuvlar bo‘lishi mumkin? Nega oradan 26 yil o‘tib, bunday qarorga kelindi?

Farhod Karimov: Geosiyosiy vaziyat o‘zgargan, to‘g‘ri, lekin bunday harakatlar oldin ham bo‘lgan. 1998-1999 yillarda bir yil davomida O‘jalan qidiruvda bo‘lgan. Suriyaning o‘sha vaqtdagi rahbari Hafiz Asad unga siyosiy boshpana berishdan bosh tortgandan keyin majbur bo‘lib, avval bir nechta Osiyo davlatlarida bo‘lgan, keyin Afrikaga qochgan, o‘sha paytda Keniyada qo‘lga olingan edi. Turkiya unga bir umrlik qamoq jazosi tayinlagan va jazoni Marmar dengizidagi qamoqxonada o‘tayotgandi.

Shundan buyon O‘jalan turkiy kurdlar va o‘z tarafdorlarini doimiy ravishda qurollarni tashlashga chaqirib kelgan. Birinchi chaqiruv 2009 yil bo‘lgan edi. 2009-2011 yillarda Oslodagi Kurdiston partiyasi o‘rtasidagi muzokaralar davrida ham bu masala aytib o‘tilgandi. Ya’ni o‘shanda ham O‘jalan biz siyosiy maqsadlarimizni o‘zgartiramiz, bizga mustaqil davlat kerak emas, balki Turkiya tarkibida o‘zimizning siyosiy va inson huquqlarimiz ta’minlansa, o‘z tilimizda ta’lim bo‘lsa, maktablar, gazeta va jurnallar nashrlar bo‘lsa, biz harbiy kurashdan qaytamiz, degan.

Lekin 2011 yilda Turkiyadagi vaziyat va u yerdagi milliy-etnik ziddiyatlar ortidan bunday muzokaralar yana to‘xtab qolgandi. 2016 yil Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish harakatlari sabab bu masala yana ortga surildi.

Suriyada hukumat dekabr oyida o‘zgargan bo‘lsa, O‘jalanning chaqiriq qilishi haqidagi dastlabki ma’lumotlar oktyabr oyida aytila boshlangan edi.

Turkiya diplomatiyasi bir necha bor Iroqqa bordi, u yerdagi kurdlarning yetakchi Barzoniylar oilasi bilan ham uchrashgan edi. Barzoniy bilan u yerda Turkiyadagi kurdlar partiyasi bilan muloqotlarni uzish va ularni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida kelishuvlar ham bo‘lgandi.

Dekabr oyida Suriyada Asad hokimiyatdan ketdi (kurd terrorchilarining asosiy bazalari Suriya va Iroq-Eron o‘rtasidagi “Qandil”da edi) va u yerda Turkiyaga xayrixoh shaxs Ahmad ash-Shar’aning hokimiyatga kelishi mintaqadagi muhitni o‘zgartirib yubordi.

Bu esa hamkorlarni yo‘qotgan Kurdiston ishchilar partiyasi va boshqa kuchlarni Turkiya bilan kelishishga majbur qildi.

— Isyonchi kurdlar Turkiyaga qarshi vosita edi. Katta kuch markazlari nimaning evaziga Anqaraga yon berdi?

Fazliddin Madiyev: Bu savol Turkiya jamoatchiligini ham o‘ylantiryapti. Mavhum savollar mavjud. Masalan: O‘jalanning chaqirig‘i ortida hukumat bilan yashirin diplomatiya bormi, unga nima taklif qilindi, degan munozarali nuqtalar mavjud.

Lekin rostdan ham dunyoda bugun geosiyosiy muhit o‘zgardi va Kurd davlatini qurish ikkilamchi darajaga tushdi. Chunki Suriyadagi o‘zgargan hokimiyat va Amerikaning keyingi paytda yuritayotgan siyosati, ya’ni Trampning tashqi yordamlarni qisqartirish siyosati Turkiya hukumati tomonidan oldindan sezildi. Bu balki Isroil va Amerika bilan avvaldan muhokama qilingan va Turkiya bu masalani o‘z manfaati tomon og‘dira oldi.

Turkiya uchun kurd ayirmachiligi bu – davlatchilik masalasi. Shunday ekan, rasmiy Anqara kuch ishlatib bo‘lsa ham mamlakat birligini saqlashga harakat qilgan bo‘lar edi.

Har doim tanqid qiladigan muxolif partiyalar ham bu kelishuvdan aslida mamnun ekanliklarini qisqacha bayonotlar orqali bildirishyapti.

— Kurd diasporasining O‘jalan chaqirig‘iga munosabati qanday?

Farhod Karimov: Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan mintaqadagi kurdlar asosiy istiqomat qiladigan davlatlar va jamoat yetakchilar bilan faol muzokaralar olib bordi, undan tashqari asosiy nuqta bo‘lmish Suriyada bugun Kurd jangarilari faoliyati ham so‘roq ostida turibdi.

Abdulla O‘jalan o‘zi siyosatshunos, Anqara davlat universitetini tamomlagan. Shuning uchun ham u juda tahliliy, pragmatik siyosatni tushunadi va shundan kelib chiqib, barchaga murojaat qildi deb o‘ylayman. Bu murojaatning ishonchli ekanini yana bitta narsa isbotlaydi: O‘jalanning jiyaniga qamoqxonaga borib ko‘rib kelish ruxsati berilgan ekan. Aynan jiyani orqali partiya uning chaqirig‘i yuzasidan aniq ma’lumot olishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin.

O‘ylaymanki, asosiy e’tibor Suriyadagi oppozitsion kuchlarga va kurd ishchi partiyasiga qaratilgan. Agar Suriyadagi harakatlar to‘xtaydigan bo‘lsa, atrofdagi kurdlar bu masalaga aralashmasligi tabiiy.

Ular o‘rtasida farq borligini bilamiz. Ular hammasi bir xil tilda gapirmaydi: kurmanji, zazak tillarda va fors tilida ham gaplashishadi. Kurdlar orasida diniy jihatdan ham birlik yo‘q: yarmi shiaviy, yarmi sunniy. Masalan, Turkiyada yashaydiganlarning ko‘pi sunniy kurdlar hisoblanadi. Suriyadagi kurd ayirmachilari Turkiyaga qarshi kurashishni to‘xtatsa, boshqalar ham qurollarni tashlasa kerak.

Fazliddin Madiyev: O‘jalanning chaqirig‘idan keyin, atrofdagi boshqa kurd guruhlar ham liderga quloq tutishi haqida bayonotlar bilan chiqishdi. O‘jalanga itoat qilmaydigan jamoatlar esa Turkiya bilan bu masalada neytral pozitsiyada ekanini aytyapti.

Masalan, Erondagi kurdlar Suriya va Iroqdagilardan umuman farq qiladi, ya’ni ular fors jamiyatiga deyarli integratsiya bo‘lib ulgurgan.

Lekin umumiy qaraydigan bo‘lsak, Turkiyaning maqsadi atrofdagi davlatlar bilan kelishmovchiliklarni nol darajaga tushirish. Erdo‘g‘anning o‘zi ham endi yangi bir tarixiy sahifa boshlangani, turklar va kurdlar o‘rtasida muammo yo‘qligini aytib bayonot berdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid