O‘zbekiston | 20:41 / 07.03.2025
3497
2 daqiqa o‘qiladi

Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

Joriy yilda 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Yana 250 ming nafar ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko‘ksaroyda o‘tkazilgan bayram tadbirida prezident Shavkat Mirziyoyev bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinishini ma’lum qildi.

Davlat rahbari qiz bolaning o‘qishi butun oilaga naf keltirishini yana bir bor ta’kidladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda talabalarning 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berilgan.

Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratayotgani ham jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat berishi aytildi.

«Har bir oiladagi qizlar bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlar yaratiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Yana 250 ming nafar ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi. «Yorqin kelajak» loyihasi doirasida kamida 200 nafar qiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid