Jahon | 23:28 / 08.03.2025
3762
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Mers va Shols partiyalari koalitsiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Koalitsiya 2025 yilning 20 apreliga qadar tuzilishi rejalashtirilgan.

Fridrix Mers Foto: REUTERS/Lisi Niesner

Germaniyadagi saylovlarda g‘olib chiqqan Fridrix Mersning Xristian Demokratik Ittifoqi (SDU) va Olaf Sholsning Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SPD) koalitsion hukumat tuzish masalasini muhokama qildi. Muzokaralar davomida ular noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, sanoatni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat iqtisodiyotini rag‘batlantirishga va’da berishdi, deb yozdi Reuters.

Ta’kidlanishicha, Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers 2025 yil 20 aprelda koalitsiya tuzishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa o‘zini «dushman Rossiyadan» himoya qilishi uchun «yarim tungacha besh daqiqa» qolgan va Donald Tramp boshqaruvidagi Qo‘shma Shtatlar endi ishonchli ittifoqchi hisoblanmaydi.

Ikkala tomon ham Yevropaning eng yirik iqtisodiyotida o‘sishni qayta boshlash va harbiy xarajatlarni oshirish uchun Germaniyaning qarz olish chegaralarini yumshatishni parlament orqali ilgari surishga umid qilmoqda.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, Germaniya uchun koalitsiya hukumati norma hisoblanadi: chunki, hukumat ikki bosqichda tuziladi, birinchidan tomonlar dastlabki muzokaralarni o‘tkazadi, keyin esa rasmiy koalitsiya muzokaralariga kirishadi.

Mavzuga oid