Sport | 21:28 / 17.03.2025
4859
2 daqiqa o‘qiladi

Boks 2028 yilda Olimpiada dasturiga qaytishi mumkin

Boks hozir Los-Anjyelesdagi Olimpiada dasturiga rasman kiritilmagan, jumladan, oldingi boshqaruv organi (IBA) atrofidagi janjallar va gender testi bilan bog‘liq mojarolar tufayli.

Foto: Getty images

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijro kengashi yangi boshqaruv organi (World Boxing) yaratilganidan so‘ng boksni 2028 yilgi Los-Anjyeles Olimpiadasiga qaytarishni istamoqda.

The Independent yozganidek, boks hozir Los-Anjyelesdagi Olimpiada dasturiga rasman kiritilmagan, jumladan, oldingi boshqaruv organi (IBA) atrofidagi janjallar va gender testi bilan bog‘liq mojarolar tufayli.

Rossiya boshchiligidagi Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) 2019 yilda sportning boshqaruv organi sifatidagi faoliyati to‘xtatilgan edi. Qaror bir qator boshqaruv, moliyaviy, sud-huquq va axloqiy muammolar tufayli qabul qilingan. 2023 yil iyun oyida IBA islohotlarni amalga oshirmagani sababli XOQ tomonidan tan olinishi haqidagi maqomidan mahrum qilingan.

IBA maqomi pasaytirilgandan so‘ng, boksning yangi jahon boshqaruv organini yaratish kun tartibiga aylandi. Bu 78 a’zoni o‘z ichiga olgan World Boxing tashkilotining yaratilishiga olib keldi.

World Boxing o‘tgan oyda XOQ tomonidan xalqaro boshqaruv organi sifatida vaqtinchalik e’tirof etilgan bo‘lsa-da, qo‘mita ijro kengashi allaqachon boksni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishni tavsiya qilgan.

Ijro kengashi taklifini ma’qullash bo‘yicha ovoz berish jarayoni shu hafta bo‘lib o‘tadi. Agar ular «ha» deb ovoz bersa, boks 2028 yilgi Los-Anjyeles o‘yinlarining bir qismi bo‘ladi va uning Olimpiya maqomi tiklanadi.

Mavzuga oid