Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev 21 mart kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z shodiyonasida nutq so‘zlab, O‘zbekiston xalqini bayram bilan tabrikladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.Tabrik nutqi prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
"Bugungi munavvar kunni elu yurtimiz bilan tinch va xotirjam kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz. Bu yilgi Navro‘z muqaddas Ramazon oyida, uning tabarruk fazilatlariga uyg‘un holda o‘tayotgani bayramga alohida ruh, o‘zgacha fayz va quvonch bag‘ishlamoqda. Qalblarimiz shodlikka to‘lgan shunday barakatli kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini Ramazoni sharif bilan yana bir bor qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini tilaymiz. Xorijiy mamlakatlarda ona yurt mehri va sog‘inchi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham chin dildan tabriklab, samimiy tilaklarimizni izhor etamiz", deydi prezident.
Ma’lum qilinishicha, Navro‘zi olam 3 ming yillik davlatchilik tarixida o‘zining beqiyos ma’naviy ahamiyati bilan hamisha alohida e’tibor topgan buyuk bayramdir. Ushbu bebaho ayyom haqida bitilgan ilmiy-tarixiy va badiiy asarlar shu qadar ko‘pki, ular haqli ravishda milliy merosimizning o‘lmas durdonalariga aylangan.
"Xalqimiz asrlar davomida og‘ir va mashaqqatli, sinovli paytlarda ham bu bayramni olijanob tabiati va qadriyatlari bilan asrab-avaylab kelgani chinakam mo‘jizadir. Navro‘zning betakror go‘zalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi. Ayniqsa, insonning tabiat va borliq bilan uyg‘unligi, yaratuvchanlik ishtiyoqi, g‘ayrat va shijoati, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob fazilatlari Navro‘z timsolida yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Navro‘z kunlarida bobo dehqonlarimiz rizq-ro‘zimiz, dasturxonimiz qut-barakasini o‘ylab, ona zaminga o‘z mehrini beradi, mo‘l hosil olish niyatida qattiq bel bog‘laydi. Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bilan rizq yo‘lin ochar” degan so‘zlarida chuqur hayotiy ma’no mujassam. Ko‘nglimizda mehnat va ijod, uyg‘onish va yasharish zavqi tobora kuchayib borayotgan mana shunday bahoriy lahzalarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimizga alohida ehtirom izhor etamiz", dedi davlat rahbari.
Bildirilishicha, bugun mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘yilmoqda.
"Yurtimizda ko‘plab zamonaviy sanoat majmualari, infratuzilma va logistika tarmoqlari, avtomobil va temiryo‘llar barpo etilmoqda. Biznes, “Ay-ti” va turizm sohalari jadal rivojlanmoqda. Minglab yangi imorat va uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygohlar, shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari bunyod etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi tobora go‘zal va obod bo‘lib bormoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida diyorimizda yangi ekologik muhit yaratilmoqda. Har yili millionlab ko‘chatlar ekish, yashil bog‘lar barpo etish, hayvonot dunyosini asrab-avaylash, har bir qarich yerdan unumli foydalanish kabi yuksak ekologik madaniy qadriyatlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanmoqda. “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi doirasidagi ulkan ishlarimiz bu jarayonlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishiga aminman", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, bugun mamlakatdagi yuqori texnologik korxonalarni boshqarayotganlar – asosan bilimli va malakali yoshlar.
"Tadbirkorlik rivojiga yangi kuch va shiddat berayotgan ham aql-idrokli, serg‘ayrat va ishbilarmon o‘g‘il-qizlarimizdir. Sarhadlarimizda doimo sergak turgan askar va ofitserlar ham mard va jasur o‘g‘lonlarimizdir. Ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at sohalarida Vatanimizni dunyoga tarannum etayotganlar ham yoshlardir. Xususan, yurtimizni jahonga mashhur qilishda yosh sportchilarimizning alohida o‘rni va hissasi bor. Xalqimizga har tomonlama munosib bo‘lgan bunday navqiron avlodimizga shon-sharaflar bo‘lsin! Aziz farzandlarim, sizlar Vatanimiz osmonida yorqin yulduzlar bo‘lib porlaydigan vaqt keldi.
Bu ulug‘ maqsad yo‘lida mana shu Navro‘z faslida tavallud topgan Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Zulfiyaxonim, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov kabi mutafakkir zotlar sizlar uchun chinakam ibrat namunasidir. Yurtimizdagi beqiyos imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun tinimsiz harakat qiling! Qayerda bo‘lmang, qaysi sohada ishlamang, milliy qadriyatlarimizga, o‘zligimizga, Vatanimizga munosib va sodiq bo‘ling! Hech qachon unutmangki, ortingizda salkam 38 millionlik buyuk xalq, Prezident turibdi. Sizlarga doimo omad va zafarlar yor bo‘lsin!" - dedi prezident.
Qayd etilishicha, Navro‘zning betakror sehru jozibasi, eng avvalo, to‘qqiz yarim mingga yaqin mahallamizda o‘tkazilayotgan xalq sayillarida, bayram tantanalarida o‘z ifodasini topadi. Ko‘p ming yillik an’analar va zamonaviy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan mahalla tizimining hayotidagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, turli muammo va masalalar mahallaning o‘zida hal etilayotgani islohotlar xalqchilligi va natijadorligini keskin oshirmoqda. Yoshlar tarbiyasi, osoyishtalikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy himoya va xotin-qizlar faolligini kuchaytirish, ekologiya va obodlik kabi biri-biridan muhim vazifalar mahalla yettiligi tizimi orqali samarali yechim topmoqda.
"Ma’lumki, bu yil yurtimizda mahalla raislari saylovlari bo‘lib o‘tadi. Xalqimiz ushbu mas’uliyatli jarayonda fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimiz uchun ovoz beradi, deb ishonaman. Mahallalarni har tomonlama rivojlantirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, ertaga – 22 mart kuni mamlakatimizda keng nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni, mahalla faollarini samimiy tabriklab, ularning sharafli faoliyatida ulkan yutuqlar tilayman", dedi davlat rahbari.
Navro‘z azaldan xalqning milliy va umumbashariy qadriyatlarga, dunyoviy davlat tamoyillariga, bag‘rikenglik, chin do‘stlik va hamkorlik g‘oyalariga sodiqligining yaqqol ramzidir. Bu ayyom yurtdagi barcha millat va elat vakillari uchun sevimli, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylangan.
"Mana shu quvonchli lahzalarda butun xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman: bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda, yutug‘imiz – o‘zimizga bo‘lgan yuksak ishonchimizda! Navro‘z Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi. Navro‘zi olam hozirgi kunda barcha elu elatlarni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlarini yanada jipslashtirmoqda. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, bepoyon mintaqamizda yashayotgan jamiki sof niyatli insonlarni el-yurtimiz nomidan qizg‘in tabriklayman. Tom ma’noda do‘stlik, qardoshlik va hamkorlik makoniga aylanayotgan mintaqamiz hamisha tinch bo‘lsin, hamisha gullab-yashnasin!
Shu o‘rinda mintaqamizning hurmatli ziyolilari, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalariga murojaat qilib aytmoqchiman. Aziz do‘stlar, sizlar noyob iste’dodingiz, aql-tafakkuringiz bilan azaliy qardoshligimizni, mushtarak qadriyat va urf-odatlarimizni, ezgu intilishlarimizni tarannum etadigan asarlar yaratib, yoshlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashga hissa qo‘shsangiz, xalqlarimiz sizlardan albatta minnatdor bo‘ladi. Bunday barkamol ijod namunalari bugungi tahlikali davrda ellarimiz, ayniqsa, yosh avlodlarimizga mustahkam ma’naviy qalqon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Shu oy oxirida qadimiy Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi mana shu yo‘lda yana bir amaliy qadam bo‘ladi, deb ishonaman", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid

17:39 / 22.03.2025
Mirziyoyev birinchi prezident maqbarasini ziyorat qildi

17:24 / 22.03.2025
Mirziyoyev Samarqandda xalqaro turizm markazidagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi

16:23 / 22.03.2025
Xushboq Rahimov va Tian Shuchun «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

16:10 / 22.03.2025