AQSh va Xitoy o‘rtasidagi bojxona urushi: kim yutadi?
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi «amerikacha attraksionlar» kabi tebranishda davom etmoqda - u hozir avj pallasiga chiqqan.

Foto: depositphotos / deagreez1
Ukrainaning Turkiya va Yaponiyadagi sobiq elchisi, diplomat va iqtisodchi Sergiy Korsunskiy AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi haqida o‘z tahlilini bayon qildi.
Har bir yangi boj stavkasi oshirilishi yoki bekor qilinishi bilan qaysi boj qaysi mahsulotga qo‘llanayotganini anglash yanada mushkullashmoqda. Biroq, Amazon Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlarga bo‘lgan ko‘pgina buyurtmalarni bekor qilmoqda, chunki ularning narxi mijozlarni endi qoniqtirmayapti. Bir necha o‘n yillardan beri davom etayotgan geosiyosiy to‘qnashuv hozirda bojxona urushining qizg‘in (hozircha, faqat iqtisodiy) bosqichiga kirdi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsett o‘zining yaqinda bergan intervyusida shunday degan edi: «Xitoyning hipertovushli raketalari AQSh aviatashuvchi kemasini 20 daqiqada yo‘q qilishga qodir. Xitoy AQShni yo‘q qilish uchun maxsus tayyorlanayotgan armiya shakllantirmoqda. Pentagonda ishlab chiqilayotgan har qanday harbiy ssenariyda AQSh Xitoyga yutqazmoqda».
Shundan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, bojxona urushi bu – hozircha haqiqiy qaynoq to‘qnashuvdan qochishning bir shakli. Donald Tramp mudofaa xarajatlarini 1 trln dollargacha oshirishga va’da berdi. Bu taxminan 140 mlrd dollarga oshishni anglatadi. Unda nega buning badalini Xitoy to‘lamasligi kerak?
So‘nggi 20 yil ichida dunyo geosiyosiy nashrlarida qaysi mavzu ustun bo‘lganini sun’iy intellektning qidiruv algoritmlari aniq ko‘rsatmoqda, bu – Xitoy qudratining oshishi va Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Bu ikki global kuch o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashmasligi mumkin emas edi.
American Enterprise Institute tahlilchilari bir paytlar hisoblab chiqqandek, faqat AQSh tomonidan Xitoy sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiyalar miqdori taxminan 1 trln dollarni tashkil etgan. Bu «o‘g‘it» orqali Xitoy sanoati mislsiz tezlikda o‘sdi. Xitoy demokratiya sari yuz tutadi, degan asossiz g‘oyalar noto‘g‘ri ekani ayon bo‘ldi. Bu holda Uinston Chyorchillga tegishli (va yana bir bor qaytarilayotgan) mashhur ibora esga tushadi: «Amerikaliklar barcha noto‘g‘ri variantlarni sinab ko‘rgandan so‘nggina to‘g‘risini tanlaydi».
Geosiyosiy to‘qnashuvning ayrim bevosita ishtirokchilari tomonidan berilgan fikrlar juda qiziq. Shunga qaramasdan bu shaxslar Tinch okeanining har ikki sohilida biznes yuritishga ulgurishmoqda.
Masalan, Apple kompaniyasi rahbari Tim Kuk noodatiy qobiliyati — Donald Tramp hamda Si Jinpingni bir vaqtda qo‘llab-quvvatlashi bilan mashhur. Bojxona urushining avj olishi ortidan u AQSh kompaniyalarining texnologik davrda o‘z ishlab chiqarishini Xitoyga ko‘chirishi iqtisodiy jihatdan asosli qaror bo‘lganini tan oldi. Bu qaror keng tarqalgan stereotipga zid ravishda, arzon ishchi kuchi emas, balki ikki muhim omil — ishchi kuchining malakasi va muayyan hududlarda joylashganligi sababli qabul qilingan. Ushbu hududlarda Apple’ning yetkazib beruvchilari o‘z korxonalarini joylashtirgan.
Tim Kuk Amerika televideniyesida bo‘lib o‘tgan ochiq muhokama chog‘ida «Mac» va «iPhone»larni ishlab chiqarish yuqori sifatli sezgir komponentlar bilan yupqalikni talab qilishini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens «xitoylik dehqonlar» deb mensimagan ishchi kuchi aslida bunday murakkab ishlarni bajarishda eng yaxshi hisoblanadi.
O‘z navbatida, Alibaba Group kompaniyasi asoschisi va kuzatuv kengashi raisi Jyek Ma AQSh va Xitoy iqtisodiyotlarini rivojlantirishdagi yondashuvlar farqini juda oddiy tilda izohlab berdi.
Unga ko‘ra, AQShda bo‘sh mablag‘lar Uoll-stritga yo‘naltiriladi va aksiyalar, qarz majburiyatlari hamda boshqa moliyaviy instrumentlar bilan spekulyativ operatsiyalar amalga oshiriladi. Xitoyda esa bunday holat kuzatilmaydi. U yerda davlat siyosati ishlab chiqarishni rivojlantirish va ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.
Qariyb shunga o‘xshash nuqtayi nazarni AQShning sobiq moliya vaziri Lourens Sammers ham bildirgan. U AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarini shunday ifodalagan: AQSh o‘z pul fabrikalarida chop etilgan, faqat xazina veksellari bilan kafolatlangan qog‘ozlarni Xitoyda ishlab chiqarilgan haqiqiy tovarlarga almashtirmoqda. Shu sababli, Sammersga ko‘ra, hozirgi ma’muriyat bu jarayonga xalaqit bermasligi, balki uning davom etayotganidan minnatdor bo‘lishi kerak.
Aslida, bu dollarni real tovar bilan ta’minlashning o‘zi hisoblanadi — dollarni savdo operatsiyalarida qo‘llash to‘xtatiladigan bo‘lsa, u darhol qadrsizlanadi. Dollar allaqachon xalqaro savdo va moliya tizimlaridagi ustunligining bir qismini yo‘qotmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda dollarning dunyo bo‘ylab valuta zaxiralaridagi ulushi 58 foizgacha pasaygan, 20 yilgina avval bu ulush 70 foizdan yuqori bo‘lgan.
Boj urushidan kelib chiqqan sof iqtisodiy muammolar ro‘yxati katta bo‘lishiga qaramasdan, bir narsani tan olish lozim: zamonaviy texnologik davrdagi sanoat korxonalarini samarali ishlatish uchun zarur shart-sharoitlar bo‘lmagan joyda, investorlarni AQShda ishlab chiqarishga majburan ko‘chirishning iloji yo‘q.
Masalan, Arizonada qurilayotgan yangi TSMC chip zavodlari ishchi kuchi masalasida, xususan, Tayvan menejerlari va amerikalik ishchilar o‘rtasidagi madaniyatlar to‘qnashuvi tufayli jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Tayvanlik sarmoyadorlar muhim deb hisoblanayotgan bu loyihani amalga oshirishda yetarli malakaga ega ishchi kuchi bilan ta’minlash va boshqarishda qator muammolarni boshdan kechirishdi.
Bojlar davlat tomonidan jamg‘arilsa-da, uni aslida kompaniyalar va iste’molchilar to‘laydi. Ertami kechmi, soliq to‘lovchilar bunday siyosat ortida savdo defitsitini bartaraf etish yoki ish o‘rinlari yaratish maqsadlari emas, balki xususiy hamyonlardan davlat xazinasiga pul to‘lash turganini anglab yetishadi.
Bu esa, ehtimol, yangi siyosiy mojaroni keltirib chiqaradi, ayniqsa, ikki gigant iqtisodiyot ishtirok etayotgan bir paytda, u geosiyosiy inqirozga aylanishi ham mumkin.
O‘rinli savol tug‘iladi: bunday sharoitda kim mustahkamroq tura oladi — demokratiya, oligarxiya va narsissizm elementlarini o‘zida mujassam etgan kapitalistik iqtisodmi yoki kuchli ideologik ta’sir va qattiqqo‘l boshqaruv tizimiga asoslangan kommunistik-avtokratik rejimmi?
Har qanday davlat o‘z soliq yig‘ish huquqini nafaqat himoya qilishi, balki kengaytirishi uchun ham kuchli bo‘lishi kerak. Lekin davlat muassasalarini tushunmaydigan, tanqid qiladigan va ularni buzishga harakat qiladigan, davlat boshqaruvi jarayonlarini hech kim tomonidan saylanmagan, qonunan yoki konstitutsiyaviy asosga ega bo‘lmagan savodsizlarga topshirishga urinadigan rahbarlar boshqarayotgan davlatni kuchli deb bo‘ladimi?
Bugungi Xitoy tashqi bosimlarga qarshilik ko‘rsatishda strategik zaxiraga ega. U yerdagi iqtisodiy muammolarni yashirib bo‘lmasa-da, bu Kommunistik partiyaning AQShning boj siyosatlariga qarshi choralar rejasi yo‘qligini anglatmaydi. Eng aniq qadamlardan biri — iste’mol jamiyatini rivojlantirish orqali ichki bozorga yo‘nalishni kuchaytirishdir.
Jumladan, Xitoyning AQShdagi elchixonasi ma’lum qilishicha, Shanxay, Pekin, Guangjou, Tianjin va Chonsing shaharlari global darajadagi iste’mol markazlariga aylantiriladi. Bundan tashqari, Xitoy asosiy savdo hamkorlari bilan diplomatik aloqalarni faollashtirmoqda va boj bosimiga qarshi birgalikda yechim topishni taklif etmoqda. Yevropa Ittifoqi allaqachon bu yil iyulda Pekinda YeI–Xitoy sammiti o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Ilgariroq Si Jinping Bryusselda o‘tadigan yubiley sammitida ishtirok etishdan bosh tortgan edi, ammo endi u YeI yetakchilarini Xitoyga taklif qildi va ular kelishga rozi bo‘lishdi. Ya’ni vaziyat keskin o‘zgardi.
Yaponiyalik tahlilchilarning fikricha, hozir AQSh faqatgina Rossiyaga emas, Xitoyga ham yutqazmoqda. Bu holat Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Vladimir Putin o‘rtasidagi so‘nggi «muzokaralar»dan ham yaqqol ko‘rinmoqda.
Bundan tashqari, Xitoyning ta’sir doirasi Panama kanaligina emas, Isroildagi strategik Hayfa portiga ham yetib kelgan. U yerdagi boshqaruv SIPG kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u to‘liq Xitoy hukumatiga qarashli. So‘nggi yillarda ushbu port Isroildagi dengiz yuk tashish bozorining 88 foizini egalladi va Xitoy bu hududdagi infratuzilmani yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. AQSh diplomatiyasining zaifligi va iqtisodiy voqeliklarni tan olmasligi AQShdan bog‘liq mamlakatlarni muqobil qidirishga undaydi.
Oq uyda shunday fikr borki, Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlarga joriy etilgan bojlarni, hatto ularni AQSh kompaniyalari uchun ishlab chiqargan bo‘lsa ham, aynan Xitoy to‘laydi. Lekin bu noto‘g‘ri. Chunki bu mahsulotlarning egasi — aynan Amerika kompaniyalari. Trampning birinchi prezidentlik muddati va Jo Bayden davrida AQSh va Xitoy o‘rtasida bir necha bor muzokaralar bo‘lib o‘tgan va kelishuvga erishilgan.
Xitoy hatto AQSh mahsulotlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini oshirishga ham rozi bo‘lgan. Lekin hozirgi kunda bu kelishuvlar tarixga aylandi. Endi esa AQSh bozorida «Made in USA» tamg‘asi tushirilgan tayyor mahsulotni topishning o‘zi qiyinlashgan. AQSh kompaniyalarining ko‘pchiligi Xitoyga boshqa Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarilgan, hatto ayrim qismlari Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlarni yetkazib beradi. Global bozor shunday ishlaydi.
Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati o‘sha bozorni izdan chiqarishda davom etmoqda. Yakshanba kuniga qadar smartfonlar, kompyuterlar va boshqa elektronika uchun joriy etilgan bojlar amalda edi, ammo shu kuni Tramp ularni bekor qildi. Yarimo‘tkazgichlar, quyosh panellari, tekis ekranli televizor displeylari, flesh-xotiralar, ma’lumot saqlashga xizmat qiluvchi xotira kartalari kabi 20 turdagi mahsulot 125 foizlik bojdan ham, boshqa mamlakatlar importi uchun belgilangan 10 foizlik asosiy tarifdan ham ozod qilingani aytilmoqda. Apple o‘z ulushini oldi. Endilikda navbat Tesla kompaniyasiga.
Tavsiya etamiz
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
Isroil Suriyani bombaladi. Turkiya nega sukutda?
Jahon | 12:44 / 06.05.2025
May oyida vodiyda me’yorga yaqin harorat kutiladi, mamlakatning katta qismida oy xuddi iyun kabi o‘tadi
O‘zbekiston | 11:17 / 06.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
London va Skandinaviya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
Jahon | 10:17
-
Mers 30 kunlik otashkesim haqida: To‘p - Moskva tomonida
Jahon | 09:31
-
Sharjada bo‘lib o‘tadigan xalqaro kitob yarmarkasida O‘zbekiston paviloni tashkil etiladi
O‘zbekiston | 09:07
-
AQSh davlat kotibi Pokistonga Hindiston bilan muzokaralarda yordam taklif qildi
Jahon | 08:58
Mavzuga oid

08:58
AQSh davlat kotibi Pokistonga Hindiston bilan muzokaralarda yordam taklif qildi

22:02 / 09.05.2025
Eron 11 may kuni yadroviy masalalar bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi

20:39 / 09.05.2025
Tramp Xitoy tovarlariga bojlarni kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

20:17 / 09.05.2025