Jahon | 23:12 / 02.07.2025
14476
8 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon–Rossiya ziddiyatlari nimadan darak?

Shu kunlarda post-sovet mintaqasidagi eng jiddiy ehtiroslar Ozarboyjon–Rossiya munosabatlarida kuzatilmoqda. Mintaqadagi barcha davlatlar va xalqlar voqealar rivojini diqqat bilan kuzatyapti. Ko‘z o‘ngimizda Boku va Moskvaning “do‘stligi” buzilayotgandek.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “oblava” o‘tkazilgan. Rossiya kuch ishlatar tizimlari o‘nlab asli Ozarboyjonliklarni qo‘polliklar bilan tekshirishgan. Odatdagidek, kuch ishlatilgan. Ozarlarning qo‘llari qayrilib, politsiya uchastkalariga olib kelingan. Rasmiy sabab – bundan 24 yil oldin – 2001 yilda o‘ldirilgan Ozarboyjonlik bir shaxsning qotilini aniqlash bo‘lgan.

Reyd davomida aka-uka Husayn va Ziyovuddin Safarovlar vafot etgan. Rossiya tarafining aytishicha, “yurak xastaligi sabab”. Lekin Ozarboyjon tarafi olib kelingan jasadlarni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazib, aka-uka Safarovlar “qattiq jarohatlar, balki qiynoqlar” sabab o‘lgan degan xulosaga keldi.

Buning ortidan Boku Ozarboyjondagi “Sputnik” tahririyatida tintuv o‘tkazgan, unda ishlovchi yetti kishini qo‘lga olib tekshirdi, ikkitasini 4 oyga qamadi. Ofis yopilgan. Rasmiy Boku “Sputnik” xodimlarini “jurnalist niqobi ostida faoliyat yurituvchi FSB xodimlari” deb ta’rifladi.

Shundan keyin Moskva Ozarboyjon elchisini chaqirtirib, norozilik bildirdi. Ozar elchisi esa Rossiya TIVdan chiqishi bilanoq: “Ozarboyjonga haqoratomuz munosabatda bo‘lishlarini qabul qilmaymiz” mazmunida sharh berdi.

Shuningdek, Bokuda Rossiyaning o‘nlab fuqarolarini ommaviy tekshirish ishlari olib borildi. Tarqatilgan videolarda Ozarboyjon kuch ishlatar tizimlari ushlanganlarga xuddi Rossiya OMONchilari kabi qo‘pol muomalada bo‘layotgan aks etgan. Rossiyaliklarning yuzlarida jarohat izlari ko‘rinadi. Ular haqoratomuz shaklda emaklab yurishga majburlangan.

O‘zi nima bo‘lyapti? Nega bu ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar dahanaki o‘sib boryapti?

Ozarboyjon–Rossiya o‘rtasida qora mushuk o‘tishi 2024 yil 25 dekabrdagi samolyot qulashi ortidan boshlangan edi. “Ozarboyjon havo yo‘llari”ga tegishli fuqarolik samolyoti Bokudan Grozniyga uchganida, taxminlarga ko‘ra, Rossiya harbiylari uni Ukrainaga tegishli dron deb o‘ylab, urib tushirgan. Shikastlangan samolyot Rossiya shaharlaridan biriga qo‘nishga ruxsat so‘raydi, lekin ruxsat berilmaydi. Bunda “samolet balki dengizga qulasa, muammo bo‘lmaydi” degan maqsad bo‘lgani haqida ham farazlar bor. Nima bo‘lganda ham, samolyot Kasbiy dengizi uzra uchib o‘tib, quruqlikka – Qozog‘iston hududiga kirishi bilanoq qulaydi.

Samolyotda bo‘lgan 67 kishining 29 nafari tirik qoladi, qolganlar halok bo‘ladi. Boshida Ozarboyjon tomoni qat’iy, lekin yumshoq ohangda: “Bu samolyot xatolik sabab urib tushurilganini bilamiz, Rossiya o‘z xatosini tan olishi, aybdorlar javobgarlikka tortilishi va kompensatsiya to‘lanishi kerak” deydi. Lekin Rossiya propagandasi har xil bo‘lmag‘ur versiyalarni oldinga suraveradi. Hatto Ozarboyjonning o‘zini ham ayblay boshlaydi. Mana, oradan yarim yildan ortiq vaqt o‘tibdiki, haliga qadar Rossiya bu samolyot halokati bo‘yicha Ozarboyjonning talablarini qondirmadi.

Keyinchalik, 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “G‘alaba paradi”ga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham taklif qilingan edi. Biroq ishtirok etishi rasman tasdiqlangan liderlardan faqat Aliyev ishtirok etmadi. Bu – rasmiy Bokuning noroziligi hali ham saqlanib qolganini ko‘rsatgan edi.

Rossiyaning Ukrainaga hujumi – imperiyani tiklash maqsadida qilingan ish edi. Maqsad – post-sovet hududini o‘z nazoratiga olish edi. Biroq bu urush Rossiyani holsizlantirmoqda. Ozarboyjon–Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlarda asosiy yangilik, bu Rossiyadagi bepisandlik va kibrlanish kayfiyati emas, balki Ozarboyjonning dadil o‘z qadr-qimmati uchun kurasha boshlaganidir. Eng katta yangilik – bu Ozarboyjonning jur’ati bo‘lmoqda. Shu paytga qadar barcha post-sovet hududidagi davlatlar Rossiya blan to‘qnashishdan, u bilan tirashishdan qochar edi. Chunki Rossiyaning Gruziyaga, Ukrainaga tajovuzlari qolgan davlatlarda ham ehtiyotkorlik kayfiyatini kuchaytirib bo‘lgan edi. Endi esa Ozarboyjon o‘z qadr-qimmati uchun “eskalatsiyaga tayyorman” degan mujda bermoqda.

Yekaterinburgdagi ozariylarga bosim borasida ikki xil versiya bor. Birinchi versiyaga ko‘ra, bu bosimlardan maqsad – rasmiy Bokuga, avvalo Ilhom Aliyevga bosim bo‘lib, bu ishlar ortida Kreml turibdi va Ozarboyjonga “dars berib qo‘yish”, “qo‘rqitib qo‘yish” maqsad qilingan. Ikkinchi versiyaga ko‘ra, Yekaterinburgdagi kuch ishlatar tizimlari, butun Rossiyada bo‘lgani kabi, oxirgi o‘n yilliklarda bilganini qilib o‘rganib qolishgan. Endi esa, kechirim so‘rashni o‘zi uchun “haqorat” deb biladigan Kreml vaziyatdan qanday chiqishni bilmayotgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Kavkazda geosiyosiy vaziyat o‘zgarmoqda. 2020 yilda Ozarboyjon o‘zining hududi bo‘lmish Qorabog‘ni 44 kunlik urushda qaytarib oldi. Shundan keyin Armaniston Rossiyadan arazlab qoldi. Keyingi besh yilda Pashinyan Rossiyadan uzoqlashmoqda. Yaqinda Pashinyan Turkiyaga bordi, u Armanistonning Ozarboyjon va Turkiya bilan munosabatlarini normallashtirmoqchi. Maqsad – tinchlik kelishuviga erishish va barcha muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, yo‘llarni ochish va savdo-iqtisodiy hamkorlikka bor kuchni qaratish. Armaniston bunga erishsa, Rossiyaning Kavkazdagi yagona harbiy bazasi ham yopilishi mumkin. Bu baza Armanistonning Gumri shahrida joylashgan. Armaniston KXShTdan chiqib ketishi ehtimoli ham bor.

Hozir Eron ham Rossiyadan norozi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Isroil–Eron urushida Rossiya Tehronga u istagan qurollarni bermagani borasidagi xabarlar ko‘p tarqalmoqda. Gruziyada esa ichki kurash ketmoqda. “Gruziya orzusi” partiyasi Rossiya bilan kelishuv tarafdori, lekin mamlakatdagi muxolifat ham zaif emas.

Ozarboyjonning Rossiya bilan tirashuvidan maqsad nima? Ozarboyjon anti-Rossiya bo‘lish niyatidami? Balki NATOga intilmoqchidir? Yo‘q, Ozarboyjon NATOga intilmaydi, bu davlat – “Global qo‘shilmaslik harakati”ning asosiy namoyondalaridan biri. Ozarboyjonning yagona maqsadi – Rossiya ularga o‘zining vassali kabi qaramasin, mustaqil davlat sifatida teng ko‘rsin, istagan vaqt istagan shaklda bu davlatga va uning vatandoshlariga nisbatan tahqirlashlarni qilmasin. Lekin Ozarboyjon anti-Rossiya bo‘lish niyatida emas.

Hozircha ko‘p narsa Moskvaning o‘z xatolarini tan olish qobiliyatiga bog‘liq. Rossiya – g‘alati imperiya. Uning xohishlari bir-biriga zid. Dunyoning ko‘plab davlatlari sobiq mustamlakalarini o‘z orbitasida saqlab qolish uchun ular bilan iliq va yumshoq aloqa o‘rnatgan. Rossiya esa boshqalar unga bo‘ysunishini istaydi, lekin boshqalarga nisbatan bag‘rikeng siyosat olib bormay, shovinistik millatchilik qarashlarini saqlab qolaveradi. U bir vaqtning o‘zida ham millatchi davlat bo‘lishni, ham imperiya bo‘lishni istaydi. Mana shu ziddiyat ham Rossiya Federatsiyasini juda kuchli holsizlantirmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid