Iqtisodiyot | 19:07 / 14.08.2025
8541
3 daqiqa o‘qiladi

AI-80 benzini narxi yana qimmatlashdi

Qator AYoQShlarda Ai-80 benzini narxi 9100 so‘mga ko‘tarildi. Shu tariqa, o‘tgan yilning 1 yanvaridan beri ushbu markadagi benzin bahosining qimmatlashishi 50 foizga yetdi. Avvalroq Raqobat qo‘mitasi rasmiysi narxlar oshib ketadigan bo‘lsa, spredni qaytarish masalasi kun tartibiga olib chiqilishini aytgandi.

Foto: Getty images

O‘zbekistondagi eng yirik AYoQShlar tarmog‘i bo‘lmish Carvon (sobiq UNG Petro) shoxobchalarida 13 avgustdan boshlab AI-80 markali benzin oshirilgan narxda – 1 litri 9100 so‘mdan sotilyapti.

"Avtostrada"ning yozishicha, ayni paytda yirik AYoQShlarda narxlar quyidagicha:

Manba: Avtostrada

O‘tgan yili noyabrda Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benziniga boshlang‘ich narxdan 5 foizlik spred kiritilgan edi. Bu cheklov 10 iyundan boshlab bekor qilingach, birja savdolarida bu mahsulot narxi keskin osha boshladi. Xususan, 31 iyul kungi savdolarda o‘rtacha narx 10 mln 937 ming so‘mgacha chiqdi. Bu – spred amal qilgan so‘nggi kun 9 iyundagi o‘rtacha narx (9 mln 459 ming so‘m)dan 15,6 foizga yuqori.

Kun.uz bilan suhbatda Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davletov bu qimmatlashishga izoh berarkan, birjadagi oshishga qaramay, chakana narxlarda o‘zgarish bo‘lmayotganini aytgandi. Spredning olib tashlanishi esa yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgani bilan izohlangandi. Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi rasmiysi AI-80 benzinining AYoQShlardagi narxi oshgan taqdirda, spredni qaytarish masalasi kun tartibiga olib chiqilishini ham ma’lum qilgandi.

Avvalroq, Rossiya ichki bozorda yoqilg‘i narxining keskin qimmatlashishi fonida benzin eksportiga taqiqni yoz oxirigacha kuchaytirgandi. Energetika vazirligi esa bu cheklov O‘zbekistonga taalluqli emasligini bildirgandi.

AI-80 narxi oshishi

2024 yil 1 yanvardan boshlab, aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilingach, AI-80 benzini narxi 6050 so‘mdan 6800 so‘mgacha oshgandi. Joriy yil 1 yanvaridan esa narxlar birdaniga 18,1 foizga qimmatlab, 1 litr uchun 6900 so‘mdan 8150 so‘mgacha ko‘tarilgandi. Shu tariqa, oxirgi 17 oy ichida AI-80 bahosi 50,4 foizga qimmatlashdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda sentabr oyidan boshlab AI-80 ishlab chiqarilishini butkul to‘xtatish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid