Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
APLda yangi mavsum boshlanmoqda. Grandlar yozgi transferlarni qanday o‘tkazdi?
Kim qanday holatda va kimning imkoniyati qanaqa?
Foto: Opta
Bugundan Angliya Premer Ligasining navbatdagi mavsumiga start beriladi. 1-tur «Enfild»da amaldagi chempionlarning «Bornmut»ga qarshi o‘yini bilan boshlansa, yakshanba kuni markaziy o‘yin bor. «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Arsenal»ni qabul qiladi.
Quyida Angliyaning top-6 klublarining yozdagi asosiy transferlari va mavsumda ulardan nimalarni kutish mumkinligi haqida mulohaza yuritiladi.
«Liverpul»

Keldi:
Florian Virs («Bayyer»), 22 yoshda – 125 million yevro
Yugo Ekitike («Ayntraxt»), 23 yoshda – 90 million yevro
Milosh Kerkez («Bornmut»), 21 yosh – 47 million yevro
Jyeremi Frimpong («Bayyer»), 23 yosh – 40 million yevro
Kelishi mumkin: Aleksandr Isak («Nyukasl»)
Ketdi:
Luis Diaz («Bavariya») – 70 million yevro
Darvin Nunez («Al Hilol») – 53 million yevro
Jarel Kuansa («Bayyer») – 35 million yevro
Saomin Kelleher («Brentford») – 15 million yevro
Trent Aleksandr-Arnold («Real») – 10 million yevro
Ketishi mumkin: Ibraima Konate («Real»)
«Liverpul» transferlarni birdaniga katta xaridlardan boshlagani ko‘pchilikni hayron qoldirgan, bu – klubni bo‘lajak mavsumning yaqqol favoritiga aylantirib qo‘ygandi. Birinchidan, tayyor yulduzlarni sotib olish «Liverpul»ning biz o‘rgangan an’analariga ters – tabiiyki, bunday yurish juda jiddiy qabul qilindi. Ikkinchidan, shundog‘am jamoa o‘tgan mavsumda APL chempioniga aylangandi.
Ammo hammasi biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmasligi mumkin. Chunki ketganlarning ham o‘ziga yarasha jamoada o‘rni bor edi. O‘tgan mavsumda hujum chizig‘ida eng ko‘p maydonga tushgan 5 futbolchidan uch nafari ayni damda tarkibda yo‘q: Jota vafot etdi, Diaz va Nunez sotib yuborildi. Yangi futbolchilar hali ketganlarning o‘rnini bosishi ham kerak. Shuningdek, Trent Aleksandr-Arnoldning o‘rni nafaqat o‘ng qanot himoyasida, balki Muhammad Salohga ham bilinishi mumkin. «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda Frimpong individual tomondan o‘zini ko‘rsatgan, hatto gol urgan bo‘lsa-da, Saloh faol bo‘lmaganiga Trentning yo‘qligi ham sabab bo‘ldi.
Shuningdek, o‘tgan mavsumdan ko‘ra bu safar chempionlik kurashi yanada qiyinroq kechishi mumkin. «Manchester Siti» qaytadi, «Arsenal» kuchliroq bo‘ladi, shu tufayli «Liverpul» uchun hammasi o‘tgan mavsumdagi kabi oson kechmasligi tayin.
«Liverpul» APLda birinchi bo‘lib mavsumni boshlab beradi – Slot shogirdlarini bugun «Bornmut»ga qarshi o‘yin kutmoqda. Bir necha kun oldin «Liverpul»ni «Kristal Pelas»ga qarshi Superkubok o‘yinida ko‘rdik. Ikki xil taassurot – jamoa mag‘lubiyatga uchradi, ammo yangi futbolchilarning foydali harakatlari muxlislarda optimistik taassurot qoldirdi.
Dastlabki besh o‘yini: «Bormunt» (uyda), «Nyukasl» (safarda), «Arsenal» (uyda), «Byornli» (safarda), «Everton» (uyda).
«Arsenal»

Keldi:
Martin Subimendi («Real Sosiyedad»), 26 yosh – 70 million yevro
Viktor Gyokeresh («Sporting»), 27 yosh – 66 million yevro
Noni Madueke («Chelsi»), 23 yosh – 56 million yevro
Kristian Moskera («Valensiya»), 21 yosh – 15 million yevro
Kristian Norgar («Brentford»), 31 yosh – 12 million yevro
Kepa Arrisabalaga («Chelsi»), 30 yosh – 6 million yevro
Kelishi mumkin: Eberechi Eze («Kristal Pelas»)
Ketdi:
Tomas Parti («Vilyarreal»), - erkin agent
Kiran Tirni («Seltik») – erkin agent
Jorjinio («Flamengo») – erkin agent
Takehiro Tomiyasu – erkin agent
Ketishi mumkin: Leandro Trossar
Agar favoritlik darajasi o‘lchansa, «Arsenal»ni bemalol chempionlik uchun eng birinchi da’vogar deyish mumkin. Hujum chizig‘ini yangilagan «Liverpul» yoki muhim pozitsiyalarda o‘zgarishlar qilayotgan «Siti» bilan qiyoslaganda «Arsenal» shundoq ham kuchli jamoaga qo‘shimcha kuchlarni olib keldi. Asosiy tarkib futbolchilaridan hech kim ketmadi – so‘nggi uch yilning eng barqaror klubi nihoyat hamma kutgan hujumchini, shuningdek maydon markazini boshqarishda Yevropaning eng zo‘rlaridan biri bo‘lgan yarimhimoyachini o‘z safiga qo‘shib oldi. Arteta nafaqat aniq mo‘ljalli xaridlarni amalga oshirdi, balki tarkibni kengaytirish yo‘lida ham jiddiy xaridlar bo‘ldi – Noni Madueke kerak bo‘lganda Bukayo Sakaning o‘rnini bosishi mumkin, Norgar esa Rays yoki Subimendi uchun rotatsiya varianti bo‘la oladi. O‘zgarishlar hali to‘xtamagan bo‘lishi mumkin – so‘nggi haftalarda Trossar ketib, o‘rniga Eze kelishi kutilyapti. Agar so‘nggi mavsumdagi kabi ortiqcha jarohatlar ro‘y bermasa, jamoa eng kuchli mavsumini o‘tkazishi mumkin.
Boshqa tarafdan, ushbu mavsumda sovrin eng ko‘p kutiladigan jamoa ham «Arsenal» bo‘lishi Artetaning zarariga ishlashi mumkin. «Liverpul» yaqinda chempion bo‘ldi, «Siti»da avlodlar almashinuvi, «Chelsi»ga hali vaqtli deyishmoqda, ammo aynan «Arsenal»ga kelganda hech qanday bahonalar o‘tmaydigan holat yuzaga kelib qoldi.
Dastlabki yillarda «Arsenal»ning yuksalishi hammaga yoqqan, murabbiyning mehnati e’tirof etilgan bo‘lsa, masalan, so‘nggi yilda hatto standart vaziyatlardan ko‘p gol urishi ham tanqid ostiga olindi. Gyokeresh kelishi tabiiy ravishda jamoa o‘yinini yanada vertikallashtiradi va Holand «Manchester Siti»ga kelgandagi kabi o‘yin biroz soddalashishi mumkin. Agar qatorasiga g‘alabalar kelib tursa yaxshi, aks holda, har qanday muvaffaqiyatsiz o‘yin yangi tanqidlar to‘lqinini boshlashi, hatto murabbiyning iste’fosi haqidagi munozaralar avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Aynan shunday vaziyatlarda jamoa jipslashishi va Artetaning muvozanatdan chiqmasligi hal qiluvchi omilga aylanadi.
Dastlabki besh o‘yini: «MYu» (safarda), «Lids» (uyda), «Liverpul» (safarda), «Notinghem Forest» (uyda), «Manchester Siti» (uyda).
«Manchester Siti»

Keldi:
Tiijani Reynders («Milan»), 26 yoshda – 55 million yevro
Rayan Ait-Nuri («Vulverhempton»), 24 yosh – 37 million yevro
Rayan Sherki («Lion»), 21 yosh – 36 million yevro
Jyeyms Trafford («Byornli»), 22 yosh – 31 million yevro
Kelishi mumkin: Rodrigo («Real»)
Ketdi:
Kevin de Bryuyne («Napoli») – erkin agent
Vitor Reys («Jirona») – ijara
Jyek Grilish («Everton») – ijara
Ketishi mumkin: Savio («Tottenhem»)
«Manchester Siti» klublar o‘rtasidagi jahon chempionati sababli hammadan erta asosiy xaridlarni amalga oshirdi va turli eksperimentlarni o‘tkazishga ham ulgurdi. Aslida klub yanvardagi transfer oynasida ham ancha faol bo‘lgandi va bemalol o‘sha paytdagi xaridlarni ham ro‘yxatga qo‘shish mumkin. U holda yangi mavsumda eng katta o‘zgarishlar qilayotgan jamoa aynan «Manchester Siti» bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, Gvardiolada avvalgi yillardagi kabi bosim bo‘lmasligi tabiiy. Ko‘proq yangi futbolchilar tarkibga qanchalik qo‘shilib ketishi, murabbiy g‘oyalari qay darajada maydonda o‘z aksini topishi qiziq bo‘ladi va balki tarixda birinchi marta Pep Gvardiola mavsumni yaqqol favorit bo‘lmagan holatda boshlaydi. Bu rolda uning qanchalik samarali bo‘lishini kuzatamiz.
O‘zbekistonda «Manchester Siti»ga alohida e’tibor qaratiladi – Abduqodir Husanov. U yangi mavsumda o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladimi yoki yo‘q, muhim savol. Chap qanotga Ayt-Nuri sotib olinganini e’tiborga olinsa, Yoshko Gvardiol endi uzil-kesil markaziy himoyachilar sirasiga qo‘shiladi, demak, Husanovdan tashqari Diash, Gvardiol, Stounz, Ake va Akanji bor.
Husanovning o‘yin vaqti aytaylik, fevral-mart oylaridagi kabi ko‘p bo‘lmasa-da, aprel-may oylaridan ko‘ra ko‘proq bo‘lishini kutsa bo‘ladi. Birinchidan, yuqorida aytilganidek, Gvardiola yangi jamoa tuzmoqda, demak, 30 yoshdan o‘tgan va balki yaqin davrda ketishi mumkin bo‘lgan Stounz yoki Ake o‘rniga Husanovni ko‘proq moslashtirish foydaliroq bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘ng qanot himoyasiga yangi futbolchi sotib olinmayapti. Bu pozitsiyada aslida yarimhimoyachi bo‘lgan ikki futbolchi – Nunez va Lyuis o‘ynay oladi. Ba’zi shartlarda, ba’zi raqiblarga qarshi Husanov ham sinab ko‘rilishi ehtimoli yuqori. Shuningdek, Rodri qaytayotganini ham e’tiborga olsak, Gvardiola ko‘p sinab ko‘rgan uch markaziy himoyachi variantiga ham ko‘proq murojaat qilishi mumkin. Bu holatda ham o‘ng markaziy himoyachi roliga Husanovdan yaxshisi topilmaydi.
Dastlabki besh o‘yini: «Vulverhempton» (safarda), «Tottenhem» (uyda), «Brayton» (safarda), «MYu» (uyda), «Arsenal» (safarda)
«Chelsi»

Keldi:
Joao Pedro («Brayton»), 23 yosh – 64 million yevro
Jyeymi Gittens («Borussiya» D), 20 yosh – 56 million yevro
Yorrel Hato («Ayaks»), 19 yosh – 44 million yevro
Liam Delap («Ipsvich»), 22 yosh – 35 million yevro
Estevao («Palmeyras»), 18 yosh – 34 million yevro
Mamadu Sarr («Strasbur»), 19 yosh – 14 million yevro
Kelishi mumkin: Havi Simons («Leypsig»), Alexandro Garnacho («MYu»)
Ketdi:
Noni Madueke («Arsenal») – 56 million yevro
Jorjye Petrovich («Bornmut») – 29 million yevro
Lesli Ugochukvu («Byornli») – 29 million yevro
Kiran Dyusberri-Holl («Everton») – 29 million yevro
Armando Broya («Byornli») – 23 million yevro
Kepa Arrasabalaga («Arsenal») – 5 million yevro
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati «Chelsi»ni dunyoga boshqacharoq rakursda ko‘rsatib, hatto APL chempionligi uchun da’vogarlik qilishi mumkinligi haqida fikrlar ko‘paygan bo‘lsa-da, aslida bu fikrga qo‘shilish qiyin. «Chelsi» yuqoridagi uch jamoadan ko‘p jihatdan ortda ekanini tan olish kerak – hali ham yuqori darajali himoya chizig‘iga ega emas, tarkibdagi doimiy o‘zgarishlar esa barqaror ravishda yuqori o‘rinlar uchun kurashda xalaqit beradi. Alohida o‘yinda hammani hayron qoldirish mumkin, lekin chempionatda natijaga erishish uchun ayrim futbolchilar uzoq vaqt o‘sha darajani ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Ayni damda «Chelsi» tarkibida mana shunday futbolchilar boshqa favoritlardagiga qaraganda kamroq.
Ikkinchidan, yuqorida tilga olingan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchilarga qay darajada ta’sir qilishini bilmaymiz. «Chelsi» atigi bir oy oldin ta’tilga chiqqandi. Futbolchilar yetarlicha dam olib, yangi mavsumga tayyorlanishga ulgurishmagan ham. «Manchester Siti» va «Chelsi»dagi mana shu omil ham mavsumning ilk o‘yinlarida, ham keyinchalik, charchoq va jarohatlar ta’siri o‘laroq pand berishi mumkin.
Plyuslar sifatida esa hujum chizig‘iga qilingan transferlarni ayta olamiz. Joao Pedro va Delap kelishi aynan «to‘qqizlik» pozitsiyasini ham kuchaytiradi, ham rang-barang qiladi. Bunga biz AQShdagi turnirda ham guvoh bo‘ldik.
Bundan tashqari, transfer kampaniyasi hali tugamaganini ham ta’kidlash kerak, zero Havi Simons va Garnacho «Chelsi»ni yanada kuchliroq qilishi turgan gap.
Dastlabki besh o‘yini: «Kristal Pelas» (uyda), «Vest Hem» (safarda), «Fulhem» (uyda), «Brentford» (safarda), «MYu» (safarda)
«Manchester Yunayted»

Keldi:
Benjamin Sheshko («Leypsig»), 22 yosh – 76 million yevro
Brayan Mbemo («Brentford»), 25 yosh – 75 million yevro
Mateus Kunya («Vulverhempton»), 26 yosh – 74 million yevro
Diyego Leon («Serro Porteno»), 18 yosh – 4 million yevro
Kelishi mumkin: Karlos Baleba («Brayton»)
Ketdi:
Jonni Evans – faoliyatini yakunladi
Kristian Eriksen – erkin agent
Viktor Lindelyof – erkin agent
Markus Reshford («Barselona») – ijara
Ketishi mumkin: Alexandro Garnacho, Antoni, Jyeydon Sancho, Teyrel Malasiya, Rasmus Hoylund, Tibo Kolliyer
Aynan asosiy tarkibga qilinayotgan transferlar borasida «MYu» boshqalardan ustunroq – jamoa hujum uchligini butunlay yangiladi. Bu esa ko‘p mutaxassislar e’tirof etayotganidek boshqa muammoni o‘rtaga chiqarmoqda: Bruno Fernandesh qayerda o‘ynaydi?
Ruben Amorim portugaliyalik yarimhimoyachidan «o‘nlik» sifatida foydalanishda muammo borligini aytgandi: «Bruno bu pozitsiyada yaxshi, lekin u to‘pni axtarib doim orqaga qaytishga majbur bo‘lgani uchun ba’zida oldingi chiziq bo‘shab qolyapti». Endi «o‘nliklar» bor, lekin Brunoga markazni ham ishonish qiyin. U to‘psiz harakatlarda o‘z pozitsiyasini tashlab ketishi, ko‘pincha vaqtida yetib kelishga ulgurmasligi yozgi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham bilindi. Fernandeshni butunlay tarkibdan chiqarib bo‘lmaydi, markazga qo‘yilganda esa, unga eng mos sherik bo‘la oladigan, ikki kishi uchun yuguradigan mehnatkash futbolchi kerak – na Kazemiro, na Maynu, na Ugarte bu hajmni bajara oladi. Klub har qancha mablag‘ sarflab bo‘lsa ham Karlos Balebani qo‘lga kiritishga harakat qilayotganining sababi shu, 3-4-3 sxemasida to‘p bilan yaxshi muomala qiladigan himoyaviy markaziy yarimhimoyachi juda zarur.
Shu bilan birga, tarkibda afrikalik futbolchilar ko‘payib ketayotgani mavsum o‘rtalarida pand berishi mumkin. Qishda Afrika Millatlar kubogi o‘tkaziladi, tasavvur qiling, bir paytda Amad, Mbemo, Mazraviy, Onana va agar Baleba kelsa, u ham o‘sha musobaqaga ketadi. Asosiy tarkibning deyarli yarmi – katta yo‘qotish.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, klub o‘tgan mavsumdagi asosiy muammo – hujum chizig‘iga yetarlicha mablag‘ sarfladi va bu foyda berishi kerak. Hammasi munosabatga bog‘liq. Agar jamoadan yuqori o‘rinlar kutilsa va ilk turlardan g‘alaba talab qilinsa, dastlabki muvaffaqiyatsizliklar ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi, so‘nggi ikki yilda bo‘lganidek hammasi buzilib ketishi mumkin. Xuddi rahbariyat kabi, muxlislar ham vaziyatga adekvat yondashib, hammasiga vaqt kerakligini qabul qilishsa, jamoa bemalol shu mavsumdayoq kuchli beshlik uchun da’vogar bo‘la oladi. Ortig‘i juda qiyin.
Darvoqe, klub bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmayotganini ham qo‘shimcha ustunlik sifatida keltirsa bo‘ladi. Har o‘yin uchun bir haftalik tayyorgarlikka ega bo‘lish – APLning 9 jamoasi orzu qiladigan sharoit.
Dastlabki besh o‘yini: «Arsenal» (uyda), «Fulhem» (safarda), «Byornli» (uyda), «Manchester Siti» (safarda), «Chelsi» (uyda).
«Tottenhem»

Keldi:
Muhammad Quddus («Vest Hem»), 24 yosh – 64 million yevro
Matyuz Tel («Bavariya»), 20 yosh – 35 million yevro
Kevin Danso («Lans»), 26 yosh – 25 million yevro
Palinya («Bavariya»), 30 yosh – ijara
Kelishi mumkin: Savinio («Manchester Siti»)
Ketdi:
Son Xon Min («Los Anjyeles») – 22 million yevro
Piyer Emili Hyoyberg («Marsel») – 13 million yevro
Yevropa Ligasida g‘alaba qozonib, shu orqali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa-da, hozircha klub transferlar bozorida eng passiv bo‘lib turibdi. Son o‘rniga Quddus olib kelindi, Palinya Hyoybergning o‘rnini to‘ldirishi, balki undan yaxshiroq bo‘lishi mumkin, lekin so‘nggi mavsumni 17-o‘rinda egallagan jamoa uchun bu yetarlimi? Tel, Danso kabi futbolchilarga pul sarflandi, to‘g‘ri, ammo bu futbolchilar shundog‘am mavsumning ikkinchi yarmini «Tottenhem» tarkibida ijara asosida o‘tkazgan edi. Bundan tashqari, yetakchi futbolchilar – Kulushevski va Meddison uzoq muddatga safdan chiqishi barcha rejalarni o‘zgartirib yuborgani shubhasiz.
Ammo kuchli oltilik ichida murabbiyi o‘zgargan yagona jamoa ham «Tottenhem». Tomas Frank eng moslashuvchan murabbiy hisoblanadi va ixtiyoridagi futbolchilardan mukammal darajada foydalana olishini «Brentford»da isbotlagan. Nafaqat «Brentford», kuni kecha «PSJ»ga qarshi o‘yin ham ayniqsa top-raqiblarga qarshi «Tottenhem» yetarlicha noqulay bo‘la olishini ko‘rsatdi. Agar jamoa faqat o‘yin oxirida «PSJ»dan ustunlikka ega bo‘lganda, sabab sifatida parijliklarning jismoniy tayyorgarligi hali yetarli emasligini aytish mumkin bo‘lardi, ammo «Tottenhem» ilk daqiqalardan yaxshiroq ko‘rindi. Bu jamoa taktik jihatdan ham Enrike jamoasi bilan teng o‘ynashning uddasidan chiqdi deganidir.
Shuningdek, Posteko‘g‘lining serharakat uslubi juda ko‘p jarohatlarga sabab bo‘layotgan, aslida oxirgi ikki yilda jamoaga eng ko‘p pand bergandi. Agar mana shu jarohatlar kamayib, himoyachilar ichida yo‘qotishlar bo‘lmasa, mana shuning o‘zini ham katta transfer sifatida baholasa bo‘ladi.
Ayni damda klub avval Rodrigo bilan, keyin esa Savinio bilan qiziqayotgani haqida xabarlar chiqdi. Har ikki transfer yetarlicha qimmat va amalga oshirish qiyin bo‘lsa-da, bu holat klubda avgust oxirigacha yana sarflash uchun pul borligini ko‘rsatadi. Yaqin kunlarda «Tottenhem» kattaroq transferga qo‘l ursa ajab emas.
Dastlabki besh o‘yini: «Byornli» (uyda), «Manchester Siti» (safarda), «Bornmut» (uyda), «Vest Hem» (safarda), «Brayton» (safarda).
Mavzuga oid
12:09 / 04.12.2025
«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
13:00 / 01.12.2025
«Real» peshqadamlikni boy berdi, «Arsenal» ham ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
16:06 / 29.11.2025
Londonda derbi, Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
12:24 / 27.11.2025