Iqtisodiyot | 20:05 / 18.08.2025
3459
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Singapur modeli asosida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Singapurga tashrif doirasida "Singapore Cooperation Enterprise", "Sembcorp Industries" va "Wilmar International" kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralarda tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi choralarni belgilab oldilar.

“O‘zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalarida samaradorlikni oshirish dasturini ishlab chiqish, bunda "yagona oyna" mexanizmi, unifikatsiyalangan boshqaruv standartlari, CRM platformasi va zamonaviy infratuzilmani joriy etish, shuningdek, strategik investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, muloqot davomida Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Buning uchun qo‘shma ekspertlar guruhi shakllantiriladi.

Shuningdek, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 1800 ish o‘rni yaratish imkonini beruvchi agrosanoat loyihasini amalga oshirish bo‘yicha choralar belgilandi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid