Sog‘lom hayot | 21:17 / 20.08.2025
23677
8 daqiqa o‘qiladi

“Semirish harakatsizlikka bog‘liqmas, zalga chiqib ham vazn tashlolmayotganlar bor” – diyetolog

So‘nggi yillarda ozish ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tilga olinadigan mavzulardan biriga aylandi. Instagram’da keng targ‘ib qilinadigan reklamalar orqali odamlar ongida vazn tashlash faqat qisqa muddatli “diyeta”, zalga borib shug‘ullanish, ozdiruvchi dori va choylar ichishga bog‘liqdek tasavvur shakllanadi. Aslida esa mazkur usullar faqat tashqi ko‘rinishda tezkor o‘zgarish hosil qiladi, ammo muammoning ildiziga ta’sir etmaydi, ya’ni yog‘ to‘qimalarini parchalamaydi. Shifokor, diyetolog Feruz Yigitaliyev Kun.uz bilan suhbatda semirishning asosiy sabablari va vazn tashlashda qaysi usullar samaraliroq bo‘lishi haqida gapirib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘tgan asrning 60–80 yillarida ortiqcha vazn, ayniqsa, semizlik, deyarli kam uchrardi. Hozir esa nafaqat kattalar, balki bolalarda ham ushbu muammo kuzatilmoqda. Statistik ma’lumotlar so‘nggi 30–40 yil ichida semizlik darajasi global miqyosda ikki baravar oshganini ko‘rsatadi. Xususan, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yildan 2022 yilgacha semizlik bilan yashovchi 5-19 yoshli bolalar va o‘smirlar ulushi butun dunyo bo‘ylab 2-4% dan 8% gacha, semizlik bilan yashaydigan 18 va undan katta yoshdagilar ulushi esa 7% dan 16% gacha ko‘tarilgan.

Ilgari semirish faqat yuqori daromadli mamlakatlarda uchraydigan muammo hisoblangan bo‘lsa, hozirda ayrim o‘rta daromadli davlatlarda ham ortiqcha vazn va semirish darajasi yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etilayotgan holatlar mavjud. Feruz Yigitaliyevning ta’kidlashicha, bunga asosiy sabab odamlarning energiya balansi buzilishida, ya’ni iste’mol qilinadigan kaloriyalar miqdori sarflanadigan energiyadan ortiq bo‘lishidadir.

Bugungi oziq-ovqat bozori tezpishar, shirin va yog‘li mahsulotlar bilan to‘lib-toshgan. Qulayligi sababli bunday taomlar ko‘pchilikning kundalik ratsioniga kirib qolgan. Gazli ichimliklar, shirinliklar, fastfud va yarim tayyor mahsulotlar ko‘p kaloriyaga ega bo‘lib, organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallarni yetarli darajada bermaydi. Natijada energiya tez to‘planadi, ammo sarf bo‘lmaydi”, – deydi diyetolog.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bugungi stresslarga boy hayot tarzida oziq-ovqat faqatgina fiziologik ehtiyojni qondirish vositasi emas, tushkunlikni aritish, kayfiyatni ko‘tarish omiliga ham aylangan. Odamda xafalik holati yuqori bo‘lsa, uning tanasida “emotsional ochlik” yuzaga keladi. Natijada inson och bo‘lmasa ham ovqat yeydi, bu esa ortiqcha kaloriya to‘planishiga sabab bo‘ladi.

Ozish masalasi haqida gap ketganda ko‘pchilik “sport zalida soatlab shug‘ullanish yoki kuniga o‘nlab kilometr yugurish kerak, shunda natijaga tezroq erishaman”, deb o‘ylaydi. Aslida esa kaloriya yo‘qotishning atigi 5 foizigina jismoniy faollikka bog‘liq. Bu, albatta, ko‘p harakatlilikning foydasini inkor etmaydi, lekin vazn kamaytirishda asosiy omil to‘g‘ri taom tanlash va porsiyani nazorat qilishga bog‘liq”, – deydi Feruz Yigitaliyev.

Diyetolog sog‘lom ozish mavzusiga to‘xtalar ekan, ongli tarzda vazn tashlash uchun insonning qabul qilayotgan kaloriyasidan sarf qilayotgani ko‘p bo‘lishiga ahamiyat berilishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, non mahsulotlari, gazli ichimliklarni iste’mol qilib ham vazn tashlash mumkin, bunda miqdorni ozaytirish va aynan o‘sha mahsulotlarning zararsiz, alternativ variantlaridan foydalanish talab etiladi.

Kimgadir nonni umuman yema, kolani ratsioningdan butunlay chiqarib tashla deb, uni ozdira olmaysiz. Organizm bu taqiqqa 3 kun, nari borsa 1 hafta chidashi mumkin, lekin vaqt o‘tib mazkur “qarzdorlik”ni foizlari bilan qaytaradi. Ya’ni organizm taqiqlangan mahsulotni yanada kuchliroq istay boshlaydi. Natijada odam nafsini tiya olmay, belgilangan “chegarani” buzadi va ko‘p miqdorda o‘sha mahsulotni iste’mol qiladi. Bu psixologiyada “cheklov paradoksi” deb ataladi — qanchalik ko‘p taqiqlasangiz, shunchalik qattiq xohlaysiz.

Ongli ozishda esa taqiqlar emas, tanlov ustiga quriladigan yondashuv tavsiya etiladi. Masalan, ratsiondan nonni butunlay chiqarib tashlash o‘rniga uning miqdorini kamaytirish yoki oq unli nonni qora yoki butun donli non bilan almashtirish mumkin. Shirin ichimliklarni esa haftada bir marta “zavq” sifatida iste’mol qilish, qolgan paytda ularning o‘rniga suv yoki tabiiy limonad ichish lozim”, – deydi shifokor.

Uning ta’kidlashicha, diyetalar har doim ham samara bermaydi, chunki ularning aksariyati qisqa vaqt ichida erishiladigan natijaga qaratilgan va insonning uzoq muddatli ovqatlanish odatlarini o‘zgartirmaydi. Taomlanishdagi kuchli cheklovlar, sevimli taomlardan butunlay voz kechish, kaloriyani keskin kamaytirish organizmni “stress rejimi”ga olib kiradi. Bu holatda metabolizm sekinlashadi, mushak massasi kamayadi, lekin yog‘ zaxiralari saqlanib qoladi. Natijada, diyeta tugagach, odam avvalgi odatlariga qaytadi va yo‘qotilgan vaznni ikki barobarga ko‘paytirib oladi.

Shifokor ijtimoiy tarmoqlarda “tez ozdirish”ni va’da qilib targ‘ib etilayotgan usullar va ularning organizmga qanday ta’sir ko‘rsatishiga ham izoh berdi:

Massaj ozishda qo‘shimcha vosita sifatida ishlatiladi, qon aylanishini yaxshilaydi, limfa oqimini faollashtiradi va teri osti suyuqliklarining tarqalishiga yordam beradi. Lekin u yog‘ hujayralarini bevosita yo‘q qilmaydi, shunchaki tana shaklini biroz yaxshilaydi va shishlarni kamaytiradi. U faqatgina to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik bilan birga samara berishi mumkin.

Ozdiruvchi choy va preparatlar ko‘pincha diuretik yoki laksatif (ich suruvchi) ta’sirga ega bo‘ladi. Bu vositalar organizmdan suyuqlikni chiqaradi, biroq yog‘ massasini kamaytirmaydi. Oqibatda insonda bir necha kun ichida vazn kamaygandek tuyuladi, lekin bu aslida tanada suv yo‘qotilishi bo‘ladi. Suyuqlik qayta to‘planganda, vazn ham qaytadi. Bunday preparatlarni uzoq muddat davomida iste’mol qilish elektrolit balansining buzilishi va turli sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin.

Lipolitik inʼeksiyalar yog‘ hujayralarini kimyoviy moddalar yordamida parchalash usuli hisoblanadi. Ular, asosan, yuz va tananing kichik sohalariga (masalan, iyak osti, bel yonlari) qo‘llanadi. Natija esa seanslar soni va organizmning individual reaksiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Lipolitiklar jarrohlik aralashuvisiz tanani shakllantirishga yordam beradi, ammo katta miqdorda yog‘ to‘planishini bartaraf etishda ularning samarasi cheklangan.

Liposaksiya jarrohlik yo‘li bilan yog‘ni mexanik tarzda so‘rib olish usuli bo‘lib, u qisqa vaqt ichida sezilarli vizual o‘zgarish beradi, lekin hayot tarzi to‘g‘rilanmasa, yog‘ qayta to‘planadi. Shuningdek, liposaksiya vazn yo‘qotish vositasi emas, balki tananing muayyan qismlaridagi yog‘ni kamaytirish uchun ishlatiladi. Operatsiya infeksiya tushishi kabi ma’lum xavflarni yuzaga keltirishi mumkin.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Jurnalist: Diyoraxon Nabijonova
Operatorlar: Boymirza Halilov, Bobur Anvarov
Montaj ustasi: Abdulloh Hasanov

Mavzuga oid