Iqtisodiyot | 20:11 / 21.08.2025
37925
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 3 ta yirik oltin koni auksion orqali sotildi. Ularni kimlar xarid qildi?

Oxirgi 3 kun ichida Navoiy viloyatidagi «Temirchi» va «Pirali» Toshkent viloyatidagi «Terekli» oltin konlari umumiy hisobda 20 mln dollarga sotildi. Lotlardan birida savdo deyarli bir sutka davom etib, aktiv bahosi boshlang‘ich narxdan 24 barobargacha qimmatladi.

Foto: E-Auksion

«Temirchi» oltin koni 

Dastlab 18 avgust kuni E-Auksion platformasida Navoiy viloyati, Nurota tumanida joylashgan «Temirchi» oltin koni sotildi. Uning maydoni 249 gektar bo‘lib, taxminiy oltin zaxiralari 6 tonna deb baholangan.

Kon 4 mlrd 120 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi. Qariyb 12 soat davom etgan savdo jarayonida aktiv 67 mlrd 780 mln so‘mga sotildi. Bu – lotning umumiy boshlang‘ich qiymatidan 16,5 barobarga ko‘p.

Yakunda lotni «Zauris» MChJ yutib oldi. Ushbu korxona 2025 yilning 4 iyul kuni Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – rangli metall rudalarini qazib olish. Ustav fondi – 10 mln so‘m.

Kompaniyaning 100 foiz ulushi Fayziyeva Feruza Tohir qiziga tegishli. Rahbar sifatida ham Feruza Fayziyeva ko‘rsatilgan.

«Terekli» oltin koni

19 avgust kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Terekli» koni sotuvga qo‘yildi. Kon Shaugaz qishlog‘idan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, maydoni 65 gektarga teng, taxminiy oltin zaxiralari esa 2 tonna deb baholangan.

Qariyb 12 soat davom etgan savdolar yakunida 81 mlrd 790 mln so‘m taklif bilan «Toyloq Toza Hudud» MChJ g‘olib deb topildi. Bu miqdor lotning boshlang‘ich narxidan (4 mlrd 120 mln so‘m) 19,8 barobarga ko‘p.

Xaridor – «Toyloq Toza Hudud» kompaniyasi 2021 yilning 10 mart kuni Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – ko‘p kvartirali uylar va turar joylarni ijaraga berish va boshqarish. Ustav fondi – 67,8 mlrd so‘m.

Tashkilotning 100 foiz ulushi Marupov Baxtiyor Maxmudovichga tegishli. Rahbar sifatida Rasulov Ulug‘bek Jamoliddinovich ko‘rsatilgan.

«Pirali» oltin koni

21 avgust kuni Navoiy viloyati, Navbahor tumanida joylashgan «Pirali» uchastkasi 99 mlrd 95 mln so‘mga sotildi. Bu aktivning boshlang‘ich narxidan 24 barobar ko‘p. Savdolar 23 soat 29 daqiqa davom etdi va 461 qadamdan so‘ng yakunlandi. G‘olib «NBK 111» MChJ.

«Pirali» maydoni 484 gektarga teng, taxminiy oltin zaxiralari esa 2,4 tonna deb baholangan.

Xaridor – «NBK 111» MChJ 2024 yil may oyida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – rangli metall rudalarini qazib olish. Ustav fondi – 1 mlrd so‘m. 

Tashkilotning 60 foiz ulushiga Pulatov Nurmaxammad Komilovich, 40 foiz ulushiga esa Xitoy fuqarosi Chjan Tsyan egalik qiladi. Rahbar sifatida Tojiboyev Farxod Odilovich ko‘rsatilgan.

Endilikda investorlar qo‘lga kiritilgan uchastkalardan 3 yil davomida oltin qidirish huquqiga ega. Ular qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida olishi kerak. Qazib olingan qimmatbaho metallar aralashmasining barchasini, jumladan, sof holda topilganlarini ham qabul kassalariga topshirish majburiyati yuklatilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatiga 2019 yilda ruxsat berilgan, o‘sha yili foydalanishga beriladigan oltin uchastkalarining ilk ro‘yxati tasdiqlanib, unga Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi 400 dan ortiq yer maydoni kiritilgandi.

Mavzuga oid