Jamiyat | 19:29 / 22.08.2025
5111
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 50 sotix yerni 4 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular 200 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Foto: DXX

Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida qurilish obektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MChJning ofis menejeri hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro o‘zaro til biriktirib, aldov yo‘li bilan tadbirkorning ishonchiga kirishadi.

Ular Mirzo Ulug‘bek tumanidagi o‘zlariga tegishli bo‘lmagan 50 sotix yer maydonini tadbirkorga 4 mln AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan avans sifatida 100 ming AQSh dollari, shuningdek, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ushbu obektni noturar toifadan turar toifaga o‘tkazib berish hamda u yerda kottej tipidagi uy qurishi uchun ruxsatnoma olish, arxitektura va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa tegishli ishlarni bajarib berish evaziga 200 ming AQSh dollari so‘rab, oldindan 100 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular 200 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy sheriklarini shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid