Birinchi bo‘lish jasorati: qoidalarni o‘zgartirgan ayollar
Tarixni varaqlaganda ko‘pincha “birinchi” so‘zi bilan boshlangan hikoyalarga duch kelamiz. Bu so‘zning ortida jasorat, kurash va insoniyatni yangi davrga olib kirgan qadamlar yotadi. Ayniqsa, ayollarning “birinchilari” - faqat o‘z taqdirini emas, balki jamiyat qarashlarini ham o‘zgartirgan burilish nuqtalaridir.
Atlantikani yakka o‘zi kesib o‘tgan ilk ayol uchuvchi
1932 yilning sovuq tongida Ameliya Erxart samolyotini osmonga ko‘targanida, dunyo hali ayol uchuvchining Atlantikani yakka o‘zi kesib o‘tishiga ishonmas edi. Bu parvoz 15 soatdan ortiq davom etdi va og‘ir ob-havo sharoitlariga qaramay, u muvaffaqiyatli yakunlandi. Erxartning jasorati nafaqat aviatsiya tarixida, balki ayollarning imkoniyatlari borasida ham yangi davrni boshlab berdi. U o‘z davrida ko‘plab ayollarni “erkaklar sohasi” hisoblangan aviatsiyaga qadam qo‘yishga ruhlantirdi.
Ilk ayol shifokor

Elizabet Blekvell AQShda tibbiyot diplomini olgan ilk ayol sifatida tarixga kirdi. O‘sha davrda universitetlarning eshiklari ayollarga yopiq edi, biroq u qarshiliklarga qaramay 1849 yilda Geneva Medical’ni tamomlab, shifokorlik guvohnomasini oldi. Keyinchalik u ayollar uchun klinikalar ochdi, tibbiy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirdi va yuzlab yosh ayollarga shifokorlikka kirish yo‘lini ochib berdi.l



Birinchi ayol kosmonavt
1963 yilda Valentina Tereshkova “Vostok-6” kemasida koinotga uchib, tarixda kosmosga chiqqan ilk ayol bo‘ldi. Uning parvozi 3 kun davom etdi va Yer atrofini 48 marta aylanishga muvaffaq bo‘ldi.
Tereshkovaning uchishi nafaqat ilmiy yutuq, balki jamiyat uchun ham kuchli ramzga aylandi. U oddiy ishchi oilasidan chiqqan, ilgari mato fabrikasi ishchisi bo‘lgan qiz edi. Uning koinot sari ko‘tarilishi ayollarning “imkonsiz” degan tasavvurini butkul buzib tashladi.
Birinchi ayol advokat
XIX asrning ikkinchi yarmida AQSh sud zallari va universitet auditoriyalari asosan erkaklarga tegishli edi. Bu tartibni buzishga jur’at qilganlardan biri - Arabella Mensfild bo‘ldi. 1869-yilda u advokatlik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, huquqiy amaliyot olib borishga ruxsat oldi.
O‘sha vaqtda qonunlarda ochiqchasiga “faqat erkaklar advokat bo‘la oladi” degan band bor edi. Mensfildning jasorati tufayli bu cheklov qayta ko‘rib chiqildi va huquq sohasida ayollar uchun ham imkoniyat yaratildi.


Nobel mukofotini olgan ilk ayol olim
Mari Kyuri 1903 yilda turmush o‘rtog‘i Per Kyuri bilan birgalikda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Oradan sakkiz yil o‘tib, u kimyo bo‘yicha Nobelni qo‘lga kiritgan yagona ayol sifatida tarixda qoldi. Bu natija hali-hanuz takrorlanmagan noyob rekorddir.
Kyuri poloniy va radiy elementlarini kashf etib, radioaktivlik nazariyasini ilm- fanga olib kirdi. Uning ishlari tibbiyotda rentgen apparatlarining joriy etilishiga va saratonni davolashda qo‘llanadigan yangi usullar paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi.
Tarixda birinchi mashhur ayol rassom

Barokko davrida san’at sahnasiga chiqqan Artemiziya Djyentileski tarixda nomi keng tan olingan ilk ayol rassom sifatida eslanadi. U o‘z asarlarida kuchli dramatizm, yorqin his-tuyg‘ular va ayol obraziga berilgan yangi qarashni aks ettirdi. Djyentileski san’at olamida “birinchi” bo‘lish orqali keyingi avlod rassom ayollari uchun yo‘l ochib berdi.

Birinchi ayol Olimpiada chempioni
1900 yil Parijda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida tarixiy voqea bo‘ldi - ilk bor ayollarga ham qatnashishga ruxsat berildi. Shu musobaqada shveysariyalik aristokrat ayol Elen de Portales yelkanli sportda erkak hamkasblari bilan birga ishtirok etdi va jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. U nafaqat sport tarixida, balki ayollarning Olimpiadadagi “birinchi g‘alaba ramzi” sifatida eslanadi. Qiziq tomoni shundaki, u g‘alaba qozongan vaqtda hatto ko‘pchilik Olimpiadada ayol sportchilar borligidan ham bexabar edi.