Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Emina Erdo‘g‘an G‘azoda azoblanayotgan bolalar haqida Melaniya Trampga xat yozdi
AQShning birinchi xonimi Ukrainadagi urushda 648 bolaning halok bo‘lishi yuzasidan Putinga xat yo‘llagandi. Shu xat sabab bo‘lib, Turkiyaning birinchi xonimi Amerika prezidentining rafiqasiga maktub yo‘lladi va undan 18 ming bola jon bergan G‘azodagi qolgan bolalarning hayotini saqlab qolishda hissa qo‘shishni so‘radi.
Foto: Anadolu Agency
Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an G‘azodagi gumanitar inqiroz yuzasidan AQSh birinchi xonimi Melaniya Trampga maktab yo‘lladi.
Amerika prezidentining rafiqasi avvalroq ukrainalik bolalar taqdiri haqida Rossiya prezidentiga xat yozgandi. Emine Erdo‘g‘an esa Melaniya Trampga yo‘llagan maktabida undan G‘azodagi vaziyatga ham befarq bo‘lmaslikka chaqirgan.
Turkiya prezidentining rafiqasi o‘z xatining kirish qismida oradan 6 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Melaniya Tramp bilan Oq uydagi suhbatidan iliq xotiralari qolganini yozgan. Emine Erdo‘g‘anga ko‘ra, Melaniya Trampning Vladimir Putinga xat yozgani uning hozirgi voqealarga befarq emasligini ko‘rsatadi.
“O‘z xatingizda ta’kidlaganingizdek, bolalarning mehrli va xavfsiz muhitda ulg‘ayish huquqi – umumbashariy va shak-shubhasizdir. Va bu huquq biror bir geografik hudud, irqiy yoki etnik mansublik, diniy guruh yoki mafkuraning imtiyozi emas. Shunday ekan, mazlumlarni, bu huquqdan mahrum bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash – eng avvalo insoniyat oldidagi ulkan mas’uliyatni ado etish demakdir. Ukrainadagi urushning halokatli oqibatlari sabab barbod bo‘lgan umrlar, ajralib ketgan oilalar va yetim bo‘lib qolgan bolalarga ayniqsa lider insonning rafiqasi sifatida siz namoyon qilgan dilgirlik – qalblarda umid uyg‘otadigan tashabbusdir”, – deya yozgan Emina Erdo‘g‘an.
“Sizning “ovoz chiqarib kulolmayotgan” ukrain bolalariga shodon kulgilarni qaytarish haqidagi iltimosingiz juda katta ahamiyatga ega. 648 nafar ukrainalik bolaning urush vaqtida halok bo‘lishi sizni qanchalik tashvishga solgan bo‘lsa, G‘azoda ikki yil davomida 62 ming begunoh tinch aholi, jumladan 18 ming bolaning vahshiylarcha o‘ldirilgani ham sizni undan-da ko‘proq tashvishlantirishiga ishonchim komil”, – degan o‘z xatida Turkiyaning birinchi xonimi.
Emina Erdo‘g‘an maktubining davomida G‘azo bo‘lgasi bemisl shafqatsizlik va zamonaviy dunyodagi eng ayanchli genotsid maydoniga aylanib qolganini yozadi.
“BMT Bolalar fondi har 45 daqiqada bir bola halok bo‘layotgan G‘azoda yer ustini bolalar uchun “jahannam”, yer ostini esa “bolalar qabristoni” deb ta’riflayapti. Urushlarda shaxsi aniqlanmagan harbiylarga nisbatan ishlatiladigan “noma’lum askar” atamasi qachondir bolalarga nisbatan ham ishlatilishini tasavvur qila olasizmi?” – deya savol bergan prezidentning rafiqasi.
Erdo‘g‘anning yozishicha, bugungi kunda oilasiz qolib halok bo‘lgan, hatto ismini ham aniqlashning imkoni bo‘lmayotgan g‘azolik bolalarning kafanlariga “noma’lum go‘dak” deya yozishga to‘g‘ri kelayotgani – insoniyat vijdoniga o‘chirib bo‘lmas dog‘ bo‘lib tushyapti.
Turkiyaning birinchi xonimi nafaqat Ukraina bolalari, balki Falastin farzandlari ham xuddi shunday quvonch, erkinlik va yorug‘ kelajakka munosibligiga urg‘u bergan.
“Agar siz G‘azodagi gumanitar inqirozga chek qo‘yish haqida qat’iy chaqiriq bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga xat yo‘llasangiz, bu juda katta ahamiyat kasb etgan bo‘lardi. Dunyo ommaviy uyg‘onishni boshdan kechirayotgan, Falastinni tan olish umumbashariyat irodasiga aylanayotgan hozirgi kunlarda, aminmanki, sizning G‘azoni himoya qilish haqidagi chaqirig‘ingiz Falastin xalqi oldidagi tarixiy mas’uliyatni ado etish bo‘ladi”, – deyiladi maktubda.
“335 marta o‘q uzilgan 6 yashar Hind Rejyep, bobosi vidolashish vaqtida o‘pib qo‘ygan uch yashar Rim va ular kabi 18 885 nafar bola uchun endi juda kechdir balki. Lekin G‘azoda omon qolishning uddasidan chiqayotgan milliondan ortiq bola uchun bizda hozir ham imkoniyat bor. Vaqt allaqachon kelgan”, – deya o‘z xatini yakunlagan Emina Erdo‘g‘an.
Mavzuga oid
14:45
Samarqand elektr tarmoqlari Turkiya kompaniyasiga operatsion boshqaruvga beriladi
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51