Sport | 19:19 / 23.08.2025
5839
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston MOQ va futbol assotsiatsiyasi rahbariyati “Manchester Siti“ klubining infratuzilmasi bilan tanishishdi

Tashrif doirasida ingliz klubi tajribasini Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazida tatbiq etish borasida fikr almashildi.

Foto: MOQ

Angliyaning Manchester shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, tashkilot bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamolov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov “Manchester Siti” klubining shtab-kvartirasi hamda jamoa akademiyasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mutasaddilar klub tarixi va uning tizimi bilan yaqindan tanishishdi.

“Jamoa mutaxassislari o‘zbekistonlik rasmiylarga klubning marketing, akademiya faoliyati va undagi futbol ta’limi, xalqaro aloqalar, seleksiya va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, ingliz klubi tajribasini Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazida tatbiq etish borasida fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Tashrif yakunida rasmiylar “Manchester Siti” jamoasining mashg‘ulot bazasini ko‘rishdi. Shu yerning o‘zida klub bosh murabbiyi Hosep Gvardiola hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi va «shaharliklar» himoyachisi Abduqodir Husanov bilan suhbat tashkil etildi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid