Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Rossiya va Eron hech qachon haqiqiy ittifoqchi bo‘lmagan” - siyosatshunos
Rossiya Isroil–Eron urushi paytida Isroilga razvedka ma’lumotlarini bergan bo‘lsa, bu – bir-birining dushmaniga yordam bermaslik haqidagi shartnoma Moskva tomonidan buzilganini anglatadi, deydi Farhod Karimov. Eron Rossiyaga ortiqcha ishonib yuborganini tushunmoqda, Rossiya endi strategik jihatdan Eronni yo‘qotdi, deydi Jahongir Akramov.
Eronning siyosiy maqsadga muvofiqlikni aniqlash kengashi a’zosi Said Muhammad Sadr televideniyega bergan intervyusida Eron havo mudofaa tizimlari haqidagi razvedka ma’lumotlari Rossiya tomonidan Isroilga berilganini da’vo qildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi strategik yaqinlik haqida savollar uyg‘otmoqda.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Farhod Karimov va Jahongir Akramov bu boradagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
Farhod Karimov: Bu holat asosan Eron nashrlarida keng yoyildi, G‘arb va Yevropa OAVlari u qadar katta e’tibor qaratmadi, Rossiya esa rasmiy munosabat bildirmadi. 2025 yil 17 yanvarda Rossiya va Eron o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi qayta imzolangan edi. Ammo shartnomada muhim bir band harbiy yordam haqida, ya’ni urush holatida bir-birining mudofaasini kafolatlash majburiyati qismi chiqarib tashlangan edi. Ayniqsa, Rossiyaning Eronni himoya qilish majburiyatidan voz kechgani savollar uyg‘otdi.
Shu bilan birga, shartnomada “uchinchi davlatga yordam bermaslik” bandi qoldirilgan edi. Bu degani, Rossiya ham, Eron ham bir-birining raqibiga yordam bermasligi kerak edi. Rossiyaning Eron mudofaa tizimlari joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni Isroilga bergani haqidagi da’vo esa aynan shu bandga zid. Bu – Eronning Rossiyadan noroziligini ko‘rsatmoqda.
Eron Rossiyadan Su-35 qiruvchi samolyotlarini so‘ragan, ammo ular berilmadi. Bundan tashqari, Rossiyaning Isroil bilan iliq munosabatlari ham Eronni bezovta qilmoqda. Masalan, Putin va Netanyahu o‘rtasidagi yaqin aloqalar Rossiyaning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasini anglatadi.
Aftidan, Rossiya Eron bilan munosabatlarda Yaqin Sharqni emas, Kaspiy dengizi va Kavkaz mintaqasini asosiy o‘ringa qo‘ymoqchi.
Bu holatlar fonida Eron Janubiy Kavkaz, xususan Zangezur koridori bo‘yicha G‘arb bilan yaqinlashishga urinmoqda. Armaniston bosh vaziri bilan uchrashuvlardan so‘ng G‘arb bilan hamkorlik uchun zamin yaratilayotgandek ko‘rinmoqda. Eron hozirda bu yo‘lni tanlasa, Rossiyaga qarshi asosli da’volar keltirish uchun “psixologik muhit” yaratmoqda.
Shunga o‘xshash vaziyatni oldin ham ko‘rganmiz: Rossiya Turkiyaga NATO a’zosi bo‘lishiga qaramay S-400 sotgan. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, Rossiya uchun strategik hamkorlikdan ko‘ra, siyosiy va iqtisodiy pragmatizm muhimroq.
Jahongir Akramov: Eron oliy diniy rahbariyatiga yaqin bo‘lgan guruhlar so‘nggi voqealar fonida ochiqchasiga real siyosat zaruratlarini tushunayotganini bildirmoqda. Ular Rossiyaning Isroilga nisbatan iliq munosabati – Eronning geosiyosiy yolg‘izligini ochiq ko‘rsatib berganini tan olmoqda.
Tarixiy nuqtayi nazardan, arab davlatlarini ilgari Sovet Ittifoqi qo‘llab-quvvatlagan. Hozirgi Rossiya esa aksincha Isroil bilan yaqin. Sababi oddiy: Rossiya Isroil orqali AQShdagi yahudiy lobbisidan foydalanib, G‘arb bilan munosabatlarini tartibga solmoqchi. Shu sababli, u Isroil manfaatlarini ko‘proq inobatga olmoqda.
Shuni ham eslash kerakki, Isroil davlatining tashkil topishida Iosif Stalin muhim rol o‘ynagan. Bugun esa Rossiya Yaqin Sharqdagi faolligini kamaytirib, o‘z diqqatini Ukraina masalasiga qaratmoqda. Bu esa Eron uchun xavotirli signal bo‘ldi. 12 kunlik urush davomida Eron juda muhim bir haqiqatni tushundi: u yolg‘iz. Hatto AQSh va Isroildan uchirilgan raketalar Eronga qo‘shni arab davlatlaridan uchib kelgani Tehron uchun alamli haqiqat bo‘ldi. Bu holat Eron jamiyatida yangi identitet shakllanishiga turtki bo‘lmoqda, diniy mafkura emas, milliy manfaatlar birinchi o‘ringa chiqyapti: “Biz avvalo eronlikmiz”.
Eron, shuningdek, 2022 yildan beri Rossiyaga haddan tashqari ishonib yuborganini tushuna boshladi. Rossiya Eron ishlab chiqargan “Shahed” dronlaridan urushning ilk bosqichida katta foyda ko‘rdi. Ularning yordami bilan Rossiya Ukraina frontida o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi. Keyin esa Qozonda zavod qurib, ularni o‘zida ishlab chiqarishga o‘tdi. Endi Eronga ehtiyoj qolmadi.
Bundan tashqari, Rossiya Isroil bilan urush vaqtida Eron ustidan uchgan 120 dan ortiq Isroil samolyotiga qarshi hech qanday harakat qilmadi. Eronga Rossiya yetkazib bergan S-300 havo mudofaa tizimi ishlamadi. Harbiy ekspertlar bu tizim masofadan o‘chirib qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ayni paytda Rossiya Turkiya va Hindistonga S-400 berayotgan bo‘lsa-da, Eron strategik ittifoqchi bo‘lishiga qaramay, bu texnologiyalardan mahrum.
Tarixga nazar tashlasak, Rossiya va Eron hech qachon haqiqiy ittifoqchi bo‘lmagan. 19-asrda ham Rossiya Eron ichki ishlariga aralashgan, Griboyedov voqeasi (Eron hukumati rus elchisi Griboyedovni nafaqat diplomat, balki Rossiya imperiyasining ta’sirini kuchaytirishga xizmat qiluvchi maxfiy agent sifatida ham ko‘rgan – tahr.) bunga yaqqol misol. Hozir esa Eron rahbariyati Rossiyaga haddan ortiq tayanib, katta strategik xatoga yo‘l qo‘ydi.
Endilikda bu yo‘ldan qaytish ehtiyoji yaqqol sezilmoqda. Rossiya qisqa muddatda Isroilga yaqinlashish orqali, AQSh bilan yashirin aloqalarni mustahkamlashga urinmoqda. Isroil, ayniqsa Netanyahu, AQSh siyosatida, jumladan, Tramp bilan munosabatlarda muhim o‘rin tutadi. Rossiya ham shuni inobatga olgan holda Isroilga yon bermoqda. Ammo bu bilan Rossiya strategik jihatdan Eronni yo‘qotdi. Eng muhimi, Eron jamoatchiligi Rossiyaga bo‘lgan ishonchni butkul yo‘qotdi.
Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
11:20 / 30.11.2025
“KXShT murakkab geosiyosiy inqirozda” - Rabbimov
23:44 / 28.11.2025