Ko‘chmas mulk | 19:18 / 28.08.2025
1553
1 daqiqa o‘qiladi

Britaniya kompaniyasi Toshkentda qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodi quradi

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga ko‘ra, poytaxtda ixtisoslashtirilgan poligonning mavjud emasligi sababli qurilish chiqindilari turli joylarga tashlab ketilyapti. Ushbu muammoni hal qilish uchun Britaniya kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilyapti.

Foto: Getty images

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning ta’kidlashicha, poytaxtning asosiy muammolaridan biri qurilish chiqindilaridir. Shaharda har kuni 5−6 ming tonnaga yaqin bunday chiqindilar hosil bo‘ladi.

“Toshkent shahrida qurilish chiqindilari uchun maxsus poligon yo‘q, mavjudi ham juda uzoqda. Shu tufayli qurilish chiqindilari u-bu joyga tashlab ketilmoqda”, — dedi u O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Toshkentda yoki poytaxt yaqinida qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodini qurishga ruxsat bergan.

Hozirda hokimlik Britaniya kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Loyiha qurilish chiqindilarini qayta ishlash va ulardan ikkilamchi taxta, inert va metall materiallar olish imkonini beradi. Hokim bu masalani hal qilish bilan juda katta imkoniyat yaratilishini ta’kidladi.

 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid