Sport | 22:35 / 02.09.2025
9812
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy jamoasi Sergeyevning dubli evaziga Turkmanistonni mag‘lub etdi

Toshkentda CAFA Nations Cup-2025 turniri davom etmoqda. O‘zbekiston milliy jamoasi 2-turda g‘alabaga erishdi va finalga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda o‘tayotgan CAFA Nations Cup-2025 turniri doirasida Turkmaniston bilan o‘ynab, Igor Sergeyevning ikkita goli evaziga g‘alaba qozondi.

«Paxtakor» hujumchisi 37-daqiqada Ruslan Jiyanovning uzatmasini golga aylantirdi, 44-daqiqada esa penaltidan foydalanib, dublni rasmiylashtirdi.

59-daqiqada O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Farruh Sayfiyev to‘pni ushlab olgan raqib darvozaboni boshiga bexosdan tepgani uchun maydondan chetlatildi. O‘yin oxirida Turkmaniston ham o‘z golini urishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu natijadan so‘ng, O‘zbekiston milliy jamoasi ochkolari sonini 4 taga yetkazib, O‘mon bilan birga 1-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Qirg‘iziston va Turkmaniston hisobida 1 ochkodan bor.

5 sentabr kungi so‘nggi turda O‘zbekiston Qirg‘izistonga qarshi, O‘mon Turkmanistonga qarshi o‘ynaydi.

Musobaqaning B guruhi o‘yinlari Tojikistonda o‘tkazilyapti. Guruhda Eron 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Hindiston va Tojikiston hisobida 3 ochkodan bor, Afg‘oniston hozircha ochkosiz.

Guruhda 1-o‘rinni olgan jamoalar finalga, 2-o‘rinni olgan jamoalar 3-o‘rin uchun bahsga yo‘l oladi.

CAFA Nations Cup-2025
2 sentabr, Toshkent, «Olimpiya» stadioni

A guruhi. 2-tur
O‘zbekiston — Turkmaniston 2:1
Gollar: Igor Sergeyev (37, 44 pen) — Didar Durdiyev (84 pen).

Mavzuga oid