Sport | 22:31 / 08.09.2025
21291
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etib, CAFA-2025 kubogini qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston milliy jamoasi qariyb butun o‘yin davomida raqibdan bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynadi, ammo g‘alaba golini so‘nggi daqiqada urdi. Keskin kurashlarga boy o‘yinda muxlislar qizil karta va amalga oshirilmagan penaltini ham ko‘rdi. O‘zbekiston Eronga qarshi g‘alabasiz o‘yinlardan iborat 13 yillik noxush an’anani buzdi.

CAFA Nations Cup-2025. Final
8 sentabr. Toshkent
O‘zbekiston – Eron 1:0
Gol: Alijonov 119.
O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov (Vladimir Nazarov 54), Hojiakbar Alijonov, Muhammadqodir Hamraliyev, Otabek Shukurov (Akmal Mozgovoy 80), Odil Hamrobekov (Jamshid Iskanderov 80), Eldor Shomurodov, Aziz Turg‘unboyev (Igor Sergeyev 46), Abbos Fayzullayev, Husniddin Aliqulov, Dilshod Komilov (Alibek Davronov 101), Ruslan Jiyanov (Oston O‘runov 46).

Toshkentda CAFA Nations Cup-2025 turniri yakunlandi. 8 sentabr kuni finalda O‘zbekiston va Eron milliy jamoalari to‘qnash keldi.

O‘yin Eron milliy jamoasi uchun muvvafaqiyatsiz boshlandi. 5-daqiqadayoq himoyachi Oriyo Yusufiy raqibi Abbos Fayzullayevga qarshi qo‘pol o‘ynagani tufayli qizil kartaga loyiq ko‘rilib, maydondan chetlatildi.

Biroq, deyarli butun o‘yin davomida bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynagan mezbonlar bu imkoniyatdan foydalanishda muammolarga duch keldi. Eron tartibli himoyalanib, xavfli qarshi hujumlarni uyushtirib turdi. O‘zbekiston milliy jamoasi hujumlari ham ba’zida xavfli bo‘ldi, ammo yakuniy zarbalarga aniqlik yetmadi.

Asosiy vaqt golsiz yakunlangach, qo‘shimcha taymlar belgilandi. Uning 15-daqiqasida Eldor Shomurodov penaltini aniq amalga oshirolmadi. Uning kuchli zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi.

O‘yin penaltilar seriyasiga yaqinlashayotgan bir paytda O‘zbekiston g‘alaba golini urishga erishdi. 120-daqiqada qanotdan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni Hojiakbar Alijonov boshi bilan raqib darvozasiga yo‘lladi.

Eron so‘nggi soniyalarda hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Ammo Mahdiy Torimiy qulay vaziyatdan foydalana olmadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston ikkinchi CAFA Nations Cup-2025 turniri g‘olibi bo‘ldi. Birinchi turnir 2023 yilda o‘tkazilgan va O‘zbekiston finalda aynan Eronga 0:1 hisobida yutqazgan edi.

Uchinchi o‘rin uchun bahs Tojikistonning Hisor shahrida Hindiston va O‘mon o‘rtasida o‘tkazildi. O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlari 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyada Hindiston g‘olib chiqdi – 3:2.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston uchun Eron «tish o‘tmas» raqiblardan biri hisoblanadi. Bungacha milliy jamoalar 16 marta bir-biriga to‘qnash kelgan va Eron 10 marta g‘alaba qozonib, 5 o‘yin durang bilan yakunlangan. O‘zbekistonning yagona g‘alabasi 2012 yilda, Tehronda 1:0 hisobida qo‘lga kiritilgan edi.

Mavzuga oid