Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta oxirida harorat pasaya boshlaydi
Shanba kuni harorat +30…+39 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanbadan hududlarda havo salqinlasha boshlaydi, harorat +25 darajagacha tushishi mumkin. Keyingi hafta boshida ham O‘zbekistonga salqin havo kirib kelishi davom etadi.
Yakshanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha harorati pasaya boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Juma va shanba kunlari respublikaning katta qismida quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati +30…+35 daraja atrofida, janubda kunduzi +37…+39 darajagacha bo‘ladi.
Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Kunduzgi harorat +20…+25 darajagacha pasayadi.
12 sentabr kuni kunduzi shimolda va cho‘l hududlarda, dam olish kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Yakshanba kuni havo harorati kunduzi +25…+30 darajadan, janubda +33…+35 darajadan yuqori bo‘lmaydi.
Toshkent shahrida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Kunduzi havo harorati juma kuni +33…+35 daraja, shanba kuni +31…+33 daraja, yakshanba kuni +27…+29 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +16…+19 daraja bo‘ladi.
Keyingi haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududiga salqin havo kirib kelishi davom etadi. Havo harorati kechalari +10…+15 darajagacha, kunduz kunlari +20…+25 darajagacha pasayadi. Respublikaning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.