Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jamiyatning sukunati oshkora qotillikdir
Butun shahar qotillik bo‘lishi haqida oldindan bilardi, ammo hech kim og‘iz ochmadi. “Nega men, boshqalarchi?” deb hamma masalani o‘zidan uzoqlashtirdi. Aybi bor-yo‘qligi noma’lum yigit omma oldida "samosud" qilindi - qatl etildi. Loqaydlikka botgan jamiyatda jinoyat yashirin emas, oshkora sodir bo‘ldi va barcha guvohga aylandi.
Yozgan asarining boshidayoq yakunida nima bo‘lishini aytgan adiblar bor. Masalan, janob Markes. U doim shunaqa qiladi — “Yolg‘izlikning yuz yili” deysizmi, “Buzrukning kuzi” deysizmi — hammasi shunday uslubda. Biroq Markesga e’tiroz qila olmaysiz. Unda huquq bor: chunki u yozganini baribir yakunigacha o‘qib chiqishga kitobxonni majbur qiladi.
Bugun “5 daqiqa”da Gabriel Garsia Markesning “Oshkora qotillik qissasi” haqida gaplashamiz.
Gabriel Garsia Markes – “Oshkora qotillik qissasi”
Markes XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan biri, Nobel mukofoti sohibi. Xalqaro darajada adabiyotning yuksak cho‘qqisiga chiqa olgan noyob adiblardan biri. Asarlari 40 dan ziyod tilga tarjima qilingan, millionlab nusxada tarqalgan.
“Oshkora qotillik qissasi” 1981 yilda nashr etilgan. Ushbu asarning barcha voqealari bir odamning qatl jarayoni atrofida kechadi. Biroq uslub shundayki, kitobni o‘qigan har bir kishi “bu fojia boshqacha tugashi mumkin edi” degan savol bilan qolaveradi.
Loqaydlik – eng katta fojia
Qissada Santyago Nasar ismli yigit qatl etiladi. Voqea “oshkora” edi – butun shahar bila turib ham bu jinoyatning oldi olinmadi. Aka-uka Pedro va Pablo o‘z singillari Anjyelaning sharafini tiklash uchun Santyagoga qasd qilishadi. Ular niyatlarini yashirishmaydi, hatto odamlarga ochiq-oydin aytib yurishadi. Lekin barchada “men emas, boshqalar to‘xtatib qolar” degan fikr bor edi.
Mana shu passivlik va befarqlik butun kitobning markaziy savolini ko‘taradi: jamiyat qay darajada javobgar?
Santyago Nasar – aybdormi yoki qurbonmi?
Asarning eng og‘ir va bahsli nuqtasi – Santyagoga qo‘yilgan ayb. U haqiqatan ham Anjyela Vikarioning nomusiga tekkanmi? Qiz akalarining bosimi ostida “Santyago Nasar” degan ismni tilga oladi. U rost aytdimi yoki o‘zi uchun “qutqaruvchi ism” topdimi, bu noaniq.
Asarda Santyagoning aybiga oid hech qanday aniq dalil keltirilmaydi. Sud jarayonida ham guvohlar gapi bir-biriga zid. Ba’zilar uning umuman bunday ishga qodir emasligini aytadi.
Markes ham bu savolga javob bermaydi. Chunki u uchun muhim bo‘lgan narsa – haqiqat emas, balki jamiyat qanday qilib “haqiqatsiz” ham inson taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkinligida.
Nega men, boshqalar-chi?!
Asardagi eng katta fojia – qatlning oldi olinishi mumkinligida. Qahramonlarning ko‘pchiligi o‘sha kuni Santyagoga xabar bermoqchi bo‘lishadi. Ammo turli sabablar bilan yigitni ogohlantirishmaydi. Kimdir “bu hazil” deb o‘ylaydi, yana kimdir “xabarni boshqalar aytar” deb ishonadi.
Shu yo‘sinda, hamma bila turib ham, hech kim mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. Markes shu orqali jamiyatdagi umumiy loqaydlikka ishora qiladi. Santyagoga urilgan pichoq ikki kishining qo‘lida emas, butun shaharning qo‘lida edi, demoqchi bo‘ladi.
Xulosa
“Oshkora qotillik qissasi” bu – oddiy bir qotillik haqidagi hikoya emas. U inson hayotining qadri, jamiyatning mas’uliyati va axloqiy tushunchalarning qimmati haqida adoqsiz savollar beradigan asardir.
Bu qissa bizga shuni eslatadi: inson hayotidan ustun hech narsa yo‘q. Agar biz “men aytmasam ham bo‘ladi” desak, bir kun kelib kech bo‘ladi.
Aslida bunday holatlarga tez-tez guvoh bo‘lib turibmiz. Farzandining joniga qasd qilayotgan ota-onalar, kaltaklanayotgan ojiz insonlar va yana shunga o‘xshash ko‘plab voqealar. Yirtqich ayiqdan omon qolib, onasining qo‘lida qurbon bo‘lgan qizaloq ham nazarimda, oshkora qotillik qissasi. Demak, bu asar biz haqimizda.
Markesning “Oshkora qotillik qissasi” o‘qimasangiz bo‘lmaydigan kitoblar sirasiga kiradi. Bu kitob ishonaman, sizga juda ko‘p narsalar haqida gapiradi.
Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.
Isomiddin Po‘latov.