Jamiyat | 21:35 / 14.09.2025
3125
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sakkiz oy ichida 3 mingga yaqin bola turli jinoyatlardan jabrlandi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortib bormoqda.

Foto: Depositphotos

2025 yilning yanvar-avgust oylarida 2872 nafar voyaga yetmagan shaxs turli jinoyatlardan jabr ko‘rdi, shundan 1225 nafari (42,7 foiz) 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov ma’lum qildi.

Tahlillarga ko‘ra, ularning 1475 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 956 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan, 284 nafari og‘ir va 157 nafari o‘ta og‘ir jinoyatlardan jabrlangan.

«Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortib bormoqda. Jabrlanuvchilar ko‘pincha ayblanadi yoki jim turishga majbur qilinadi. Aynan mana shu sukut saqlash madaniyatiga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashgandek qat’iyat bilan kurashishimiz zarur», — dedi Olloyorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlikning ishonch telefoniga kelgan murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshdi va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.

Olloyorovning ma’lum qilishicha, internet orqali sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda hamda pedagoglar va tarbiyachilarning bolalarni himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun javobgarligi belgilanmoqda.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid