Jamiyat | 20:10 / 18.09.2025
3428
2 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘da qalbaki dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex aniqlandi

Xonadonda tashkil qilingan sexda yorliq va yo‘riqnomalarini o‘zgartirish orqali qalbaki dori vositalari tayyorlab kelingan. Bu qisqa vaqtda bir hududda aniqlangan ikkinchi holat.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departamen

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida qalbaki dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, DXX va Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro N.D. Yakkabog‘ tumani Chinobod mahallasidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilgani aniqlangan. Tsexda dori vositalarning yorliq va yo‘riqnomalarini o‘zgartirish orqali qalbaki dori vositalarini tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelingan.

Xonadondan umumiy bahosi 193,5 mln so‘mlik 11 turdagi 3 211 dona dori vositasi hamda 188 638 dona turli dori vositalarining yorliq va yo‘riqnomalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bu qisqa vaqtda bir hududda aniqlangan shu kabi ikkinchi holat: oldinroq Yakkabog‘ tumanining Xiyobon mahallasida yashovchi fuqaro uyidagi yashirin sexda kelib chiqishi noma’lum va sifati kafolatlanmagan dori vositalariga qalbaki etiketkalar yopishtirib, kelgusida dorixonalarga o‘tkazish maqsadida saqlab kelinayotgani aniqlangandi.  

Mavzuga oid