Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tolibon” Xitoyga kafolat berolmadi, AQSh esa vaziyatdan foydalanib qolmoqchi”- siyosatshunos
Afg‘oniston yana global hamjamiyat e’tiboriga qaytishi mumkin. Trampning Bagrom harbiy bazasini AQShga qaytarish haqidagi so‘zlari amerikalik diplomatlarning Kobulga tashrifidan atigi olti kun o‘tib yangradi. Shuningdek, Xitoy ham iyun oyida “Tolibon” bilan imzolangan yirik neft kelishuvini bekor qildi. AQSh esa vaziyatdan foydalanib otni qamchilashga harakat qilayotgandek. Xo‘sh, bu Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi? “Geosiyosat”da siyosatshunoslar AQShning mintaqaga ehtimoliy qaytishi va “Tolibon” bilan muzokaralar xususida so‘z yuritdi.
AQShning Afg‘onistonga qaytishi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?
Farhod Karimov: Afg‘onistonda hozir “Tolibon” o‘zining legitimligini mustahkamladi. Shu bilan birga mamlakatning ayrim hududlari hanuz “Tolibon” tomonidan to‘liq nazorat qilinmaydi, bu hududlarda ekstremistik harbiy guruhlar to‘planishi mumkin va ular Markaziy Osiyo, xususan, mintaqamiz xavfsizligiga tahdid soladi. Biz buni doimiy ravishda kuzatib borishimiz zarur. Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqaga qaytishi yuqoridagi guruhlarni cheklash va ularni kuchsizlantirishi mumkin, bu esa “Tolibon”ning butun Afg‘oniston ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishiga yordam beradi. Bitta markazlashgan va barqaror hokimiyat bo‘lishi esa butun mintaqa uchun ijobiy hisoblanadi. Biroq buning ikki yuzasi ham bor. Agar AQSh mintaqaga qaytib, o‘z ta’sirini kuchaytirsa, biz yangi geosiyosiy reallik bilan hisoblashishga majbur bo‘lamiz. Transafg‘on koridori, temiryo‘l loyihalari va boshqa iqtisodiy tashabbuslar xususan Xitoy bilan bog‘liq loyihalar ham qiyinchilarga duch kelishi yoki to‘xtab qolishi mumkin. Loyihalarning moliyalashtirilishi, nazorati va monitoringi kim tomonga yuklanishi kabi savollar tug‘iladi, bu esa yangi muzokaralar va vaqt talab qiladi. AQShning mintaqaga qaytishi bir tomondan loyihalarni tezlashtirishi mumkin, lekin boshqa tomondan Xitoy, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi kuchayadi. Bu holat O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy va siyosiy jihatdan noqulayliklar tug‘dirishi ehtimolidan xoli emas. AQSh asosan harbiy yo‘l bilan ta’sir o‘tkazishni afzal ko‘rayotgandek ko‘rinadi, katta iqtisodiy investitsiyalar, erkin sanoat zonalari yoki sanoat komplekslarini barpo etish o‘rniga bazaviy harbiy infratuzilmaga ustunlik berilishi mumkin. Bu holat mintaqadagi prioritetlarning siyosiy va harbiy yo‘nalishda qolishiga dalolat beradi. Natijada Eron va boshqa mintaqaviy aktorlarga bosim kuchayishi, ular esa o‘z navbatida yadroviy va boshqa dasturlarini tezlashtirish tarafida harakat qilishi mumkin. Bunday intrigalar va kuchlar to‘qnashuvi chegaradosh hududlarimizni beqarorlashtirishi, resurslarimiz va e’tiborimizni talab qiladigan yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Xulosa qilib aytganda: agar AQSh bilan muvofiqlashish va hamkorlik amalga oshirilsa, ayrim iqtisodiy loyihalar avvalgidan tezroq natija berishi mumkin. Lekin bu jarayonlar mintaqada yangi geosiyosiy «o‘yinlar» va raqobatlarni yuzaga keltiradi va biz uchun eng kamida noqulay holatlarning paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu sababli O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari diqqatini huquqiy, iqtisodiy va xavfsizlik mexanizmlarini mustahkamlashga qaratishi lozim.
Zalmay Halilzodning Kobulga tashrifi ortida qanday omillar bor?
Islomxon Gaffarov: “Tolibon” hokimiyatga kelgach, AQShning Afg‘onistonga bu ikkinchi tashrifi bo‘ldi. Birinchi tashrif shu yilning 20 mart kuni bo‘lgan edi, unda Zalmay Halilzad bilan birga asirlar masalalari bo‘yicha prezident vakili Adam Boyler ham kelgandi. Ikkinchi safarda ham Boyler ishtirok etdi va bu safar u asosiy figura sifatida ko‘rindi. Uning Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuvi keng yoritildi. Bu esa AQSh asta-sekin Afg‘oniston bo‘yicha asosiy vakil rolini Boylerga o‘tkazayotganidan dalolat beradi. Hatto sentabr oyidagi tashrifda u “Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili” sifatida tanishtirildi. Shunday qilib Vashington afg‘on jamoatchiligi va xalqaro maydonga: “Bizning bundan keyingi asosiy vakilimiz Boyler bo‘ladi” degan signal yubordi. Tashrif rasmiy jihatdan aloqalarni tiklash va mahbuslar masalasi bilan izohlandi. Ammo, aslida, AQSh Kobulning o‘zi bilan diplomatik aloqalarni davom ettirishga qanchalik tayyorligini sinab ko‘rdi. Chunki so‘nggi yillarda Kobul Xitoy va Rossiya bilan yaqinlashgan, biroq yaqinda Xitoy Afg‘onistondan sekin uzoqlasha boshladi. Bunga sabab “Tolibon” Pekinga xavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolat bera olmaganidir. Hatto iyun oyida yirik neft kontrakti ham bekor qilindi. Natijada Xitoy biznesi chekinishga majbur bo‘ldi va bugungi kunda Afg‘oniston bilan faqat cheklangan darajada aloqa olib bormoqda. Shunday vaziyatda AQSh o‘zini qulay holatda ko‘rmoqda. Chunki u 20 yil davomida Afg‘oniston bilan yaqin ishlagan, tajribasi, aloqalari va kanallari bor. Vashington shuni sinab ko‘rmoqda: agar Xitoy barqaror hamkorlik qila olmagan bo‘lsa, AQSh osonlik bilan qayta kirib, munosabatlarni tiklash imkoniyatiga ega. Shu bois bu tashrif katta shartnomalar yoki yirik voqealar bilan emas, balki ramziy signal sifatida qabul qilinishi mumkin: “Biz aloqalarni yangilashga va oshirishga tayyormiz, agar bizning shartlarimiz bajarilsa” degandek. Ko‘p ehtimol bilan, muhokama qilingan shartlardan biri AQShning Bagrom harbiy bazasiga qaytishi masalasi bo‘ldi. Bunga oid ishoralar Trampning keyingi bayonotida ham sezildi.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:53
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
21:23 / 04.12.2025
Afg‘onistonda 13 yoshli bola qarindoshlarining qotilini 80 000 tomoshabin oldida qatl qildi
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025