Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda Cleveland Clinic bilan strategik hamkorlikda CAU Hospital universitet shifoxonasini qurish loyihasi boshlandi
AKFA Group va Central Asian University (CAU) mintaqada sog‘liqni saqlashning yangi standartlarini belgilashga qaratilgan keng ko‘lamli tibbiy loyiha – Central Asian University Hospital (CAU Hospital) qurilishi boshlanganini e’lon qildi.
Foto: Central Asian University
Loyiha bir asrdan ortiq tarixga ega sog‘liqni saqlash sohasidagi jahon yetakchisi Cleveland Clinic bilan strategik hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 18 sentabr kuni Cleveland Clinic Connected xalqaro dasturi doirasida O‘zbekistonda tashxis qo‘yish, davolash va tibbiyot kadrlarini tayyorlashning ilg‘or standartlarini joriy etishni ko‘zda tutuvchi strategik bitim imzolandi.

"AKFA Group, Central Asian University va butun O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun bu yangi sifat standartlari sari qo‘yilgan qadamdir. Biz tibbiyot, fan va ta’lim yaxlit tizim sifatida ishlaydigan infratuzilmani yaratmoqdamiz. CAU Hospital ilg‘or tajribalar markazi, davolash, o‘qitish va tadqiqotlar xalqaro standartlar asosida birlashtirilgan klinikaga aylanadi", – dedi AKFA Group asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Central Asian University Hospital – umumiy maydoni 91 500 m² bo‘lgan, ikki bosqichda amalga oshiriladigan loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanadi.
CAU Hospital klinik yordam, ta’lim va tadqiqotlar jahon darajasidagi sifat tizimiga integratsiyalashgan Ilg‘or tajriba markazi (Center of Excellence) sifatida faoliyat yuritadi. Shifoxona xalqaro protokollarni joriy etish, ko‘p tarmoqli yondashuv va doimiy xavfsizlik tekshiruvini ta’minlaydigan mintaqaviy bilim va innovatsiyalar markaziga aylanadi.

Shifoxona 120 o‘ringa va yiliga 269 ming nafargacha bemorga mo‘ljallangan. Uning tarkibida qabul-diagnostika bo‘limi, 8 ta jarrohlik xonasi (shu jumladan, 2 ta gibrid), tug‘uruq blogi va asosiy bo‘limlar mavjud bo‘ladi: terapiya, pediatriya, onkologiya, ayollar salomatligi va reanimatsiya.

Loyihani amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi prezidentining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va jahon darajasidagi tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo‘yicha strategik tashabbuslariga mos keladi. Ta’kidlash joizki, CAU Hospital bo‘lajak mutaxassislar uchun o‘quv bazasi sifatida ham xizmat qiladi: simulyatsiya markazi, laboratoriyalar, hamshiralik maktabi va rezidentura dasturlari klinik muhitga integratsiya qilinadi.
Shifoxona vertolyot maydonchasi bilan jihozlangan bo‘lib, u to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul va reanimatsiya bo‘limlari bilan bog‘langan. Bu shoshilinch yordam radiusini 350 kmgacha kengaytirish va mamlakatning eng chekka hududlarida ham tezkor ravishda insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi.

"Cleveland Clinic bir asrdan ortiq vaqt davomida bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish, tadqiqot va ta’limni birlashtirgan. CAU bilan hamkorlik klinik jarayonlar va raqamli yechimlardan tortib mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlashgacha bo‘lgan eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etish imkonini beradi. Biz birgalikda O‘zbekiston va mintaqada odamlar salomatligi uchun ekotizim yaratmoqdamiz", – dedi Tommazo Falkone, Cleveland Clinic ijrochi vitse-prezidenti, xalqaro va rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha prezidenti.

Me’moriy loyiha HKS (AQSh) xalqaro byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning asosiy xususiyati modulli arxitektura bo‘lib, u yangi tibbiy texnologiyalar va kelajakdagi sog‘liqni saqlash muammolariga moslashuvchan muhitni ta’minlaydi. Alohida e’tibor hududlarga ajratishga qaratilgan: bemorlar, xodimlar va logistika yo‘nalishlari ajratilgan bo‘lib, bu xavfsizlikni oshiradi, harakatlanish vaqtini qisqartiradi va klinik natijalarni yaxshilaydi.
"Biz shifoxonani kelajakdagi innovatsiyalarga maksimal darajada tayyor bo‘lishi uchun loyihalashtirdik. Arxitektura yangi texnologiyalarni birlashtirib, bemorlar va shifokorlar uchun qulay muhit yaratishga imkoniyat beradi. Bizning maqsadimiz – o‘n yillar o‘tsa ham zamonaviy bo‘lib qoladigan kelajak klinikasini yaratish", – dedi suhbat chog‘ida HKS arxitektura byurosining mintaqaviy direktori va hamkori (RIBA) Frensis Gallaxer.

Kasalxona qurilishi Central Asian University 45 gektarlik kampusining keng ko‘lamli kengaytirishi asosiy elementi sifatida taqdim etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida yangi Tibbiyot maktabi (4 ming talabaga mo‘ljallangan), Stomatologiya maktabi (1,5 ming talaba), Muhandislik maktabi (1,8 ming talaba va 200 magistrant), zamonaviy laboratoriyalar va raqamli infratuzilma barpo etiladi. Shifoxona klinik amaliyot, ta’lim va tadqiqotlarni jahon darajasidagi yagona ekotizimga birlashtirgan holda kengaytirishning markaziy obektiga aylanadi.

Matbuot anjumani doirasida O‘zbekistonda tibbiyot ta’limi va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishning yangi bosqichi ramzi bo‘lgan, kelajak avlodlarga qaratilgan vaqt kapsulasini tantanali ravishda ko‘mish marosimi o‘tkazildi.
Cleveland Clinic haqida
Cleveland Clinic – klinik va kasalxona yordamini ilmiy tadqiqotlar va ta’lim bilan birlashtirgan notijorat ko‘p tarmoqli akademik tibbiyot markazi. U 1921 yilda Klivlendda (Ogayo shtati) hamkorlik, rahm-shafqat va innovatsiya tamoyillari asosida ajoyib sog‘liqni saqlash tizimini yaratishni maqsad qilgan to‘rtta shifokor tomonidan tashkil etilgan. Cleveland Clinic bir qator tibbiy yutuqlar, jumladan, aorta koronar shuntlash operatsiyasi va AQShdagi birinchi yuz transplantatsiyasi bilan mashhur.
Bugungi kunda Cleveland Clinic tizimida 82,6 mingdan ortiq xodim, jumladan, 5786 nafar shifokor va tadqiqotchi, shuningdek, 140 ta tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha 20,7 ming nafar hamshira va mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Tizim 23 ta kasalxona, 280 ta ambulatoriya markazi va Klivlenddagi 173 akr maydondagi asosiy kampusni o‘z ichiga oladi. Klinika har yili AQShning barcha shtatlari va dunyoning 110 dan ortiq mamlakatidan millionlab bemorlarga xizmat ko‘rsatadi.
Cleveland Clinic Connected haqida
Cleveland Clinic Connected bu – ishtirokchilarga o‘z tibbiyot muassasalarida yordam sifati, xavfsizligi va klinik natijalarini yaxshilash uchun Cleveland Clinic’ning ekspert bilimlaridan foydalanish imkonini beruvchi xalqaro dastur. Dastur ilg‘or tajribalarni moslashtirish va mahalliy sog‘liqni saqlash tizimlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ham AQSh, ham xalqaro bozorlardagi tajribalarni birlashtiradi. Dastur ishtirokchilari, shuningdek, Cleveland Clinic’ning global nufuziga asoslangan o‘qitish, tajriba almashish va marketing yordami uchun noyob imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Central Asian University (CAU) haqida
2019 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan Central Asian University mamlakatdagi eng jadal rivojlanayotgan xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. U tibbiyot, stomatologiya, biznes, arxitektura va dizayn, muhandislik, turizm va mehmonxona xo‘jaligi hamda boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlarini taklif etadi. Zamonaviy kampus, xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilar va amaliy ta’limga e’tibor CAU’ni butun dunyo talabalari uchun jozibador tanlovga aylantirmoqda.
Central Asian University Round University Ranking 2025 jahon reytingida TOP-1000 talikka kirdi, THE Impact Rankings 2025 reytingida debyut qildi, Science and Innovation Awards tomonidan 2024 yilda O‘zbekistonning eng innovatsion universiteti deb topildi, shuningdek, AD Scientific Index tomonidan 2025 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi yosh universiteti deb tan olindi.
CAU strategik xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda va Germaniya, Shveytsariya, AQSh va boshqa mamlakatlar universitetlari bilan qo‘shma akademik va tadqiqot loyihalarini amalga oshirmoqda. Innovatsion ta’lim modeli va global hamkorlikka yo‘naltirilgani tufayli universitet mintaqadagi oliy ta’lim yetakchilaridan biri sifatida o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda.
Reklama huquqi asosida