Jahon | 15:43 / 24.09.2025
6868
9 daqiqa o‘qiladi

Falastin va Ukraina inqirozlari hamda Afg‘onistonni yolg‘izlatmaslik: Prezident BMT minbarida qanday tashabbuslarni ilgari surdi?

O‘zbekiston xalqaro maydonda pragmatizmga asoslangan tashqi siyosati bilan ajralib turibdi. Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishlarida nafaqat global muammolar, balki mintaqaviy dolzarb masalalarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, tashkilotning XKni isloh qilish, Falastin va Ukraina inqirozi, Afg‘oniston masalasi, suv resurslari tanqisligi, migratsiya hamda ekologik xavflar yuzasidan ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning amaliy va konstruktiv yondashuvini yaqqol namoyon etdi.

“Geosiyosat”da sohaning yetakchi mutaxasislari mazkur mavzu xususida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishida qaysi asosiy yo‘nalishlar ilgari surildi?

Shuhrat Rasul: Birinchi qismda xalqaro institutlarning bugungi holati va ularning inqiroz alomatlari haqida so‘z bordi. Gap faqat BMT haqida emas, balki uning qoshidagi turli komissiyalar, tashkilotlar va boshqa gumanitar hamda mintaqaviy institutlar haqida ham ketmoqda. Aksariyat qarorlar bajarilmay qolmoqda, ko‘plab tuzilmalar esa sust ishlamoqda. Masalan, yashil energetika bo‘yicha muhokamalarda ham yirik davlatlar pozitsiyasi keskin farqlanmoqda: AQSh prezidenti Tramp bir yoqda, aksar davlatlar esa boshqa tarafda turibdi. Bu vaziyat 2015 yilgi Parij deklaratsiyasidan buyon davom etayotgan global kelishmovchiliklarni ko‘rsatadi. O‘zbekiston rahbari ana shu muammoga alohida e’tibor qaratdi.

Ikkinchi yo‘nalishda Markaziy Osiyo masalalari muhokama qilindi. Avvalo Afg‘oniston muammosi alohida tilga olindi. O‘zbekiston rahbaridan tashqari hech bir davlat Afg‘oniston bo‘yicha bunday faol tashabbus ko‘rsatmayapti. 2021 yildan buyon Afg‘oniston nisbatan barqarorlik namoyish etayotgani qayd etildi. O‘zbekistonning asosiy strategiyasi Afg‘onistonni iqtisodiy hamkorlik orqali xalqaro maydonga olib chiqish, keyinchalik esa ijtimoiy va gumanitar sohalarda ham integratsiyalashdir. Bu jarayon mintaqa uchun, xususan, Janubiy Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan ham nihoyatda muhim.

Shuningdek, ekologik muammolar, xususan Orol dengizi masalasi ham ko‘tarildi. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston turli tashabbuslar ko‘tarib kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda aynan O‘zbekiston amaliy qadamlar tashlamoqda. Jumladan, 2030 yilgacha cho‘llashayotgan hududlarning 80 foizini yashillashtirish rejalashtirilgan. Agar bu amalga oshsa, chang va tuz muammosi butun mintaqa miqyosida hal etiladi.

Bundan tashqari, mintaqada transport-kommunikatsiya loyihalarini rivojlantirish va logistika yo‘llarini kengaytirish masalasi ham muhim o‘rin tutdi. O‘zbekiston bu borada Markaziy Osiyoda muvofiqlashtiruvchi davlat sifatida faoliyat yuritmoqda.

Nutqda qo‘shimcha tarzda gumanitar muammolar ham ko‘tarildi. Jumladan, bolalar saratoni kasalligi, ta’lim sifatini oshirish va global miqyosda ta’lim standartlarini uyg‘unlashtirish masalalari ta’kidlandi. Bularning barchasi O‘zbekiston tashabbuskorlik qilayotgan dolzarb mavzular sirasiga kiradi.

Abduvali Soyibnazarov: O‘zbekiston rahbari nafaqat mamlakat ichki iqtisodiyoti va global tizimlarga qo‘shilish masalalariga, balki mintaqa uchun eng dolzarb muammolarga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, suv resurslarini tejash, Afg‘onistonni mintaqaviy integratsiya loyihalariga jalb etish masalalari nihoyatda muhim.

Bugungi kunda Tojikiston va Qirg‘izistondagi abadiy muzliklarning tez erishi Amudaryo va Sirdaryo havzasida suv tanqisligini kuchaytirishi mumkin. Xalqaro ekspertlar 2030–2040 yillargacha Markaziy Osiyoda suv tanqisligi sababli besh milliongacha qochoqlar paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston prezidentining “Jahon suv forumini” o‘tkazish tashabbusi, shuningdek, Afg‘oniston orqali o‘tadigan energetika va transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan rezolyutsiyasi o‘z vaqtida qo‘yilgan muhim taklifdir. Bugungi global kun tartibida Yaqin Sharq va Ukraina-Rossiya mojarosi asosiy e’tiborni tortib, Afg‘oniston masalasi ortda qolayotgani xavotirli. Agar xalqaro hamjamiyatning e’tibori susaysa, Afg‘oniston yana terrorizm markaziga aylanishi mumkin. Shu bois O‘zbekiston rahbari 2017 yildan beri BMT minbarida muntazam ravishda Afg‘oniston muammosini ko‘tarib kelmoqda. So‘nggi yillarda esa Afg‘oniston geosiyosiy raqobat maydoniga aylanib bormoqda: AQSh, Rossiya va Xitoyning bu hududga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda. Hatto AQSh tomonidan Bagrom aviabazasidan qayta foydalanish masalasi ham tilga olingan. Bu esa mintaqada xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi mumkin.

Shunday sharoitda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu loyiha mintaqada iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shavkat Ikromov: Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Falastin masalasi va Ukrainadagi vaziyat yuzasidan ham o‘z fikrlarini bildirdi. Xususan, Falastin bo‘yicha mamlakatimizning doimiy pozitsiyasi yana bir bor ta’kidlandi: bu ikki xalq uchun ikki davlat tamoyiliga sodiqlikdir. Ushbu yondashuv ko‘plab arab-musulmon mamlakatlari hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan barqarorlikka eltuvchi yagona yechim sifatida qo‘llab-quvvatlanadi. 2023 yildan buyon O‘zbekiston Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatgan kam sonli davlatlardan biridir. BMT minbarida ko‘plab rahbarlar G‘azodagi vaziyatni yodga olib, yordam zarurligini ta’kidlagan bo‘lsalar-da, O‘zbekiston real ishlar bilan ajralib turdi. Masalan, falastinlik bolalar mamlakatimizga olib kelinib, tibbiy yordam va ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Prezidentimizning minbardan bildirgan fikrlari aynan shu amaliy qadamlar bilan asoslangan edi.

Boshqa rahbarlarning chiqishlari, masalan, Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anning nutqi emotsional bo‘lsa-da, ko‘p hollarda real harakatlarga aylanmagan. Turkiyaning katta imkoniyatlariga qaramay, 2023 yildan buyon Isroilni tiyib turish yoki Falastin xalqiga bevosita yordam ko‘rsatishda yetarli tashabbuslar kuzatilmadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston rahbarining chiqishi nafaqat so‘z, balki amaliy xatti-harakatlar bilan mustahkamlangani bilan ahamiyatlidir.

Oybek Sirojov: Prezidentimizning ushbu chiqishi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari pragmatizm va amaliy yondashuvni yaqqol namoyon etdi. Sammit doirasida ilgari surilgan tashabbuslar bugungi global muammolar kontekstida dolzarb va asosli bo‘lib, boshqa davlat rahbarlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Xususan, BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va uning tarkibini kengaytirish taklifi muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo iqtisodiy integratsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya qabul qilinishini ilgari surish mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, terrorizm oqibatidan aziyat chekkan xalqlar uchun reabilitatsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi alohida e’tirof etildi. Migratsiya global muammo darajasiga ko‘tarilgan bir paytda, unga yechim sifatida global paktni imzolash tashabbusi ham ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari ta’lim sohasida keyingi sakkiz yil davomida erishilgan yutuqlarni aniq raqamlar bilan tilga oldi. Bundan tashqari, sammit doirasida qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi: AQSh prezidenti Donald Tramp, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Janubiy Koreya prezidenti hamda ko‘plab xalqaro tashkilotlar va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu kelgusida O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihat shuki, O‘zbekistonning ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan siyosati tobora e’tirof etilmoqda. Bu pozitsiya nafaqat mintaqaviy, balki yetakchi davlatlar tomonidan ham hurmat qilinmoqda.

Xalqaro minbarda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar qatorida terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Toshkentda tashkil etish, shuningdek, jahon yoshlarining tinchlik harakatini ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish g‘oyalari ham muhim o‘rin tutdi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid