Sport | 21:06 / 24.09.2025
5719
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA JCh-2030 ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazish masalasini muhokama qildi

Muhokama Nyu-Yorkda FIFA prezidenti Janni Infantino va bosh kotibi Mattias Grafstryom ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty images

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030 yilgi jahon chempionatini 64 ta jamoa ishtirok etadigan turnirga aylantirish masalasini muhokama qilmoqda. Amerikaning The Athletic nashri xabariga ko‘ra, FIFA Janubiy Amerika vakillari delegatsiyasidan tegishli rasmiy taklifni olgan. Guruh tarkibiga Paragvay va Urugvay davlatlari rahbarlari, shuningdek, Janubiy Amerika KONMeBOL konfederatsiyasi rahbarlari va Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) rahbari kiritilgan.

Muhokama Nyu-Yorkda FIFA prezidenti Janni Infantino va bosh kotibi Mattias Grafstryom ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Jahon chempionatini 64 jamoa ishtirokida o‘tkazish g‘oyasi ilk bor bahorda FIFA yig‘ilishida Urugvay futbol assotsiatsiyasi prezidenti Ignasio Alonso tomonidan taqdim etilgan edi. Aprel oyida KONMeBOL prezidenti Alexandro Dominges 64 ta jamoa ishtirokidagi konsepsiya 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan birinchi jahon chempionatining 100 yilligiga bag‘ishlangan noyob tadbir bo‘lishini aytdi.

The Athletic nashrining yozishicha, ayni damda taklif qarama-qarshi reaksiyalarga sabab bo‘lmoqda: uning tarafdorlari ham, qarshilari ham bor.

Turnirni kengaytirish bo‘yicha har qanday qaror FIFA Kengashida muhokama qilinishi va ma’qullanishi kerak.

2030 yilgi jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokash maydonlarida o‘tkaziladi. Urugvay, Argentina va Paragvay turnirning ochilish o‘yinlariga mezbonlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladigan jahon chempionatida tarixda ilk marotaba 48 ta terma jamoa qatnashadi. Ular orasida O‘zbekiston milliy jamoasi ham bor.

Mavzuga oid