O‘zbekiston | 19:51 / 24.09.2025
4070
3 daqiqa o‘qiladi

“Navoiyazot” AJning ammiak sexi faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi

Bu Navoiy shahri va atrofidagi hududlar havosining ifloslanishi bilan bog‘liq. Hozirda hudud atmosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona va sex faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Foto: Videodan kadr

“Navoiyazot” AJ va Karmana tumanida joylashgan “Sogda kimyo zavod” MChJga qarashli uchta sex faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda boshqa mutaxassislar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi I va II toifali korxonalar, shuningdek, hududdagi ohak pishirish xumdonlari faoliyati o‘rganilgan. Nazorat tadbirlari davomida 22 ta korxona ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borayotgani aniqlangan. Qaror asosida ushbu korxonalar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan va 25 nafar mas’ullarning ma’muriy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Bundan tashqari, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona yoki sexlar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Mazkur da’vo arizalaridan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirilgan.

Jumladan, sud qarori bilan “Navoiyazot” AJning 23-sexi (ammiak) faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan “Sogda kimyo zavod” MChJga qarashli uchta sex faoliyatiga ham Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan vaqtincha chek qo‘yilgan.

Reyd tadbiri davomida 92 ta noqonuniy, ya’ni qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida to‘liq buzdirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 13, 19, 21 va 22 iyul kunlari Navoiy shahrini o‘tkir hidli qalin tutun qoplab, odamlarda yo‘tal va boshqa asoratlarni keltirib chiqargan. “Navoiyazot” bir necha bor bayonotlar berib, bu tutunga zavodning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Zavodda o‘rnatilgan kamera tasvirlaridan changsimon tutun sobiq elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotganini ko‘rish mumkin. Viloyat Ekologiya boshqarmasi avvaliga holat bo‘yicha “Navoiyazot”ni ayblayotgan edi, lekin kompaniyaning qat’iy raddiyalaridan keyin ekologiya organi asl sababchilarni qidirishga kirishgandi. Holatni o‘rgangan Ekologiya vazirligi hududda havoni ifloslantirgan 20 dan ortiq korxona faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini bildirgandi.

Mavzuga oid