Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Oltin to‘p» sari yo‘l. Dembelening faoliyati haqida faktlar
Bir necha yil oldin Usmon «Oltin to‘p» olishini tasavvur qilish qiyin edi, ammo u «PSJ»da faoliyatini qaytadan qurdi.
Foto: Getty Images
Kilian Mbappe dunyo futbolida eng muhim figuraga aylanish uchun «Real»ga o‘tganini yashirmaydi. Umuman, Fransiya chempionati asosiy ligalar soyasida bo‘lgani uchun doim e’tibordan chetda bo‘lar, «PSJ»ning Yevropa maydonlaridagi muvaffaqiyatsizliklari esa jamoa futbolchilarini jiddiy qabul qilishga xalaqit berardi. So‘nggi yulduz Mbappeni ham sotib yuborgach, «PSJ» Luis Enrike boshchiligida butunlay teskari yo‘ldan ketdi va jamoaviy futbolga urg‘u bergan holda ayniqsa, o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida dahshatli o‘yin ko‘rsata boshladi.
Jamoa yulduzlardan tashkil topmasligi mumkin, ammo u g‘alaba qozonarkan, albatta, har bir ijrochi yulduzga aylanadi. «Oltin to‘p»ga nomzodlar ichida «PSJ»ning birato‘la 11 nafar futbolchisi o‘rin olgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Usmon Dembele mana shu yulduzli tarkib ichida ham alohida ajrab chiqqan, eng sermahsul bo‘libgina qolmay, umuman, bugungi «PSJ»ning yuziga aylangan futbolchi hisoblanadi. Uning g‘olib chiqishi ancha yillardan beri tanigan ko‘pchilik uchun biroz erish tuyulsa-da, Usmonning faoliyatiga, ayniqsa so‘nggi mavsumga chuqurroq qaraganimizda boshqa variant ham bo‘lmaganini ko‘ramiz. «Oltin to‘p» aynan eng katta musobaqada g‘alaba qozongan jamoa a’zosiga berilishi esa to‘g‘ri qaror, zero futbol jamoaviy sport turi hisoblanadi – har qancha zo‘r bo‘lsang ham, jamoang yuta olmasa, imkoniyating kamayadi.
Bolalik yillari, futbolga kirib kelishi
Masur Usmon Dembele 1997 yilning 15 mayida Fransiya shimolida joylashgan Vernonada dunyoga kelgan. Unda senegal-mavritanlar qoni bor. Otasi Usmon va Fatimata Dembele Yevropaga Mali va Mavritaniyadan ish izlab kelib qolishgan. Kichik Usmon bolaligidan futbolga qiziqqan, uning yoshligi Evre shahri ko‘chalarida to‘p orqasidan yugurib o‘tgan. Kattalar bolakayning qiziqishiga qarshi bo‘lishmaydi va uni sport to‘garagiga olib borishadi.
Dembele futboldagi yo‘lini «Evre» bolalar maktabida boshladi. O‘smirlik yillarida u mini-futbolga qiziqqan, aynan o‘sha paytlarda Usmonning dribling va texnikasi shakllana boshlagandi. U o‘zidan ancha yoshi katta bolalarni ham osonlik bilan aldab o‘tar, o‘shandayoq istiqbolli futbolchi sifatida o‘zini ko‘rsatib ulgurgandi. Usmon 13 yoshida «Renn» akademiyasiga jalb etilishi ajablanarli holat emasdi. Fransiyaning boshqa klublari, jumladan «Gavr» va «Kan» ham uni o‘z akademiyasida ko‘rishni istagan, ammo faqat «Renn»dagilar yosh iste’dodning onasi, ukasi va singillari yashashi uchun uy ham berishga rozi bo‘lgandi.
U 17 yoshida «Renn» o‘rinbosarlari tarkibida yorqin mavsum o‘tkazadi (18 o‘yinda 13 gol) va to‘rtinchi divizionning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi.

Keyin esa klub bilan birinchi shartnoma shartlarini uzoq vaqtgacha kelisha olmaydi – u «Benfika»ga o‘tib ketmoqchi bo‘ladi, ammo «Renn» rahbariyati uni qo‘yib yuborishni istamaydi. O‘shanda yosh hujumchi asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlardan voz kechadi, ammo liga qoidalariga ko‘ra, fransuz klublari o‘z tarbiyalanuvchilarini rasmiy shartnomasiz ham 20 yoshgacha olib qolishi mumkin edi. Yakunda u «Renn» bilan yangi shartnoma imzolaydi, Fransiya oliy divizionida debyut qiladi hamda kattalar futbolidagi ilk gollarini urishni boshlaydi.
2016 yil bahoriga kelib, ayniqsa, «Nant» bilan o‘yindagi het-trikdan so‘ng u haqida balandroq gapira boshlashadi. Aytishlaricha, «Barselona»ning futbolchiga qiziqishi o‘sha paytlardanoq boshlangan, ammo «Renn» yosh futbolchi uchun qo‘yayotgan narx klub uchun qimmat ko‘ringan. Vaziyatdan Dortmundning «Borussiya» klubi foydalanib qoladi va 15 million yevro evaziga 19 yoshli futbolchini Germaniyaga olib ketadi. Usmon ilk mavsumdayoq uyaltirmaydi – 10 gol va 22 assistni amalga oshiradi.
Bir mavsum uchun 100 million
Lekin shunday mavsumning o‘zi Usmonni deyarli dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylantirgani butun futbol olamini karaxt holatga tushirgandi. Albatta, bu yerda boshqa sabablar ham bor edi. 2017 yil yozida kutilmaganda Neymar «Barselona» bilan shartnomada ko‘rsatilgan tovon pulini to‘lab, «PSJ»ga ketib qoladi. Yulduz futbolchisini sotish rejasida bo‘lmagan «Barselona» imkon qadar tezroq o‘z reputatsiyasini tiklashi, qandaydir katta transferni amalga oshirishi talab etilardi. Kataloniyaliklar cho‘ntagiga katta pul tushganini bilgan boshqa klublar, tabiiyki, o‘z futbolchilari uchun «Barselona»dan katta narx so‘ray boshlaydi. Shunda «Barselona» o‘zi oldin ham qiziqqan futbolchisini eslab qoladi.
Deyarli har yili yetakchi futbolchisini sotib, muxlislar hafsalasini pir qila boshlagan Dortmund klubi ham aslida Usmonni sotish haqida o‘ylamayotgandi. Ammo ikki faktor «Borussiya»da boshqa yo‘l qoldirmaydi. «Barselona»dan qiziqish borligi haqida eshitgan Usmon mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortadi va o‘zini qo‘yib yuborishni talab qila boshlaydi. Ikkinchidan, «Barselona» juda katta summa – 105 million yevro taklif qilayotgandi.

Bosim ostida
Usmon Ispaniyaga keliboq o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatishni uddalay olmaydi. Aslida buning iloji ham yo‘q edi, shartlar butunlay unga qarshi bo‘lgan. Neymarning ketishidan norozi fanatlarni uning o‘rniga juda katta narxga yosh fransuz kelishi yupata olmasdi. Bundan tashqari, transfer oldidan «Borussiya»dagi ziddiyatlari tufayli matbuotda Usmonning shaxsiyati haqida juda ko‘p salbiy bo‘yoqlardagi xabarlar chiqa boshlagandi. Uning «Benfika»ga o‘tmoqchi bo‘lib, «Renn»da uyushtirgan boykotidan tortib, Usmon tashlab ketgan Dortmunddagi xonasining o‘ta tartibsiz holati ijtimoiy tarmoqlarda aylanadi. Buning ustiga dastlabki mavsumdayoq jarohatlanib to‘rt oyga safdan chiqadi, kelasi mavsumda ham juda ko‘p jarohat oladi.

U maydonga tushgan o‘yinlarda ancha samarali harakatlar qilib, ba’zida chiroyli gollar urib tursa-da, bu uzoq davom etmas, beqarorlik va jarohatlar Usmonning sportchilarga xos bo‘lmagan betartib hayot tarzining oqibati deb hisoblanardi. Futbolchining Dortmunddagi qiliqlari eslanar va Barselonada ham bu o‘zgarmagani ko‘p tilga olinardi, ba’zida mashg‘ulotlarga kelmasdan, turli bahonalar qilib uyida simulyator o‘yinlardan bosh ko‘tarmasligi turli manbalar orqali oshkor qilinar va shov-shuvli sarlavhalarga sabab bo‘lardi – Dembele kutilmalarni oqlay olmaydi va kataloniyaliklarning eng foydasiz transferiga aylanadi.
2021 yilda futbolchi boshqa klubga o‘tishi haqidagi mish-mishlar ko‘payadi. «Yuventus», «Chelsi», «Manchester Siti» kabi klublar nomi tilga olinadi. Ayniqsa, manchesterliklar bilan bog‘liq xabarlar ishonarli bo‘lib, Serji Roberto va Dembele o‘rniga «Barselona»ga Kanselu va Bernardu Silva kelishi bot-bot aytiladi. Bu faqat mish-mish darajasida qolib ketadi va 2021/2022 yillar mavsumida Usmon Barselonadagi eng yaxshi davrini o‘tkazadi. La Liganing eng yaxshi assistenti bo‘lgan hujumchi kataloniyaliklar bilan shartnomasini 2024 yilgacha uzaytiradi.

Ammo biroz vaqt o‘tib «PSJ» Dembele bilan qiziqa boshladi. Yakunda, 2023 yil avgustida parijliklar 50 million yevro to‘lab, uni o‘z safiga qo‘shib olishadi. Barselonadagi shartnoma muddati atigi 10 oy qolgani e’tiborga olinsa, juda katta narx to‘langandi.
Bu yerda Usmon ikki yil ichida oddiy, iste’dodli lekin biroz ziddiyatli, qisqacha aytganda Yevropada yana o‘nlab topiladigan vingerdan «Oltin to‘p» sohibigacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tdi va xuddi shu sababdan «PSJ»dagi faoliyat yanada chuqurroq e’tiborga arziydi.
«PSJ»dagi burilish
Biz o‘tgan mavsumda «Oltin to‘p» Rodriga berilganini ko‘rgandik, avvalroq Luka Modrichga ham bu sovrin nasib etgan. Ammo gap hujum chizig‘i vakillari haqida borganda, shubhasiz, statistika katta ahamiyat kasb etadi. Juda ko‘p gol va assistlar bo‘lishi shart. Mana shu mantiq bilan fikrlaganda, ikki yil oldin agar Usmon Dembele «Oltin to‘p» olishi haqida birov aytsa, nari borsa uning ustidan kulish mumkin edi. Gollar Usmonning o‘zi uchun ham u qadar ahamiyatli emas, buni ko‘p bora o‘zi tan olgandi.
«Futbol faqat gollardan iborat emas. Men gollarsiz ham xotirjam uxlayman, statistika meni uncha xavotirga solmaydi. Men haqimda tomosha qilish zavq beradigan driblingchi deb gapirishsa, kunning qaysi soatida bo‘lsa ham muxlislar mening raqiblarni qanday aldab o‘tayotganimni ko‘rishni istasa, kifoya», – degandi Dembele 2023 yil noyabrida L’Equipe nashriga bergan intervyusida.
Usmon statistikaga ahamiyat bermaganidek, statistika ham uni «yoqtirmasdi». Hujumchi o‘tgan mavsumgacha o‘z faoliyati davomidagi eng sermahsul mavsum «Renn»dagi ilk mavsumi bo‘lgandi – 12 gol. Ko‘p mavsumlarda uning gollari 10 taga ham yetmagan. «Barselona»da 2018/19 yillar mavsumida 14 gol muallifi bo‘lgan, ammo bu ham faqat liga emas, barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda edi.
Birdan hammasi o‘zgarib ketdi. O‘tgan mavsum yarmida «PSJ» shundoq ham juda ko‘p vingerlarga ega bo‘laturib, yana «Napoli»dan Xvicha Kvaratsxeliyani katta pulga sotib olganida, ko‘pchilik hayron qolgandi. Aslida Enrikening o‘z rejasi bor ekan – Dembele «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasiga o‘tkazildi. Ana shundan so‘ng unda gollar ko‘payib ketdi. Usmon dekabrdan bahorgacha 22 o‘yinda 27 gol urdi, mavsum oxirigacha esa bu sonni 35 tagacha olib chiqdi – «Barselona»dagi olti yillik faoliyatida urgan gollar sonidan atigi 5 ta kam, xolos. Parijliklarning tarixiy kvadrupli va klublar o‘rtasidagi JCh finalchisiga aylanishida aynan Usmon eng muhim rollardan birini bajardi. Nahotki hammasi birgina pozitsiyaning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lsa?

Luis Enrike aslida ancha avvalroq, qaysidir shogirdini «aldamchi to‘qqizlik» roliga o‘tkazishini bilardi, faqat aynan kim bo‘lishi boshida murabbiy uchun ham noma’lum bo‘lgan. Ispaniyalik mutaxassis uchun Madridga ketgan Kilian Mbappening o‘rnini yopish masalasi ko‘ndalang turar, ammo uning strategiyasi jamoaga tayanish bo‘lib, bir futbolchi 40 gol urishidan ko‘ra, bir necha to‘purarga ega bo‘lish muhimroq ekanini ko‘p marta takrorlagandi.
Mavsumni Gonsalu Ramush asosiy hujumchi maqomida boshladi, lekin ilk turdayoq jarohat tufayli safdan chiqdi. Randal Kolo Muaniga ishonishni istamagan Enrike bir qator hujumkor yarimhimoyachilardan «aldamchi to‘qqizlik» yasashga kirishdi. Navbati bilan Li Kan In, Marko Asensio va Dezire Due sinovdan o‘tishdi, ammo hech biri yangi rolda tortib ketolmadi. «PSJ» Fransiyada ishonch bilan peshqadamlik qilar, ammo Chempionlar Ligasida hujum chizig‘ida muammolar bor edi.
Mbappe ketgach, klub Dembelega aynan u hujumdagi asosiy futbolchi bo‘lishini aytgan bo‘lsa-da, dastlabki oylar butunlay boshqacha kechayotgandi. Avvaliga Enrike asosiy penalti ijrochisi sifatida uni emas, Vitinyani tayinladi. Bo‘lajak transformatsiya haqida hali hech gap yo‘q, Usmon odatiy o‘ng qanotida tushishda davom etardi. Oktyabr oyida mashg‘ulotga kechga qolgani uchun jazolandi – «Arsenal»ga qarshi Londondagi o‘yinga olib ketilmadi, Enrike bu qarorini «butun mavsumdagi eng yaxshi qarori» deb ataydi.
Noyabrda «Bavariya»ga qarshi o‘yinda esa u hujumda Barkolya bilan juftlikda tushib, yana pand berdi – 60-daqiqadayoq ikkinchi sariq kartochka tufayli maydondan chetlatildi. Chempionatning keyingi ikki uchrashuvida Dembele zaxirada qoldi va 15 dekabrda «Lion»ga qarshi o‘yindagina tarkibga qaytdi. Aynan o‘sha kuni «PSJ» yangi yuzini namoyish etgandi.
Dembele avval ham bir necha marta markaziy hujumda o‘ynagan, «Marsel» va «Sosiyedad»ga qarshi muhim o‘yinlarni eslash mumkin. Ammo u paytda Usmonning roli biroz boshqacha edi – u ko‘proq ortga surilib, Mbappega kengroq zona va erkinlik berish uchun kerak bo‘lgan. Bu safar esa u ikki yonida Li va Due bilan asosiy hujumchiga aylandi. Dembele hisobni ochgan o‘yin 3:1 hisobida g‘alaba bilan tugadi va shu tariqa Parij mashinasi o‘t oldi.
Uyog‘iga boshqa Dembeleni ko‘rdik. «Monako» bo‘ladimi, «Manchester Siti»mi, u tinmasdan gol urar, keyingi 10 uchrashuvda 18 gol – dunyodagi hech bir hujumchi bu tempda sermahsul emasdi. Ilgari Usmonning goli deganda faqat driblingdagi chiroyli yurish yoki uzoq masofadan zarbalarni tasavvur qilsak, endi u har xil, hujumchilarga xos gollar ham ura boshlagandi.
«Ilgari men qanotda o‘ynardim, shuning uchun gol urish qiyin bo‘lgan. Zarba berish uchun raqibning bir necha futbolchisini aldab o‘tishimga to‘g‘ri kelardi. Endi «to‘qqizlik» rolida qarshimda faqat bir nafar himoyachi bo‘ladi yoki umuman ba’zida to‘pga shunchaki oyoq qo‘yishim kifoya», – deb tushuntirgandi u «Brest»ga qarshi o‘yindagi het-trikdan so‘ng.
Jamoaviy monstr
Tabiiyki, bu darajadagi yovvoyi sermahsullik uzoq davom etishi mumkin emasdi, lekin keyingi gollar o‘z muhimligi bilan yanada qadrli. «Liverpul» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda Usmon egizak gollar urib, ham taktik intellekti, ham haqiqiy qotil hujumchiga xos yangi fazilatlarini namoyish qilgandi – ortga qaytib raqib pressingidan chiqib ketishga ko‘maklashgan holda avval to‘pni qanotga yetkazib, keyin jarima maydoniga yorib kirgan holatda hujumni yakunlash. Yoki uning finalda uchinchi goldagi harakatini eslash mumkin – to‘pni tovoni bilan Vitinyaga yetkazib, hujumning rivojlanishida asosiy ishtirokchilardan biri bo‘lgandi.
Ayniqsa, Dembelening finaldagi bir nigohi virus shaklida butun internetga tarqaldi – u to‘pni erkin zarba bilan o‘yinga kiritmoqchi bo‘layotgan «Inter» darvozaboniga ko‘zini tikkan holda xuddi startga tayyorlanayotgan poygachidek turardi. Yaqinda Usmonni xudbin va faqat o‘z driblingiga chalkashib yuradigan yengiltak futbolchi sifatida tasavvur qilishga o‘rganib qolganlar uchun bu mutlaqo yangi obraz edi.
«Menimcha, hujumchining ayyorlik qilishga haqqi yo‘q. U doim, ham hujumda, ham himoyada mehnat qilishi, to‘p raqibdan bo‘lgan paytlarda ham o‘chib qolmasligi kerak. Mavsum boshida murabbiy menga sen yoshlarga o‘rnak bo‘lishing kerak, himoya sendan boshlanadi, degan edi. Bu talabga doim amal qildim», degandi Usmon mavsum oxirida France Football nashriga bergan intervyusida.
«Oltin to‘p» sari

Agar «PSJ» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham g‘olib chiqqanida, «Oltin to‘p» masalasi ancha avvalroq hal bo‘lgan bo‘lardi. «Chelsi»ga qarshi finalda Dembele va sheriklari yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi, «Oltin to‘p» uchun Usmonning asosiy raqibi Lamin Yamal esa umuman bu musobaqada qatnashmagandi.
Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasidan boshqa muhimroq turnir (mundial) bo‘lmagani tufayli, asosiy nomzod sifatida baribir Dembele favorit edi. Axir «Oltin to‘p»ni olishda nafaqat bir futbolchining mavsumdagi darajasi, balki asosiy raqobatchilarining pastroq o‘ynagani ham ahamiyat kasb etadi. Lamin har qancha yorqin o‘yin ko‘rsatgan bo‘lmasin, u va Rafinya to‘p suradigan «Barselona» Chempionlar Ligasi finaliga chiqa olishmadi. Muhammad Saloh haqida ham shu gapni aytish mumkin, u «Liverpul»da ajoyib mavsum o‘tkazgan bo‘lsa-da, klub asosiy turnirni ancha erta tark etdi. Holand va Mbappe umuman sovrinsiz qolishdi, Rodri butun mavsumni davolanish bilan o‘tkazdi, bir yil oldin uchlikdan o‘rin olgan Vinisius va Bellinghem esa o‘sha darajani saqlab qolisholmadi. Albatta, ularning fonida Usmon Dembele ancha yorqin ko‘rinardi. To‘g‘ri, Ashraf Hakimi, Vitinya, Mendesh kabi jamoadoshlari ham «Oltin to‘p» uchun nomzod edi, lekin eng boshidan ular Usmon Dembelening soyasida qolib ketishgandi.
Usmon Dembele «Renn»da hali qaysi oyog‘i asosiy ekanini ham bilmaydigan yigitcha edi. «Borussiya»da ancha ziddiyatli, ammo yorqin yulduzga aylandi. «Barselona»da u beqarorlik timsoli, tartibsiz o‘smir va ishonchni oqlamagan, sarflangan pul ko‘kka sovurilgan futbolchi bo‘lib, faqat oxirgi mavsumlarda biroz ulg‘ayib, asosiy o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Parijda esa u dunyoning eng zo‘r futbolchisiga aylandi.
«Oltin to‘p» aniq bir mavsum uchun berilsa-da, baribir, jonli insonlar ovoz berishini hisobga olsak, uzoq yillar yig‘ilib kelgan imij, ko‘rsatkichlar ham katta rol o‘ynab kelgan. Masalan, «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodri o‘tgan yili «Oltin to‘p»ni olganiga baribir sal bo‘lsa-da, avvalgi yillardagi trebl ham ta’sir ko‘rsatgan. Messi kabi futbolchilar nomzodga aylanishi uchun o‘sha mavsumda to‘p tepib tursa kifoya. Butun futbol jamoatchiligi «Frans futbol»ni Holanddan, Vinisiusdan, Levandovskidan qarzdor deb hisoblaydi. Ko‘pchilik Mbappe kabi iste’dod har yili «Oltin to‘p» olsa ham qarshi emas.
Mana shu shartlar ostida faoliyatining avvalgi 10 yilida hatto biror marta ham nomzodlar safida bo‘lmagan, hatto ko‘pchilik uchun faqat yomon taassurotlar jamlanmasi bo‘lgan Usmon Dembelening g‘olib bo‘lishi sizga nimani anglatadi? Axir u start chizig‘ida yuqorida sanalgan futbolchilar bilan birga turish uyoqda tursin, bir necha qadam orqada, deyarli minusdan boshlagani ham katta voqea emasmi? Faqat qoyil qolish kerak.
Usmon Dembele haqida 10 fakt
1. Futbolchilar orasidagi laqabi – pashsha. Maydon bo‘ylab «uchib yurishi» sababli.
2. Usmon JCh-2018 da g‘oliblik uchun berilgan mukofot pullarini onasi tug‘ilgan qishloqda masjid qurishga sarflagan.
3. Futboldagi asosiy ambidekstr hisoblanadi. Nafaqat oyoqda, balki har ikki qo‘lidan birdek foydalanadi.
4. 2017 yilda eng yaxshi yosh futbolchiga beriladigan Golden Boy sovrini uchun raqobatda faqat Kilian Mbappedan ortda qolib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
5. Dembele FIFA, Fortnite, Call of Duty, NBA 2K kabi turli videoo‘yinlarning mashhur fanati hisoblanadi. Hatto JCh-2018 vaqtida «Vinchester»ni Chempionshipga olib chiqqani bilan maqtangandi.
6. Futbolchining tartib bilan bog‘liq muammolarining yo‘qolishi va o‘yinining yaxshi tomonga o‘zgarishi 2021 yil dekabrida uylangandan so‘ng ro‘y berganini aytishadi. Usmonning rafiqasi Rima Ebdush, Razalae musulmon ayollar brendi asoschisi.

7. 2022 yil sentabrida oilada qizcha dunyoga keldi, ammo nima ism qo‘yishgani noma’lum. Usmon ham, ancha mashhur ayoli ham ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishsa-da, oilaviy ma’lumotlarni oshkor qilishmaydi.

8. Usmon «PSJ»da «Barselona»dagi davriga nisbatan 86 o‘yin kamroq maydonga tushgan bo‘lsa-da, ko‘proq gol urgan – 43 marta. «Barselona»dagi gollar soni 40 ta.
9. Dembelening musiqiy tanlovi: «Agar menga motivatsiya kerak bo‘lsa, Drake’dan tortib, Coldplay bo‘lishi mumkin. Ammo doim fransuz ildizimga sodiqman, Ninho, PLK va Saucegod kabi ijrochilarni tanlayman».
10. Usmon «Lids» klubi ashaddiy muxlisi. Hatto Patrik Bemford va Kelvin Fillipsning liboslarini so‘rab olgan.