Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda do‘konlar va dorixonalar peshlavhalari uchun “soliq” solinmoqda
Poytaxt hokimligi do‘kon va dorixonalar nomlari yozilgan peshlavhalarni “noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama” deb hisoblab, ularni demontaj qilishni talab qilyapti. Tadbirkorlarning Kun.uz'ga aytishicha, bu talab “mini market”, “dorixona”, “go‘sht do‘koni” kabi brend nomini ko‘rsatmaydigan peshlavhalarga ham qo‘llanmoqda. Biznes-ombudsmanga ko‘ra, bu talab qonuniy, lekin adolatsiz.
Foto: Kun.uz
Toshkentdagi do‘konlar va dorixonalarga shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti ogohlantirish xatlarini yubora boshladi.
Departament do‘konning nomi yozilgan peshlavhalarni tashqi reklama deb baholayapti. Bu – Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi kerak emas. Aks holda, ular tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, to‘lov qilinishi lozim.
Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlardan birining aytishicha, hokimiyat departamentining 23 sentabr kungi xatida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga tayangan holda, pasporsiz o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obektlari vakolatli organ qaroriga muvofiq demontaj qilinishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, idora Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarorini ham eslatgan. Unda xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga tegishli bo‘lmagan yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolarda tashqi reklama obektlarini joylashtirish uchun reklama joyi pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilishi lozimligi belgilangan.
“Bino kirish qismida reklama (do‘kon nomi nazarda tutilmoqda – tahr.) sababli faoliyatingizni to‘xtatib, tashqi reklama obektlarini 3 kun ichida demontaj qilishingiz va amalga oshirilgan ishlar haqida rasmiy axborot taqdim etishingiz so‘raladi”, – deyiladi xatda.
Tadbirkorlarning Kun.uz'ga aytishicha, bu talab “mini market”, “dorixona”, “go‘sht do‘koni” kabi brend nomini ko‘rsatmaydigan peshlavhalarga ham qo‘llanyapti.
“Sevaras” kiyim do‘koni asoschisi Sevara Salimova Instagram'dagi sahifasida u bilan ham xuddi shunday holat kuzatilganini aytgan.
“Hokimiyatdan 2 kishi kelib, ogohlantirib ketdi. Mana bu Sevaras yozuvini tashqi reklama deb baholab, pul to‘lashimiz kerakligini aytishdi. Ya’ni men logotipim, nomimni qo‘yganim uchun har bir kvadrat metrga davlatga pul to‘lashim kerak. “Minimalka” 1 kvadrat metr ekan, undan oshganiga 60 ming so‘mdan har oy to‘lov qilishim kerak ekan.
Tushunmayapman, YaTT nomining shunchaki qisqartirilgan nomi bu, do‘kon tepasiga qo‘ygan nom uchun pul to‘lashim kerakmi? Men tashqi reklama nimaligini yaxshi tushunaman, mana bu yerda monitor turibdi, shu kabilarni reklama deb baholash mumkin. [Nomimni] kichkina qilib, hech kimga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yishim kerakmi? Men faoliyat yuritayotganim uchun davlatga soliq to‘layman. Allaqachon nomni olib tashlashyapti, 3 kun ichida olib tashlamasak, 30 mln so‘m jarima qo‘llashar ekan”, – deydi Sevara Salimova.
Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish uchun Biznes-ombudsman, Raqobat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligiga so‘rov yubordi.
Biznes-ombudsman: “Qonuniy, ammo adolatsiz”
Biznes-ombudsmanning ma’lum qilishicha, Dorixonalar assotsiatsiyasi raisidan dorixona peshlavhalari reklama sifatida baholanayotgani haqidagi norozilik murojaati kelib tushgan. Murojaatda “dorixona” yozuvi oddiy axborot beruvchi peshlavha ekani, hech qanday brend yoki mahsulot targ‘ib qilinmayotgani ta’kidlangan.
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligi mas’ullarini vakil devoniga chaqirtirgan.
Biznes-ombudsman rasmiysi Jamshid Hasanovning Kun.uz'ga aytishicha, hokimlikning talabi qonuniy, ammo adolatsiz.
“Dorixona yozuvi 1 kvadrat metrdan katta bo‘lsa, reklama sifatida talqin qilinmoqda, lekin dorixona so‘zi brend yoki tovar nomi emas. Talab qonuniy, ammo adolatli emas. Bu hukumatning 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish uchun qarorga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘ryapti”, – deydi u.
Raqobat qo‘mitasi nima deydi?
Raqobat qo‘mitasi Kun.uz'ga bergan javobida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun reklama tusiga ega bo‘lmagan peshlavhalarga tatbiq etilmasligini bildirdi. Ammo hukumat qaroriga muvofiq, umumiy maydoni 1 kvadrat metrdan katta bo‘lgan yozuvlar tashqi reklama sifatida tan olinishi belgilanganini eslatdi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklama bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Toshkentda bu masala hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan ko‘riladi”, – deyiladi qo‘mita bergan izohda.
Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova esa so‘rovga dushanba kuni javob berilishini ma’lum qildi.
Madina Ochilova,
Kun.uz
Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
21:03 / 04.12.2025
ChatGPT ichida reklama paydo bo‘ldi, hatto premium obunachilar ham uni ko‘ryapti
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
18:21 / 03.12.2025