Jamiyat | 21:43 / 29.09.2025
8296
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘zsuvga oqizilayotgan rangli oqova suvlar bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Bosh prokuratura «Toshkent suv ta’minoti» korxonasi ustidan tergov harakatlarini boshladi.

Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanalining ifloslanishi holati bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan «Toshkent suv ta’minoti» korxonasiga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Hozir Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, «Toshkent suv ta’minoti» ifloslantiruvchi moddalarni tashlaydigan sanoat korxonalari bilan shartnomalar tuzgan, laboratoriya o‘lchovlarini o‘tkazgan va kimyoviy chiqindilarni kanalizatsiya tarmog‘iga rasman qabul qilgan. Shu bilan birga, amaldagi me’yorlar kimyoviy oqova suvlarni kanalizatsiya tizimiga qabul qilishni taqiqlaydi. Jinoyat ishi doirasida 70 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari tekshirilgan.

Xabar qilinishicha, Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasining birinchi chiqishi oqova suvlarining laboratoriya tahlili natijalariga ko‘ra, ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan sezilarli darajada oshgan: muallaq moddalar - 23,7 baravar, ammoniy ionlari - 101,9 baravar, azot nitriti - 3,5 baravar, sulfatlar - 2,3 baravar, fosfatlar - 1,3 baravar, neft mahsulotlari - 2,52 baravar, mis - 4,16 baravar, temir - 12,4 baravar.

Obektning uchinchi chiqarilishida ham ortiqcha moddalar aniqlandi: muallaq moddalar - 22,1 marta, ammoniy ionlari - 19,9 marta, azot nitritlari - 8,5 marta, sulfatlar - 2,8 marta, fosfatlar - 1,3 marta, BPK - 17 marta, neft mahsulotlari - 1,78 marta, mis - 3,3 marta, temir - 3,6 marta.

Dastlabki o‘rganish davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik va oqova suvlarni oqizganlik uchun 1,5 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.

Avvalroq, Bo‘zsuv kanaliga rangli oqova suvlar oqizilayotgani to‘g‘risidagi videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. «O‘zsuvta’minot» AJ bunga munosabat bildirib, tekstil korxonalarini «kanalizatsiya suvlarini tozalovchi inshootlarning ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganlikda» ayblagan edi.

Mavzuga oid