Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oltin narxi tarixiy maksimumga yetdi, dollar pasaydi
Dushanba kuni jahon fond bozorlari o‘sdi, dollar esa pasaydi. Xomashyo bozorlarida oltin yana o‘sib, bir unsiya uchun rekord 3 819 dollar darajasiga chiqdi. Investorlar AQSh hukumati yopilishi mumkinligiga tayyorlanmoqda. Bu esa o‘z navbatida sentabr oylik bandlik hisobotining hamda boshqa muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlarning e’lon qilinishini kechiktirishi mumkin.
Foto: Getty images
Reuters agentligiga ko‘ra, investorlar AQSh hukumatining yopilishi borasida xavotirlari kuchaygani haqida xabar berdi. Ayni paytda fond bozorlarida o‘sish qayd etildi, dollar pasaydi, oltin narxlari esa tarixiy maksimumga yetdi.
AQShda “hukumat yopilishi” (government shutdown) deganda federal hukumatning vaqtinchalik moliyalashtirilishi to‘xtab qolishi tushuniladi. Bunda “keraksiz” hisoblangan davlat idoralari vaqtincha ishlamaydi, xodimlari ta’tilga chiqariladi. Muhim xizmatlar — xavfsizlik, harbiylar, aeroportlar — faoliyatini davom ettiradi, lekin ko‘pincha vaqtinchalik ish haqi to‘lanmaydi. Bu iqtisodiyot va bozorlar uchun noaniqlik yaratadi.
Oltin esa dollarning pasayishi va AQSh hukumati yopilishi mumkinligidan xavotirlangan investorlar sababli yangi rekord darajaga chiqdi, deb yozmoqda nashr.
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Kongressdagi yetakchi demokrat va respublikachilar bilan hukumatni moliyalashtirish muddatini uzaytirishni muhokama qiladi. Agar kelishuvga erishilmasa, chorshanba kunidan boshlab hukumat yopiladi. Shu kuni og‘ir yuk mashinalari, litsenziyalangan dori vositalari va boshqa bir qator mahsulotlarga nisbatan yangi bojlar ham kuchga kiradi.
Uzoq davom etadigan yopilish Federal Rezerv tizimini 29 oktyabrdagi yig‘ilishda iqtisodiy vaziyatdan bexabar qoldirishi mumkin.
Bank of America (BofA) tahlilchilarining qayd etishicha, agar yopilish Federal Rezerv yig‘ilishidan keyin ham cho‘zilsa, Markaziy bank qaror qabul qilishda xususiy ma’lumotlarga tayanishga majbur bo‘ladi. Bu oktyabr oyida foiz stavkasi pasayish ehtimolini biroz kamaytirishi mumkin.
MSCI Butun dunyo indeksi 0,16 foizga o‘sdi, Yevropadagi STOXX 600 esa 0,3 foizga ko‘tarildi. Sentyabr yakuniga ko‘ra 1,1 foiz daromad qayd etilishi kutilmoqda — bu ketma-ket uchinchi oy o‘sishdir.
Bozorlar oktyabrda Federal Rezerv foiz stavkasi pasayishi ehtimolini 90 foiz, dekabrda esa yana pasayishi ehtimolini 65 foiz atrofida baholamoqda.
BofA tahlilchilari yopilish har bir hafta uchun iqtisodiy o‘sishga atigi 0,1 foiz punkt ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashdi. Biroq agar hukumat yopilishdan foydalanib xodimlarni butunlay ishdan bo‘shatsa, bu ish o‘rinlari va iste’molchilarning ishonchiga jiddiy zarba berishi mumkin.
Dollar indeksi 0,2 foizga tushib, 97,952 darajasini tashkil etdi. O‘tgan hafta esa AQSh iqtisodiy ko‘rsatkichlarining ijobiy chiqishi sabab mustahkamlangan edi.
Xomashyo bozorlarida oltin yana o‘sib, bir unsiya uchun rekord 3 819 dollar darajasiga chiqdi.
Neft narxlari esa pasaydi. Sababi Iroqning yarim avtonom Kurdiston mintaqasidan Turkiyaga neft quvuri orqali 2,5 yildan keyin ilk bor xomashyo oqimi boshlandi.
Reuters’ning xabar berishicha, OPEK+ kelasi yakshanba kuni bo‘ladigan yig‘ilishida kuniga kamida 137 ming barrelga qo‘shimcha ishlab chiqarishga ruxsat berishi kutilmoqda.
Brent markali neft 1,13 foizga arzonlab, barrel uchun 69,34 dollar, AQSh xom neftii esa 1,4 foizga pasayib, 64,77 dollar darajasiga tushdi.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
07:28 / 02.12.2025
Dunyodagi butun oltin zaxirasi bitta infografikada
10:56 / 01.12.2025