Texnologiya | 21:22 / 04.10.2025
5965
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar 40 ming yildan beri abadiy muzlikda bo‘lgan mikroblarni uyg‘otdi

Suv qo‘shib, 4-12°C gacha bo‘lgan haroratda inkubatsiya qilingandan so‘ng, mikroblar asta-sekin jonlanib, to‘liq koloniyalar hosil qila boshladi.

Foto: Elena Herzog/Leibniz-HKI

Kolorado universiteti (AQSh) olimlari uzoq vaqt davomida abadiy muzlikda bo‘lgan mikroblarni «uyg‘otishga» muvaffaq bo‘ldi. Namunalar Alyaskadagi 100 metrdan ortiq chuqurlikka cho‘zilgan tadqiqot tunnelidan olingan. Uning devorlarida hali ham qadimgi bizonlar va mamontlarning qoldiqlarini ko‘rish mumkin.

G‘orga kirishda e’tiborni tortadigan birinchi narsa - yoqimsiz hid. Mikrobiolog uchun bu ayniqsa qiziqarli, chunki bunday hidlar ko‘pincha mikroorganizmlarning faoliyati bilan bog‘liq.

Olimlar tunnelda ba’zilarining yoshi taxminan 40 ming yil bo‘lgan namunalarni to‘pladi. Suv qo‘shib, 4-12°C gacha bo‘lgan haroratda inkubatsiya qilingandan so‘ng, mikroblar asta-sekin jonlanib, to‘liq koloniyalar hosil qila boshladi.

Ular hali ham organik moddalarni parchalab, karbonat angidrid ko‘rinishida chiqarishi mumkin bo‘lgan barqaror hayotni qo‘llab-quvvatlashga qodir.

Ma’lum bo‘lishicha, muzdan olingan mikroblar darhol uyg‘onmaydi - ularning faolligini tiklash uchun bir necha oy kerak bo‘ladi. Qadimgi organizmlarning bunday yuqori hayotchanligi iqlimshunoslarni xavotirga solmoqda, chunki abadiy muzliklarning erishi issiqxona gazlarining ajralib chiqishiga olib kelishi mumkin, bu esa iqlim o‘zgarishini kuchaytiradi.

Abadiy muzloq tuproq, muz va tog‘ jinslarining muzlagan aralashmasi bo‘lib, shimoliy yarimsharda quruqlikning deyarli to‘rtdan bir qismini egallaydi. Bunday qatlam o‘ziga xos vaqt kapsulasi bo‘lib xizmat qiladi - unda qadimgi hayvonlar, o‘simliklar qoldiqlari, shuningdek, ko‘plab bakteriyalar va mikroorganizmlar saqlanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid