Sport | 23:45 / 06.10.2025
4347
3 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» va «Milan»ga chempionat o‘yinlarini xorijda o‘tkazishga ruxsat berildi

UYeFA ijro qo‘mitasi bu haqdagi so‘rovlarni «istisno tariqasida» qabul qilgani aytilmoqda.

Foto: Getty images

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) Yevropa milliy ligalari o‘yinlarini xorijda o‘tkazish bo‘yicha ikkita arizani ma’qulladi.

Birinchisi, dekabr oyida Mayamida (AQSh) bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «Vilyarreal» - «Barselona» o‘yini; ikkinchisi, fevral oyida Avstraliyaning Pert shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «Milan» - «Komo» o‘yini.

Relizda ta’kidlanishicha, qaror «katta hafsalasizlik bilan» qabul qilingan, bu «Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) mavjud me’yoriy bazasi hozir qayta ko‘rib chiqilayotgani va yetarlicha aniq va batafsil emasligi» bilan bog‘liq. Shuningdek, UYeFA ijro qo‘mitasi so‘rovlarni «istisno tariqasida» qabul qilgani aytilmoqda.

«Liga o‘yinlari o‘z vatanida o‘tkazilishi kerak», deb ta’kidladi UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin. - Aks holda o‘yinlarga kiradigan mahalliy muxlislarning haq-huquqlari poymol bo‘ladi, musobaqalarning o‘zi esa buzib ko‘rsatiladi. Afsuski, bu ikki o‘yinga ruxsat berishga to‘g‘ri keldi. Bu qaror favqulodda bo‘lib, pretsedent yaratuvchi sifatida qaralmasligi kerak. Biz milliy ligalar yaxlitligini himoya qilishimiz va futbol vatanimizda qolishini ta’minlashimiz kerak».

Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) allaqachon «Vilyarreal» va «Barselona» klublarining La Liga doirasidagi o‘yinini Mayami shahrida o‘tkazilishini ma’qullagan. La Liga xalqaro miqyosda, ayniqsa AQSh bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor.

Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) «Milan» - «Komo» o‘yinini Pertda o‘tkazish bo‘yicha ijobiy xulosa bergan. Ko‘chirilish sababi — shu kuni «San-Siro» stadionida 2026 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid