Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy Trampga Amerika iqtisodiyoti uchun 1 trillion dollar sarmoyani taklif qildi
Buning evaziga so‘nggi o‘n yillikda milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kiritilgan Xitoy kompaniyalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni talab qilmoqda.
Foto: Reuters
Xitoy vakillari AQSh bilan savdo muzokaralarida Amerika iqtisodiyotiga ulkan miqdorda, ammo ma’lum shartlar asosida sarmoya kiritishni taklif qildi. Ulardan biri - so‘nggi o‘n yillikda milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kiritilgan Xitoy kompaniyalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash.
Sentyabr oyida Madridda bo‘lib o‘tgan delegatsiyalar uchrashuvida TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQShda ishlashini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. AQSh savdo vakili Jyeymison Grir so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «Xitoy kompaniyalari uchun Qo‘shma Shtatlardagi sarmoyaviy muhitni» ham muhokama qilgan.
Xitoy savdo vakili Li Chengan so‘zlariga ko‘ra, AQSh «investitsiyalar uchun to‘siqlarni kamaytirish va savdo-iqtisodiy jabhada tegishli hamkorlikni ilgari surish haqida gap ketganda, Xitoy bilan birgalikda bir maqsad sari harakat qilishga tayyorligini» bildirgan.
Bir necha kundan keyin Xitoy raisi Si Jinping prezident Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda «Xitoy kompaniyalari Amerikaga sarmoya kiritishi» uchun tegishli sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlagan. Bu shartlar orasida Xitoy kompaniyalarining AQShda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan bitimlarga nisbatan milliy xavfsizlik sohasidagi cheklovlarni bekor qilish ham bor, dedi Bloomberg agentligiga ushbu takliflar bilan tanish bo‘lgan odamlar.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadamni joriy yil boshida Xitoy vakillari 1 trillion dollarga baholagan keng ko‘lamli investitsiyalar paketiga kiritish taklif qilinmoqda. Hozir gap qanday summalar haqida ketayotgani noma’lum. Ammo Pekin, shuningdek, AQShda qurilgan Xitoy zavodlari o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan mahsulotlar importiga bojlarni kamaytirishni talab qilmoqda.
AQSh bir necha yildan beri Xitoyning iqtisodiy rivojlanishini turli yo‘nalishlarda cheklashga harakat qilmoqda, buning uchun xavfsizlik sohasidagi vositalardan foydalanmoqda. Masalan, o‘tgan o‘n yillikda Vashington AQShda Huawei telekommunikatsiya kompaniyasi mahsulotlaridan har qanday foydalanishni taqiqladi va unga qarshi sanksiyalar kiritdi, shuningdek, boshqa mamlakatlarni embargoga qo‘shilishga ishontirdi. Xitoyliklar uchun AQShda aktivlarni qo‘shib olish va sotib olish bo‘yicha cheklovlar mavjud. Tashqi yo‘nalishda Vashington Xitoyga yuqori texnologiyali chiplar, jumladan, sun’iy intellekt uchun chiplar sotishni chekladi.
Xitoy «Amerika bilan kelishuvlarda muntazam ravishda aldaydi», dedi Vakillar palatasining Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi, respublikachi Jon Mulenaar. U investitsiyalar bo‘yicha cheklovlarni yumshatishdan qaytardi:
«Xitoy o‘nlab yillar davomida o‘z bozori va kompaniyalaridan bizga qarshi foydalangan va biz bu kompaniyalarga iqtisodiyotimizga kengroq kirish imkonini berolmaymiz», dedi u.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38