O‘zbekiston | 19:00 / 11.10.2025
6185
7 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodan “Yuventus”gacha bo‘lgan yo‘l - o‘zbekistonlik yoshlar raqamli dunyoda

O‘zbekistonda IT sohasi endi faqat poytaxt ahli uchun emas. Sirdaryoda maktab o‘quvchisi dastur tuzib kompaniya ochgan, Farg‘onada jismoniy imkoniyati cheklangan yigit 3D mahsulotlarini onlayn sotishni yo‘lga qo‘ygan, Xorazmdagi o‘quvchi esa “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasi orqali ota-onasini vataniga qaytarishni orzu qilmoqda. Ular IT orqali nafaqat daromad topish, balki orzularini amalga oshirish mumkinligini isbotlamoqda.

O‘zbekistondan turib “Yuventus” futbol klubiga dastur yaratib bergan yigit, jismoniy imkoniyatlari cheklangan bo‘lishiga qaramay, mahsulotlarini onlayn savdo platformalarida sotishni yo‘lga qo‘ygan Muhammadumar, maktab davridayoq veb-saytlar yasab daromad topgan tadbirkor va migrant ota-ona farzandining hikoyalari. Ularni nima birlashtirishi haqida maqolada o‘qing.

Murodxo‘ja Muratov, Sirdaryo:

“Bir kun mijoz veb-sayt buyurtma qildi. Telefonda qilardim – uydagilar hali bilishmasdi nima bilan shug‘ullanishimni, lekin veb-sayt bo‘lgani uchun telefonda qilishning iloji yo‘q edi. Hali maktabda o‘qiyman, pasportim yo‘q. Shunda onamdan iltimos qildim pasportlariga pul chiqarishimni va uni yechib olishni so‘radim. Shunda onam “bor, telefoningni o‘ynagin”, deb haydab yubordi. Tushuntirishga harakat qildim, bir nechta urinishlarimdan keyin “noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgansan, xavfli odamlardan pul olyapsan” degan tushuncha bilan telefonimni olib qo‘ydi. Oxiri bankka bordik, rostdan pul kelgan. Bu pul qayerdan kelganini ko‘rsatib berishimni so‘radi. Shundan keyin yo‘llar ochilib ketdi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi UIC GROUP kompaniyasini boshqaraman. IT’ga qiziqishim maktabdan boshlangan. Saytlar qanday yasalishiga qiziqqanman. 2010 yillarda qo‘limga internetga kirish imkoniyati bo‘lgan telefon tushib qoldi va qiziqib ketdim.

IT markazlar faqat Toshkentda bor deb o‘ylardim. Sirdaryoga kelganimda buni tasavvur ham qilmagandim. Eng birinchi dasturchi bo‘lib kirganman, o‘sha saytni ishlab chiqish uchun. Hozir u markaz yopilib ketdi. Shundan keyin shogirdlarim bilan Sirdaryoda ham IT o‘rgatadigan markaz bo‘lishini orzu qilardik. Hozir viloyatda IT shaharcha qurilgan, IT yo‘nalishlarni o‘qitishyapti. Ilgari bunaqa imkoniyat bo‘lmasdi”.

Muhammadumar Ibrohimov, Farg‘ona:

“2 yil avval raqamli texnologiyalar markazida IT yo‘nalishi haqida o‘tkazilgan tadbirda bunga qiziqib qoldim va shu kasbni o‘rganmoqchi ekanimni ota-onamga bildirdim. Ular mening sog‘ligimdan xavotirlanib, moliyaviy imkoniyatimiz yo‘qligini aytishdi. Shunda bir kun mahalladagi ijtimoiy xodim oilaviy ahvolimiz bilan tanishgani keldi. Onam mening IT’ga qiziqishimni, ammo moddiy imkonimiz yo‘qligini aytdi. U bizni Raqamli texnologiyalar markaziga olib bordi. Markaz rahbari esa barcha o‘qish xarajatlarim markaz tomonidan qoplanishini aytib o‘qishda olib qoldi. 3 oy kompyuter savodxonligini o‘rgandim va 3 oy 3D MAX dasturini o‘rgandim. Keyin uyimizga Wi-Fi o‘rnatib, kompyuter berishdi.

Dastur orqali mahsulotlar dizaynini yasab, uni 3D ko‘rinishida saytga joylayman. Model joylangandan keyin platforma adminlari tekshirib ruxsat berishgandan keyin sotuvga chiqariladi.

Men uchun imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Odam nimagadir chin dildan intilsa, albatta, erishadi. Men orzumdagi hayotda yashash uchun IT sohasini tanladim”.

O‘zbekiston 2030 yilgacha 300 ming nafar yoshni IT sohasida band qilish va 5 milliard dollarlik IT xizmatlari eksportiga erishishni maqsad qilgan. Bu yo‘nalishda “Al-Xorazmiy vorislari” va “IT-shaharcha” loyihalari orqali 10 mingga yaqin yoshlar IT va xorijiy tillarni davlat hisobidan bepul o‘qimoqda.

Ortiqboy Ortiqov, Xorazm:

“10-sinf o‘quvchisiman, 1 yildan beri “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasida ishtirok etyapman. Hozirda buvimning qaramog‘idaman.

IT sohasiga qiziqib yurardim. Keyin ustozimdan “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasi haqida eshitib o‘zimni sinab ko‘rgim keldi va hujjat topshirdim. Bu loyiha IT va ingliz tilini bepul o‘rgatib beradi. Boshida qiynaldim, o‘rganishni boshlaganimda yonimda ustozlarim bor edi. Ular yordam berishdi.

Hozirda ota-onam Rossiyada. Men daromad topa boshlaganimdan keyin ularni shu yerga olib kelaman. Chunki men ularni, oila jamuljam bo‘lib, bir dasturxonda ovqatlanishni sog‘inaman. Kelajakda farzandlarimning yonida bir oila bo‘lib yashashni istayman”.

Akbar Abdurahmonov, Toshkent:

“Taxminan 5 yildan beri IT sohasidaman. Boshida loyiha menejeri bo‘lib boshlaganman, keyinchalik biznes-tahlilchi yo‘nalishiga o‘tganman. 4 yildan ortiq tajribaga egaman. Hozir xalqaro kompaniyada biznes-tahlilchiman.

O‘zim futbol fanatiman. “Yuventus” futbol klubining bolalar akademiyasiga dastur qilib berganmiz va akademiya prezidenti bilan gaplashganman. Top-50 talikka kiradigan Michigan universiteti rahbarlari bilan loyihalar ustida birga ishlaganmiz va ulardan ko‘p narsa o‘rganganman. O‘zbekistonda turib Amerikada turgan odamdan ham ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lyapman deb o‘ylayman.

Esimda, 6 yil siqilib yurardim, chunki ko‘p narsa bilardim. Lekin 10 foiziniyam amalga oshira olmasdim. IT sohasiga kirganimdan keyin 100 foiz bo‘lmasa ham, juda katta potensialimni yuzaga chiqara oldim.

Biz asosan Yevropa davlatlari bilan ishlaymiz: Germaniya, Buyuk Britaniya yoki AQSh kabi. Tabiiyki, ular bizni bilishmaydi, O‘zbekiston deyishsa ko‘pchiligi tanimaydi. O‘shanda ularga o‘z mutaxassisligimizni amalda isbotlab beramiz”.

Endi IT sohasida ham IELTS’ga o‘xshagan professional sertifikat olish mumkin. Bu sertifikat uchun sarflangan xarajatlarni ham davlat qoplab beradi.

Xoh Sirdaryoda, xoh Xorazm yoki Farg‘onada bo‘lsin — bu yoshlar uchun IT faqat texnologiya emas. Bu orzularni amalga oshirish, oilasi bilan birga bo‘lish va eng muhimi, O‘zbekistonda turib jahon bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyatidir.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid