Iqtisodiyot | 20:44 / 12.10.2025
2169
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro logistika terminali quriladi

Toshkent shahri hokimligi huzuridagi «Tashkent Invest» kompaniyasi Dubayning DP World kompaniyasi bilan zamonaviy multimodal logistika terminalini ishlab chiqish va boshqarish uchun DP World Tashkent qo‘shma korxonasini tashkil etdi.

Foto: DP World

Xabar qilinishicha, Yangihayot tumanidagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi hududida transport bog‘lanishini yaxshilash, samaradorlikni oshirish va savdo tartib-qoidalarini soddalashtirishga qaratilgan terminal qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi kompaniya ustav kapitalida «Tashkent Invest» 15 foiz, DP World esa 85 foiz ulushga ega bo‘ladi. Uch bosqichda ishlab chiqiladigan loyihaga jami investitsiya 288 mln dollardan oshadi.

Maydoni taxminan 82 gektar bo‘lgan xalqaro transport-logistika markazi tarkibiga konteynerlar va yopiq yuklar uchun temiryo‘l quruq porti, bojxona rasmiylashtiruvi zonalari, transport vositalari saqlanadigan maydonchalar, yuk mashinalari uchun avtoturargoh, shuningdek, A toifali omborlar va kross-doking majmualari kiradi.

Birinchi bosqich doirasida yiliga 150 ming TEU (20 futli standart konteyner hajmiga teng) quvvatga ega temiryo‘l terminali hamda 63 ming kvadrat metr maydonli ombor majmuasi qurilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning keyingi bosqichlarida talabga qarab umumiy maydoni 163 ming kvadrat metr bo‘lgan qo‘shimcha ombor binolarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Terminalga qarashli maxsus yuk temiryo‘l stansiyasi yuklarni qayta ishlash va yetkazib berish jarayonlarini tezlashtiradi, shu bilan birga logistika xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi. Xabarda ta’kidlanishicha, xab O‘zbekistonning milliy temiryo‘l tarmog‘i, asosiy avtomobil yo‘llari va Toshkent xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa yuklarni avtomobil, temiryo‘l va havo transporti orqali samarali tarzda multimodal tashishni ta’minlaydi.

«Bu kelishuv transport-logistika xabini rivojlantirishning boshlanishini anglatadi. Loyiha poytaxtning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. Logistika va portlar boshqaruvi sohasida jahonda tan olingan ekspert — DP World kompaniyasi bilan hamkorlik Toshkentda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yirik investorlarni jalb etish imkonini beradi. Jahon darajasidagi infratuzilma tufayli Toshkent mahalliy hamda xalqaro biznes uchun yanada qulay shaharga aylanadi», — dedi poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov kelishuvni imzolash marosimida.

«Toshkent multimodal logistika terminali Markaziy Osiyo mintaqasiga jahon darajasidagi infratuzilma va ilg‘or logistika imkoniyatlarini taqdim etadi. Bu ta’minot zanjirlari samaradorligini oshirishga va turli sohalardagi biznesni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi», — dedi DP World guruhi rahbari va bosh direktori Sulton Ahmad bin Sulayim.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid