Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Foto: Qariyb ikki ming falastinlik mahbus ozod qilindi
Sulh doirasida ozod qilingan falastinlik mahbuslar G‘arbiy sohil va G‘azoda xursandchilik ko‘z yoshlari bilan kutib olinmoqda. Isroil «og‘ir jinoyatlar»da ayblangan 250 kishi, G‘azoda hibsga olingan 1 700 nafar falastinlik va 22 nafar bolalarni qo‘yib yuborganini ma’lum qildi. Ozod qilinganlar orasida 154 mahbus esa Misrga deportatsiya qilingan.
Foto: AFP
13 oktabr kuni AQSh vositachiligida tuzilgan sulh doirasida ozod qilingan falastinlik mahbuslarni qarshi olish uchun G‘arbiy sohil va G‘azoda to‘plangan odamlarga to‘ldi. Ular avtobuslarga yopirilib, o‘zining qarindoshlarini ko‘z yoshlar bilan kutib oldi.
Reutersʼning yozishicha, kelishuvga ko‘ra Isroil «og‘ir jinoyatlar»da ayblangan 250 nafar falastinlikni, urush boshlanganidan beri G‘azoda hibsga olingan 1 700 nafar falastinlikni, 22 nafar voyaga yetmaganlarni ozod qilgan. Bundan tashqari Hamas askarlaridan 360 kishining jasadi ham qaytarib berilgan.
Isroil hukumati 1 968 nafar falastinlik mahbusni ozod etish jarayoni to‘liq yakunlanganini bildirdi. Isroil qamoqxona xizmati rasmiy bayonotda aytilishicha, mahbuslar G‘arbiy sohil, Sharqiy Quddus va G‘azo sektoriga jo‘natilgan.
G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida minglab odamlar to‘plandi, kimdir Falastin bayrog‘ini hilpiratdi, kimdir esa o‘z yaqinining suratini ko‘tardi, deb yozadi nashr.
Ozod etilgan mahbuslar avtobuslarda keldi – ayrimlari oynadan bosh chiqarib, «g‘alaba» ishorasini ko‘rsatishdi.
Bundan avvalroq, Hamasning qurolli qanotiga mansub qora niqobli askarlardan iborat guruh kasalxonaga kelgan, u yerda ozod etilgan falastinliklarni kutib olish uchun sahna va o‘rindiqlar tayyorlangandi.
Ozod qilinganlar orasida Hamasning yirik qo‘mondonlari yoki boshqa fraksiyalarning taniqli yetakchilari yo‘q. Bu esa ayrim mahbuslar qarindoshlari orasida «bitim yetarlicha keng emas» degan norozilikni keltirib chiqardi.
154 mahbus Misrga deportatsiya qilindi
Falastin Mahbuslari bo‘yicha media idorasiga tayanib, Al-Jazeera'ning ma’lum qilishicha, dushanba kuni ozod etilgan kamida 154 nafar falastinlik mahbus Isroil tomonidan surgun qilinadi. Hamasga ko‘ra, 154 nafar mahbus Misrga deportatsiya qilingan.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, bunday majburiy surgun ozod etilganlarning fuqarolik huquqlarini buzadi va almashuv bitimlari atrofidagi ikkiyuzlamachilikni ko‘rsatadi.
«Bu, shubhasiz, noqonuniy», — dedi Doxa oliy tadqiqotlar instituti jamoat siyosati bo‘yicha dotsenti Tamer Qarmut Al-Jazeera'ga bergan intervyusida.
«Bu noqonuniy, chunki ular Falastin fuqarolari, boshqa fuqarolikka ega emas. Ular kichik qamoqxonadan chiqishyapti, ammo kattaroq qamoqxonaga — o‘z jamiyatidan uzoq, begona davlatlarga jo‘natilishyapti. U yerda ular katta cheklovlarga duch keladi. Bu insoniylikka zid», — dedi u.
«Endi ayrim oilalar o‘z yaqinlarining Falastindan surgun qilinishini ko‘radi, lekin ularni uchratishning imkoni bo‘lmaydi», — dedi nashrning G‘arbiy sohilda ishlayotgan muxbiri Nida Ibrohim.
Tahlilchi Tamer Qarmutga ko‘ra, surgun ularning siyosiy kelajagini tugatadi.
«Ular boradigan mamlakatlarda juda qat’iy cheklovlarga duch keladi, bu esa ularning har qanday siyosiy yoki ijtimoiy faoliyatini to‘xtatadi,» — dedi u. Uning fikricha, bu deportatsiyalar aslida ozod etilgan mahbuslarni majburan ko‘chirish va ularning oilalariga nisbatan jamoaviy jazo hisoblanadi — oilalar endi surgundagi yaqinlaridan ajraladi yoki agar Isroil ruxsat etsa, o‘z yurtini tark etishga majbur bo‘ladi.







Mavzuga oid
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025