Sport | 22:56 / 15.10.2025
6109
7 daqiqa o‘qiladi

Hozircha tanishuv. Kannavaroning debyuti qanday o‘tdi?

Italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligida O‘zbekiston milliy jamoasi ikkita uchrashuv o‘tkazdi. Bitta kuchsizroq, bitta kuchli jamoaga qarshi o‘yinlardan keyin ba’zi xulosalar qilish mumkin. Quyida Kannavaro murabbiyligidagi milliy jamoa qanday o‘yin ko‘rsatgani, qaysi jihatlarga e’tibor qaratish zarurligi haqida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kannavaroning debyuti Kuvaytga qarshi o‘yinga to‘g‘ri keldi. Italiyalik murabbiy bilan kelishuv o‘yin arafasida imzolangani sabab bu o‘yinlarga jamoani Temur Kapadze boshlab tushishi, Kannavaro shunchaki tomoshabin sifatida kuzatishi ham mumkin edi. Lekin Fabio tezda ishga kirishishni istab, Kapadze bilan tandemda jamoani boshlab tushdi.

Kuvayt bilan o‘yinda O‘zbekiston jiddiy muammoga duch kelmasligi aniq edi, hozir jamoalar o‘rtasidagi farq katta. Milliy jamoa kutilganidek, oson g‘alabaga erishdi. Lekin e’tibor qilgan bo‘lsangiz, barcha futbolchilar o‘rtoqlik o‘yinlariga xos bo‘lmagan o‘zgacha ishtiyoq bilan harakat qilishdi. Bu tabiiy, futbolchilar yangi murabbiyga o‘zini ko‘rsatishni istaydi. Ayniqsa Hojimat Erkinov juda faol o‘ynadi. Kannavaro milliy jamoaning asosiy kuchi shu yigit bo‘lsa kerak deb o‘ylagandir ham.

Shomurodovning hisobni ochuvchi goli, Kannavaroning aytishicha, mashg‘ulotlarda o‘ylangan kombinatsiya ekan. Kombinatsiya ham emas aslida, markaziy himoyachi Hamraliyev to‘pni to‘g‘ri hujum chizig‘iga yetkazib berdi, Shomurodov yakkama-yakka vaziyatdan aniq foydalandi. Demak Kannavaro mashg‘ulotda nimalarnidir o‘zgartirishni boshlagan ko‘rinadi.

Ilk sinov

Yig‘in doirasidagi ikkinchi o‘yin Urugvayga qarshi o‘tkazildi. Agar ikkinchi o‘yin ham Kuvayt kabi Osiyoning o‘rtamiyona jamoasiga qarshi kechsa, Kannavaroning murabbiyligi haqida hech narsa aytolmasdik. Chunki murabbiyning darajasi jiddiy o‘yinlarda bilinadi. To‘g‘ri, Urugvay asosiy tarkibi bilan o‘ynamadi, bu shunchaki o‘rtoqlik o‘yini edi, lekin shunday bo‘lsa-da, Kannavaro o‘zini ko‘rsatishi uchun juda yaxshi raqib.

Urugvay bilan uchrashuvda italiyalik murabbiy O‘zbekistonni butkul boshqa jamoaga aylantirib qo‘ygani yo‘q, albatta. Biroq Janubiy Amerikaning top jamoasiga qarshi o‘yinda milliy jamoa sochilib ketgani ham yo‘q. O‘yin davomida Urugvayga bosim qilishdi, ikkinchi bo‘lim oxirida ustunlik ham biz tomonda bo‘ldi. Xullas, tartibli o‘yin ko‘rsata olishimizni isbotladik. O‘zi Katanets kelganidan keyin O‘zbekiston ancha sovuqqon, intizomli o‘yin ko‘rsatadigan bo‘ldi. Ha, Kannavaro hali o‘zgacha nimadir qila olgani yo‘q, lekin jamoa zarariga ishlaydigan qarorlar ham qabul qilmagan ko‘rinadi.

Kannavaro Yaponiya, Koreya yoki Eronga qarshi rasmiy o‘yin o‘tkazganida uning imkoniyatlarini tezroq bilib olardik. Menimcha, endi uning qanday murabbiy ekanini shu bilan jahon chempionatida bilamiz, chunki o‘rtoqlik o‘yinlari bunday imkoniyat bermaydi.

Yangi futbolchilar bo‘ladimi?

Tarkibga qaraganda bu hamon Temur Kapadzening jamoasi. Kannavaro shunchaki o‘zbekistonlik hamkasbi tanlagan futbolchilarga ko‘rsatma bergan. U o‘zbek futbolchilarini endi taniy boshladi. Noyabrda yana FIFA kunlari bor, o‘sha yig‘inga chaqirilgan futbolchilar katta ehtimol Kannavaroning asosiy tarkibi bo‘ladi. Murabbiy O‘zbekistonda qolib chempionat o‘yinlarini kuzatishini aytdi. Futbolchilar o‘yinlarini videoda ko‘rish bilan maydonda tomosha qilish o‘rtasida farq katta.

Murabbiy chempionat o‘yinlarini kuzatib yangi futbolchilarni jalb qilsa, juda yaxshi. Chunki har qancha legionerlar ko‘p bo‘lmasin, mamlakat futboli darajasini ichki chempionat aks ettiradi. Milliy jamoaga qancha ko‘p nomzodlar bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki istalgan paytda qaysidir futbolchi safdan chiqishi mumkin, uning o‘rniga chaqirish uchun ichki chempionatda nomzodlar bo‘lishi kerak.

Oxirgi yig‘indagi bir holat odamni xafa qiladi. Ichki chempionatdan bir necha futbolchi milliy jamoaga chaqirildi, lekin baribir oldingi o‘yinlarda harakat qilgan futbolchilar maydonga tushdi. Axir o‘rtoqlik o‘yinlaridan maqsad yangi nomzodlarni sinab olish emasmi? Nahotki O‘zbekiston chempionatida o‘tgan oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Rustam Turdimurodov hech bo‘lmasa 15-20 daqiqa maydonga tushishga munosib bo‘lmasa? Uning aybi «Surxon»da o‘ynashimi?

Chempionatga, chempionatdagi futbolchilarga aslo bepisand munosabatda bo‘lish kerak emas. Odatda milliy jamoaga doimiy 3-4 klub futbolchilari va legionerlar chaqiriladi, bo‘ldi. Bu borada Angliyadan o‘rnak olsak arziydi. APL o‘yinlarini kuzatsangiz, «Nyukasl»dagi gigant himoyachi Den Byornni tanisangiz kerak. O‘z vaqtida «Nyukasl» akademiyasidan haydalib, keyin do‘konda ishlab yurgan Den 29 yoshida jonajon klubi bilan shartnoma imzolagandi.

Shu yil 33 yoshida Byorn ilk marta Angliya milliy jamoasidan chaqiruv oldi. Ko‘p o‘tmay «Nyukasl» bilan Liga kubogini yutib, finalda «Liverpul» darvozasiga gol urdi. Milliy jamoa ana shunaqa narsa, futbolchini yangi darajaga olib chiqadi.

Yoki bo‘lmasa 2012 yildagi olimpiada o‘yinlari finalini eslang. Neymar boshchilik dahshatli Braziliya finalda Meksikaga 1:2 hisobida yutqazadi. Har ikki jamoada Yevropada o‘ynaydigan yulduzlar ko‘p edi. Meksikaliklarning ikki goliga esa hech qachon chet el klublarida o‘ynamagan «Santos Laguna» degan jamoa futbolchisi Origo Peralta mualliflik qiladi. O‘shanda 28 yoshda bo‘lgan yigit 23 yoshdan kattalar uchun ajratilgan uch kishilik limit doirasida olimpiadaga olib borilgandi.

Bunaqa misollarni ko‘p keltirish mumkin. Fabio Kannavaro chempionat o‘yinlarini kuzatishni juda istayotgani shaxsan meni xursand qildi. Dunyoga yaxshi futbolchi bo‘lganidek, yaxshi murabbiy ham ekanini ko‘rsatishni istayotgan Kannavaro uchun O‘zbekiston juda zo‘r joy. Umid qilaman, u faqat legionerlarga ishonib qolmay, chempionat o‘yinlarini ham kuzatib, o‘zining Den Byorn va Origo Peraltalarini topa oladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid