Jamiyat | 21:45 / 16.10.2025
22036
11 daqiqa o‘qiladi

Bozorda pichoqlab o‘ldirilgan qizaloq: bu qotillik yuz bermasdi, agar...

Denov tumanida 3 yoshli qizaloq bozorda notanish ayol tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Qotil ruhiy xasta bo‘lib chiqdi: taassufki, ayol avval ham bozorda o‘g‘irlik qilgan, ruhiy xasta bo‘lgani uchun sud unga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llagan, ijrosini esa Denov tuman IIBga yuklagandi. Ayolni ruhiy xastaxonaga joylashtirishi kerak bo‘lgan profilaktika inspektori sud ajrimini “ish stoli ustida unutib qoldiradi”. Afsuski, bu “unutish”ning oqibati uzoq kuttirmadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bozordan tirik qaytmagan qizaloq

2025 yil 1 may. Ammasi bilan Denov tumanining Bobur mahallasidagi dehqon bozorga borgan 3 yoshli Oysha uyga tirik qaytmadi: bozorda notanish ayol kutilmaganda unga hujum qilib, qo‘lidagi pichoq bilan zarba berdi. Barchasi soniyalar ichida sodir bo‘ldi, qizaloq va uning qo‘lidan ushlab kelayotgan ammasi bir lahza nima bo‘lganini sezmay ham qolishdi.

Qizaloqning jarohatidan qon oqa boshladi, unga zarba bergan ayol esa qo‘lidagi pichoqni namoyishkorona bir chetga uloqtirib, voqea joyidan nari ketdi. Hodisa shu yerdagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgandi.

Oysha olgan og‘ir tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan. Unga pichoq bilan zarba bergan ayol esa ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan. Bu 1995 yilda tug‘ilgan, Denov tumanida yashovchi Surayyo Mamatova edi. Ayolga nisbatan qasddan odam o‘ldirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik uning ruhiy xasta ekani oydinlashgan.

Bozorda o‘g‘irlangan telefon

Aslida Oyshaning o‘limi bilan bog‘liq holat sodir bo‘lishida ruhiy xasta ayoldan tashqari yana bir aybdor bor. Uning kimligini keltirishdan avval yana bir jinoyatga e’tibor qaratish zarur. Bu 2024 yil 1 oktyabr kuni Denov tumanining Namozgoh mahallasidagi bozorda sodir qilingan o‘g‘rilik jinoyati.

Shu kuni soat 7:45 larda notanish ayol bozordagi savdo do‘koniga kirib, avvaliga fuqarolardan birining narxi 2 mln so‘mlik telefonini, so‘ngra boshqa fuqaroning narxi 600 ming so‘mlik ro‘molini o‘g‘irlaydi. Bu jinoyatni ham Surayyo Mamatova sodir qilgandi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va tergov harakatlari olib boriladi. Jarayonda ayolning ruhiy xasta ekani aniqlanadi. Demak Surayyo Mamatovaning ruhiy xasta ekani u Oyshani pichoqlab o‘ldirishidan 7 oy oldin ma’lum bo‘lgan.

Ayol sodir qilgan o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi 2025 yil 20 yanvar kuni, ya’ni Oyshaning o‘limidan 3 oy oldin Surayyo Mamatovaga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash, ya’ni uni majburiy tartibda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizish haqida ajrim chiqargan.

Ushbu sud hujjatida keltirilishicha, sud-psixiatriya ekspertizasining 2024 yil 22 oktyabrdagi 192-sonli xulosasida Surayyo Mamatovada ruhiy kasallikning “shizofreniya simptomlari bilan o‘tkir polimorf buzilishlar” turi belgilari kuzatilishi aniqlangani qayd etilgan. Xulosada ayol jinoyat paytida o‘z harakatlariga javob bera olmaydigan holda bo‘lgani aytilgan va uni Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Surxondaryo viloyati filialida majburiy davolash tavsiya etilgan.

Sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasiga tayanib, sud Surayyo Mamatova o‘g‘rilik jinoyatini aqli noraso holatda sodir qilgan, deb topgan va jinoyat ishini tugatgan. Ayolga nisbatan umumiy tipdagi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Surxondaryo viloyati filialida majburiy davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llash belgilangan.

Sud ajrimida Surayyo Mamatovani majburiy tartibda shifoxonaga joylashtirish Denov tuman IIB hamda tibbiyot birlashmasiga yuklatilgan.

Havoda qolgan sud ajrimi

Surayyo Mamatovaga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash haqidagi sud ajrimi uni ijro etish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan Denov tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Alijon Rasulov qo‘liga oradan 23 kun o‘tib, 2025 yil 12 fevral kuni yetib borgan. Biroq o‘sha vaqtda Surayyo Mamatova yashaydigan Denov tumanidagi Fayzli mahallasida profilaktika inspektori vazifasida ishlagan Alijon Rasulov masalani jiddiy deb o‘ylamagan shekilli, sud hujjati ijrosini ta’minlamagan.

O‘z harakatlariga javob bera olmaydigan Surayyo Mamatova 2025 yil 1 maygacha, ya’ni bozorda Oyshani pichoqlab o‘ldirgunga qadar ochiqda yuravergan. Shu tariqa, qizaloqning o‘limiga ichki ishlar xodimining beparvoligi ham sabab bo‘lib qolgan. Agar Alijon Rasulov o‘z vazifasiga vijdonan yondashib, sud ajrimi ijrosini o‘z vaqtida ta’minlaganida Oysha hozir qabrda emas, onasining bag‘rida bo‘lardi balki. Bu o‘y-fikrlar qizaloqning yaqinlari bag‘rini ham o‘rtayotgani aniq.

Ikkinchi urinish

Sudning Surayyo Mamatovaga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash haqidagi 2025 yil 20 yanvardagi ajrimidan so‘ng oradan 6 oy o‘tib, 2025 yil 18 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi yana shu mazmundagi ajrim chiqardi. Bu qizaloqning o‘limi bilan bog‘liq jinoyatdan keyingi sud ajrimi edi.

Sud hujjatida keltirilishicha, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi Surayyo Mamatova “Paranoid shizofreniya, uzluksiz kechishi” ko‘rinishidagi surunkali ruhiy kasallik bilan og‘rishi, qotillikni sodir qilgan vaqtda o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olish qobiliyatiga ega bo‘lmagani, u Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishga muhtoj ekani haqida xulosa bergan. Shu tariqa, ayol qotillik jinoyatini aqli noraso holatda sodir etgan deb topilgan va jinoiy javobgarlikdan ozod qilinib, unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi tugatilgan.

Surayyo Mamatovaga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan hamda uni Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanish uchun joylashtirish belgilangan. Sud ajrimi ijrosi uchun Denov tuman IIB boshlig‘iga, 9-sonli tergov hibsxonasi rahbariga hamda Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh shifokoriga yuborilgan.

Esimdan chiqib ketibdi”

Oyshaning o‘limidan so‘ng ichki ishlar xodimi Alijon Rasulovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Beparvoligi bilan qizaloqning o‘limiga sababchi bo‘lib qolgan xodimga 2025 yil 3 oktyabr kuni sud hukmi o‘qildi.

Alijon Rasulov sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda sud ajrimi ijrosini ta’minlash esidan chiqib ketganini aytgan.

Menga 2025 yil 12 fevralda Surayyo Mamatovaga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llash haqidagi sud ajrimini va uni ijro etish uchun yuborilgan xatni taqdim qilishdi. Ruhiy kasal Surayyo Mamatova mahallada otasi xonadonida birgalikda yashab kelgan. Sud ajrimining ijrosini ta’minlash maqsadida 14 fevralda Surayyo Mamatovaning yashash xonadoniga bordim. Chaqirganimda xonadondan hech kim chiqmadi. Shu sababli xonadonda hech kim yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirdim.

18 fevral kuni Surayyo Mamatovaning uyiga borgan vaqtimda uni topishning imkoni bo‘lmagandi va xonadonida yo‘qligi to‘g‘risida mahalla raisi va yoshlar yetakchisi bilan dalolatnoma tuzdim. Keyin 12 mart kuni Surayyo Mamatovani topish uchun yana uning uyiga bordim. Ammo u yo‘q ekan. Otasidan so‘raganimda u qizi opasinikiga mehmondorchilikka ketganini, ruhiy holati yaxshi ekanini aytdi. Bu gaplarga ishonib ortga qaytdim.

Shundan so‘ng uning yashash xonadoniga bormadim. Sud ajrimi xizmat xonamda esimdan chiqib qolib ketdi. Surayyo Mamatovani tibbiy muassasaga olib borishda yordam berishim kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq boshqa xizmat ishlarim bilan bo‘lib, esimdan chiqib qoldi. Biror bir rahbar ham eslatmadi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Alijon Rasulov qilgan ishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan. Shuningdek, Oyshaning onasi ham sudda Alijon Rasulovga da’vosi yo‘qligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining hukmi bilan Alijon Rasulov mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2,5 yil Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat qilish huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Nazoratsiz ruhiy xastalar

Keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda ruhiy holati buzilgan shaxslar nazorati borasida kamchiliklar borligi ko‘zga tashlanmoqda. Buni Toshkent shahrida ayiq qafasidan tirik chiqib, onasi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan 7 yoshli Zarina Ahadova misolida ham ko‘rdik.

O‘tgan bir yilda respublikada ruhiy xasta shaxslar tomonidan o‘nlab jinoyatlar sodir etilgan. Xususan, 2 nafar voyaga yetmagan qiz ruhiy nosog‘lom erkaklarning hujumiga uchragan, 2 nafar qizaloq esa pichoqlab o‘ldirilgan. Biz bugun 3 yoshli Oyshaning o‘limiga sabab bo‘lgan beparvolikka nazar tashladik. Aslida, kuzatilayotgan shu kabi har bir holat ortida mana shunday beparvolik turgan bo‘lishi mumkin. Jajji qizaloqlar o‘limiga sabab bo‘layotgan ushbu holatlar tahlil qilinishi, xatolar ustida ishlanishi zarur.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid