Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘rtoqlik o‘yinlari foydali bo‘ldi – Ismoilov intizomdagi kamchiliklar, hujumchi muammosi va raqiblar haqida
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga sanoqli kunlar qoldi. Mundial oldidan jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov matbuot anjumanida qatnashib, o‘rtoqlik o‘yinlarida olingan xulosalar va JCh uchun rejalari haqida gapirdi.
17 oktyabr kuni Milliy futbol markazida O‘zbekiston U-17 jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va futbolchi Azizbek Erimbetov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Dastlab Ismoilov Turkiya bilan o‘yinda qiziqqonlik ortidan olingan sariq kartochkalarga to‘xtaldi. U bunday xatolar katta o‘yinlarda pand bermasligi uchun alohida ishlanayotganini aytdi.
“Endi bu narsa ko‘proq mentalitet bilan bog‘liq. Sababi biz qiziqqon xalqmiz. Bu narsa qonimizda bor. Lekin buning ustida futbolchilar bilan juda ko‘p ishlarni amalga oshiryapmiz. Aynan o‘sha Osiyo chempionatidan keyin o‘yin holatlari qaytadan ko‘rib chiqilgan va har tomondan futbolchilarga tushuntirish ishlari olib borilgan.
Endi 17 yosh – bu o‘tish davri hisoblanadi, qiyin hozirgi holatda. Shunga qaramasdan, har bitta o‘rtoqlik uchrashuvlaridan keyin ham buning ustida tinimsiz ishlarni amalga oshiryapmiz. Hattoki mashg‘ulotlarda ham kimdir oddiy sariq kartochka olsa, unga jarimalar qo‘llaganmiz.
Endi qo‘ldan kelgancha hamma ishlar amalga oshirilyapti. Yana musobaqaga yaqin vaqt qolganda, ularning ustida bir qator tushuntirish ishlarini olib boramiz. O‘ylaymanki, endi bu safar unaqa qo‘pol xatolar bo‘lmaydi”, deydi Ismoilov.
U o‘rtoqlik o‘yinlari foydali bo‘lganini qayd etgan.
“Bu o‘rtoqlik uchrashuvida biz ikkala o‘yinda (Turkiya o‘smirlariga qarshi o‘yinlar) ikki xil taktikani ko‘zdan kechirdik. Birinchi o‘yinda 4-2-2-2 sxemasini, ko‘proq o‘sha maydon markazi orqali o‘ynash taktikasini ko‘rib chiqdik. Buning uchun bizda futbolchilar yetarli darajada edi. Shuning uchun hujumchisiz o‘ynadik, ko‘proq yarimhimoyachilarga imkoniyat berdik. Futbolchilar imkon darajasida bu narsalarni bajarishga harakat qilishdi va birinchi o‘yindan keyin tahlil qildik.
Ikkinchi o‘yinda esa, odatiy 4-3-3 sxemasiga qaytdik. Ikki xil taassurot qoldirdi. O‘ziga yarasha plyus-minus tomonlari bor. Umuman, bu o‘yindan asosiy maqsad – o‘sha yakuniy qarorni qabul qilishimiz uchun futbolchilarga baho berishimiz kerak edi. Deyarli 90 foizga o‘sha futbolchilardan jahon chempionatiga borishi kerak bo‘lgan 21 talik tarkib bo‘yicha qaror qabul qildik, desam ham bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu o‘yinlar jamoa foydasiga ishladi”, deydi murabbiy.
Ismoilov Turkiyaga qarshi bahsda futbolchilar JCh oldidan o‘zini ayaganini ham qo‘shimcha qildi.
“Turkiya borini berib o‘ynadi. Xuddi oxirgi o‘yinini o‘ynayotgandek”, deydi u.
Murabbiy hujumchi Nurbek Sarsenbayev uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan bo‘lsa-da, u turnirga olib ketish imkoniyatini istisno etmayapti.
“Sarsenbayevga keladigan bo‘lsak, albatta, bu hozirgi kunda og‘riqli nuqta bo‘lib turibdi. Nurbek jamoa uchun juda ko‘p foydasi tekkan futbolchi. Biz buning ustida juda ko‘p bosh qotirdik va bir qancha hujumchilarga imkoniyat berdik. Afsuski, hozirgi holatda ko‘p imkoniyat berilgan futbolchilar terma jamoa darajasida emas. Shuning uchun Nurbekning borish-bormasligi to‘g‘risida hali baribir yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Lekin musobaqa davomida bizga umuman yordam bermaydigan futbolchidan ko‘ra, guruh o‘yinlaridan keyin bizga baribir Nurbekning yordami tegadi. Albatta, guruhdan chiqamiz, Xudo xohlasa. Bunga jamoaning salohiyati yetadi.
Bundan tashqari, bizda hujum chizig‘ida hozir Azizbek Abdumo‘minov ham bemalol harakat qila oladi. Sayfiddin Sodiqov ham hujum markazida o‘ynaydi. Hujum markazida kim o‘ynashi muammo emas. Sababi biz qo‘yayotgan o‘yin uslubida aynan qaysidir pozitsiyada o‘ynaydigan futbolchi emas, balki barcha pozitsiyalarda harakat qila oladigan futbolchilarni jamlashga harakat qilyapmiz”, deydi Ismoilov.
U jamoaning jismoniy holati haqidagi savolga ham javob qaytardi.
“Jismoniy holatga keladigan bo‘lsak, umuman, hozir mana zamonaviy futbolda, Yevropada futbolchilarning o‘sha yoshligidan boshlab alohida e’tibor beriladigan jihat bo‘lib qoldi. O‘FA tomonidan aynan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha barcha sharoitlar yaratib berilmoqda va murabbiylar ham tinimsiz shuning ustida ish olib borishyapti. Osiyo chempionatidan oldin ko‘pchilik jamoaning jismoniy holatiga e’tiroz bildirgandi. Lekin musobaqa ko‘rsatdiki, jamoa o‘yindan o‘yinga qo‘sha oldi. Hamma jamoalar, ko‘p jamoalar o‘yindan o‘yinga orqaga ketsa, bizning jamoa aksincha, o‘yindan o‘yinga o‘zidagi salohiyatini ko‘rsata oldi. Va biz shu tayyorgarlikni andoza sifatida ushlab qolganmiz. Jahon chempionatiga ham bu narsani mukammallashtirilgan holatda tayyorgarlik ko‘rdik.
Endi bu yerda har xil omillar bor. Birinchidan, yosh futbolchi, o‘zgarayotgan organizm. Qaysidir futbolchida, masalan, 17 yoshda organizm boshqa holatda bo‘ladi, qaysi biridadir boshqa holat. Shu narsalarni ham hisobga olib boryapmiz. Doimiy ravishda futbolchilarni monitoring qilib boramiz. Buning ustida ko‘p ishlaymiz. O‘ylaymanki, jahon chempionatida ham jamoa o‘sha Osiyo kubogida bo‘lgandek, o‘zining jismoniy holatining eng baland darajasini ko‘rsata oladi”, deydi murabbiy.
Ismoilov shogirdlarining o‘rtoqlik o‘yinlarida ko‘rsatgan natijasidan ko‘ngli to‘lmaganini qayd etdi.
“Murabbiy sifatida o‘zi hech qachon, hech qaysi o‘yindan ko‘nglim to‘lmaydi. Chunki biz doim ko‘proq xato ko‘zi bilan qarashga harakat qilamiz. Sababi, maqsadimiz jamoa o‘yinini yanada rivojlantirish, takomillashtirish. Shuning uchun hali jamoaning o‘yinidan to‘liq ko‘nglim to‘lgani yo‘q”, deydi u.
U guruhdagi raqiblar haqidagi savolga ham javob berdi.
“Endi jahon chempionatida oson raqibning o‘zi bo‘lmaydi. Masalan, Paragvayni oladigan bo‘lsak, o‘zining qit’asida Argentinani, Chilini yutgan, yaxshi jamoa. Panama ham xuddi shunaqa, yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega jamoa. Irlandiya ham jismoniy jihatdan ancha kuchli, Yevropa jamoasi. Lekin uchala jamoaga qarshi biz o‘ylab qo‘ygan rejalarimiz bor. Xudo xohlasa, uchala jamoani ham mag‘lub etishga harakat qilamiz”, deydi u.
Islombek Ismoilov tadbir yakunida O‘FA tomonidan aniq chempionlik vazifasi belgilanmagani, vaziyatga real qarash kerakligini bildirdi.
“Lekin biz jamoa sifatida bu narsa uchun harakat qilamiz. Shuning uchun rahbariyat tomonidan avvalgi natijalardan ko‘ra yaxshiroq natijalar qayd etish oldimizga vazifa qilib qo‘yilgan”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati 3-27 noyabr kunlarida Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
11:32 / 02.12.2025
Islombek Ismoilov «Neftchi» bosh murabbiyligiga tayinlandi
23:48 / 18.11.2025
Bu jamoa bilan yo‘lim tugadi – Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi
22:06 / 05.11.2025
Yosh futbolchilarda hayajon sezildi – Islombek Ismoilov birinchi o‘yin haqida
16:20 / 05.11.2025