Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Transformator va kabellar importiga boj oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda elektr transformatorlariga import boji oshirilishi mumkin. Bu masala iyul oyida Angrenda transformator ishlab chiqaruvchi zavod ochilgani ortidan kun tartibiga chiqmoqda. Bundan tashqari, simlar va kabellar uchun ham boj oshirilishi, hozirda bojsiz olib kirilayotgan yarim o‘tkazgichli asboblar uchun esa boj kiritilishi mumkin.
Foto: Dreamstime
O‘zbekistonda yarim tayyor mis simlar va mis mahsulotlari eksporti hamda TIF TN kodi 8504, 8541 va 8544 bo‘lgan tovarlar importi tahlil qilingan holda, zarur hollarda, tegishli bojxona boji stavkalariga vaqtinchalik o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Bu 15 oktyabr kuni imzolangan elektrotexnika sanoatini qo‘llab-quvvatlashga oid qarorda nazarda tutilgan.
Yuqoridagi vazifa Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayevga yuklatilgan.
Mazkur bojxona bojlari bojxona hududida qayta ishlash rejimida qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etilmasligi nazarda tutilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga ko‘ra, yuqorida nazarda tutilgan tovar pozitsiyalariga quyidagi tovarlar kiradi:
· 8504 – elektr transformatorlari, statik elektr o‘zgartiruvchilari (masalan, to‘g‘rilagichlar), induktivlik g‘altagi va drossellar. Amaldagi boj stavkasi – 5 foiz.
· 8541 – yarim o‘tkazgichli asboblar (masalan, diodlar, tranzistorlar, yarim o‘tkazgichlarga asoslangan konvertorlar); fotota’sirchan yarim o‘tkazgichli qurilmalar, shu jumladan, fotogalvanik elementlar, modullarda yig‘ilgan yoki yig‘ilmagan, panellarga o‘rnatilgan yoki o‘rnatilmagan; boshqa yorug‘lik chiqaradigan diodlar (LED) bilan yig‘ilgan yoki yig‘ilmagan yorug‘lik chiqaradigan diodlar (LED); pezoelektrik kristallar yig‘ilishi. Amaldagi boj stavkasi – 0 foiz.
· 8544 – simlar izolyatsiya qilingan (shu jumladan, emallangan yoki anodlangan), kabellar (shu jumladan, koaksial kabellar) va boshqa izolyatsiyalangan elektr o‘tkazgichlar, ulagichlari bo‘lgan yoki ulanmagan; elektr o‘tkazgichlari yoki ulagichlari bilan yig‘ilgan yoki yig‘ilmagan alohida qoplamali tolalardan iborat optik tolali kabellar. Amaldagi boj stavkasi – 10 foiz.
Avvalroq Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj kiritilishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil iyul oyida Angrenda transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgan. Loyiha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Xitoyning “Holley Technology Ltd” MChJ tomonidan amalga oshirilgan.
Korxonada 6-10 kVli tarqatish tarmoqlari uchun 25-3150 kVA quvvatli transformatorlar va 35 kV tarqatish tarmoqlari uchun 100-2500 kVA quvvat transformatorlari ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 15 mingta turli quvvatdagi transformatorlarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Mavzuga oid
09:21 / 04.12.2025
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini bojsiz olib chiqish me’yorlari e’lon qilindi
22:06 / 27.11.2025
Oltin narxining oshishi yoki tushishi: bu O‘zbekiston uchun qay darajada ahamiyatli?
15:08 / 27.11.2025
Bojxona kodeksiga qo‘shimcha bojlar bo‘yicha o‘zgartishlar kiritildi
11:09 / 26.11.2025