Sport | 21:22 / 23.10.2025
5938
2 daqiqa o‘qiladi

Messi «Inter Mayami» bilan shartnomasini uzaytirdi

Endi u kamida 2028 yil oxirigacha katta futbolda qoladi. U vaqtda futbolchi 41 yoshda bo‘ladi.

Foto: intermiamicf.com

MLS chempionatining «Inter Mayami» klubi o‘z rasmiy saytida argentinalik hujumchisi Lionel Messi bilan shartnomani uzaytirganini e’lon qildi.

38 yoshli futbolchi bilan yangi kelishuv 2028 yil oxirigacha amal qiladi. Futbolchining avvalgi shartnomasi 2025 yil oxirigacha mo‘ljallangan edi.

«Men bu yerda qolib, ushbu loyiha ustida ishlashda davom etayotganimdan juda xursandman. Bu loyiha – «Mayami Fridom Park» stadionida o‘ynash nafaqat orzum, balki ajoyib reallikka ham aylandi. Mayamiga kelganimdan beri juda baxtiyorman, shuning uchun bu yerda o‘ynashda davom etishimdan chin dildan xursandman», – degan Messi.

Messi «Inter Mayami» safida 2023 yil yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Bu vaqt ichida hujumchi barcha musobaqalar doirasida 82 ta o‘yinda maydonga tushib, 71 ta gol va 37 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

«Oltin to‘p»ning sakkiz karra g‘olibi va jahon chempioni ushbu jamoa bilan Shimoliy Amerikaning Liga Kubogi va 2024 yilgi MLS muntazam chempionatida g‘olib chiqqan.

Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 18 mln yevroni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi o‘n yilliklarning yana bir yulduzi, olti karra «Oltin to‘p» sohibi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu ham shu yil yozida Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi bilan shartnomasini uzaytirgandi. Ayni vaqtda 40 yoshda bo‘lgan futbolchining yangi shartnomasi 2027 yil yoziga qadar amal qiladi. U shu shartnoma evaziga millarder futbolchiga aylandi.

Mavzuga oid