Iqtisodiyot | 11:04 / 24.10.2025
2824
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Regulyator izohiga ko‘ra, yillik inflatsiya sekinlashgan bo‘lsa-da, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar saqlanib qolmoqda. Qolaversa, xizmatlar inflatsiyasi ham yuqoriligicha qolyapti. MB 2025 yil yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozini yaxshilab, 8 foiz atrofida deb belgiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 24 oktyabr kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Regulyator izohiga ko‘ra, yilning 3-choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etgan. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’minlanishi, o‘tgan yildagi inflatsiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi ta’siri sentabr oyida yillik inflatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilgan.

Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik

14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deyiladi rasmiy axborotda.

Markaziy bank press-relizi:

2025 yil sentabr oyida umumiy inflatsiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizga teng bo‘ldi. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shdi. Xizmatlar inflatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Qat’iy pul-kredit sharoitlari hisobiga talab omillarining biroz maqbullashishi hamda almashuv kursi mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflatsiya pasayuvchi dinamikaga o‘tdi va sentabrda yillik 7 foizgacha sekinlashdi. Jumladan, so‘mning mustahkamlanishi import inflatsiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining ma’lum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.

So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlari o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflatsiya sur’atlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuniga inflatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi va 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda (MBning 11 sentabr kungi yig‘ilishida yil yakuni bo‘yicha 8,7 foiz inflatsiya prognozi berilgandi – tahr.).

Joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YaIM real o‘sishi 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda va iste’mol talabini oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarni saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari namoyon bo‘lishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi ehtimollari saqlanib qolmoqda.

Ushbu sharoitda inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom etishini ta’minlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytiradi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 11 dekabr kuniga belgilangan.

Mavzuga oid