Jamiyat | 20:30 / 24.10.2025
2341
7 daqiqa o‘qiladi

“Musobaqa yangi, yosh shaxmat yulduzlarini kashf etishning ajoyib usulidir” – Antoanetta Stefanova

Sovrin jamg‘armasi 620 mln so‘m bo‘lgan IV “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri yakunlandi. Final g‘oliblari 20 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

23 oktyabr kuni O‘zbekistonda ko‘plab shaxmatchilarni kashf qilayotgan IV “Zakovat-Gambit” chempionati yakunlandi. Bu yilgi turnirda 2200 dan ortiq shaxmatchi qatnashgan bo‘lsa, ularning 91 nafari finalda kuch sinashdi. Unda yaxshi natija ko‘rsatganlar 20 mlndan 50 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Tantanali tadbirda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etib, g‘olib bo‘lganlarning ayrimlariga mikrofon tutdi. Ulardan biri 18 yoshli Akjol Rahmatullayev, u E guruhida 1-o‘rinni egallab, 50 mln so‘mni qo‘lga kiritdi.

“Shaxmatni birinchi marta to‘rt yoshimda boshlaganman. Boshida bunga oddiy mashg‘ulot sifatida qaraganman, keyin bilsam, shaxmat juda qiziq o‘yin ekan. Turnir yaxshi o‘tdi va raqiblarim kuchli chiqishdi, shunga qaramasdan ularning hammasini yengdim”, - deydi Rahmatullayev.

Rahmatullayev so‘zi davomida Magnus Karlsenni dunyodagi eng yaxshi shaxmatchi deb bilishini, o‘yinlardagi har qanday vaziyatdan chiqib keta olishini qo‘shimcha qildi.

Farg‘onalik Muhammadrizo Umarov ham musobaqada 2-o‘rin sohibi bo‘ldi va 30 mln so‘mga ega chiqdi.

“Zakovat-Gambit musobaqasida D guruhda qatnashdim. 9 ta turda 5 ta g‘alaba, 3 ta durang hamda 1 ta mag‘lubiyat bilan 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Shunaqa natija qilganimdan juda xursandman.

Men shaxmat bilan 10 yildan beri shug‘ullanib kelaman. Albatta, boshida bunga biroz qiziqish bo‘lgan. Lekin ma’lum bir vaqtdan keyin jiddiy qiziqa boshladim, ya’ni yo‘nalish sifatida tanladim. Yaxshi kasb deb o‘ylayman”, - deydi Umarov.

Umarovning qayd etishicha, shaxmatda soniyalar rol o‘ynaydi.

“Bu musobaqa 3 ta bosqichda o‘tkazildi: onlayn, yarimfinal hamda final. Kuchli shaxmatchilar qatnashdi. Deyarli ko‘pchilikning darajasi bir-biriga yaqin. Shuning uchun ham musobaqa juda shiddatli o‘tdi. Bu yerda yaxshi mehnat, harakat, albatta, biroz omad ham kerak bo‘ladi. Musobaqa blits bo‘ldi, ya’ni tezkor shaxmat. 2-3 soniyada o‘yin taqdiri o‘zgarib ketish mumkin”, - deydi shaxmatchi.

Shuningdek, taqdirlash marosimida Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Zilola Aktamova, Mohijahon Rahmonova turnirning eng yaxshi ayol shaxmatchilari deb topilib, 20 mln so‘mga sazovor bo‘lishdi. Qolaversa, musobaqaning eng yosh ishtirokchisi Abdurahmon Rajabov (12 yosh) va eng keksa qatnashchisi, xalqaro grossmeyster Toir Vohidov (63 yosh) bo‘ldi. Ularning har biri 10 mln so‘m bilan taqdirlandi.

Kun.uz muxbiri mazkur turnir tashkilotchisi Hulkar Tohirjonova bilan suhbat qurdi. Uning ta’kidlashicha, keyingi musobaqada xalqaro reytingga ega bo‘lmagan havaskorlar uchun yangi kategoriya qo‘shilishi mumkin.

“Zakovat-Gambit” o‘z oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni yaxshi bajarib kelmoqda. Sababi, shaxmatchilarning kuchiga qarab 5 ta guruhga bo‘lganmiz. Bu turnirdan keyin yana bitta kategoriya qo‘shmoqchimiz. Bu umuman xalqaro reytingga ega bo‘lmagan havaskorlar o‘rtasidagi kategoriya. Bundan tashqari, keyingi yilda ko‘proq oflayn formatga o‘tishni ham o‘ylab ko‘ryapmiz”, - deydi Tohirjonova.

Kun.uz muxbiri tadbirdan so‘ng, bolgariyalik mashhur shaxmatchi Antoanetta Stefanova bilan suhbatlashdi. U intervyu davomida musobaqaning ahamiyati, tajribalari haqida so‘zlab berdi.

“Bu ajoyib format, yarimfinal va finaldagi jonli o‘yinlarni kuzatdim. Bu musobaqa yangi, yosh shaxmat yulduzlarini kashf etishning ajoyib usulidir. Ba’zan yoshi kattaroq o‘yinchilar ham sizni hayratda qoldirishi mumkin. Bu yerda ajoyib muhit hukm surdi.

Bunday tadbirlarni o‘tkazish g‘oyat muhim, chunki bu o‘yinchilarni ham ruhlantiradi va shaxmatni tobora ommalashtiradi. Siz mendan shaxmat o‘yinmi, ishmi yoki hayot falsafasimi deb so‘radingiz, hammasi deyman. Chunki men besh yoshimdan shaxmat o‘ynay boshlaganman. Hozir murabbiyman, Yevropa Shaxmat Ittifoqining Ayollar shaxmati bo‘yicha komissiyasi raisiman. Shunday ekan, shaxmat mening sevimli o‘yinim. Bu do‘stlar orttirish, dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkonini beruvchi hayot tarzidir. U hayotimga juda ko‘p quvonch olib keldi.

Menimcha, shaxmat men va boshqa ko‘plab shaxmatchilar uchun – o‘z xatti-harakatlarimiz uchun mas’uliyatni zimmamizga olishni o‘rganishdir. Chunki shaxmat tanqidiy fikrlash qobiliyatini, shuningdek, qaror qabul qilish jarayonini rivojlantiradi va siz qilgan har bir yurish, har bir qarorning oqibatlari bo‘ladi.

Men minglab raqiblarga qarshi dona surganman, har bir mag‘lubiyatga uchragan o‘yiningizdan g‘alaba qozongan o‘yinlaringizga qaraganda ko‘proq narsa o‘rganasiz. Shaxmatni rivojlantirishning yo‘li – har doim o‘yinlarni tahlil qilishdir. Garchi g‘alaba qozonib, chiroyli kombinatsiyalar qilgan o‘yinlarimizni tahlil qilish ancha yoqimliroq bo‘lsa-da, mag‘lub bo‘lgan yoki durang o‘ynagan partiyalarni o‘rganish undan zarurdir. Yakunda har doim mashaqqatli mehnat muhimroq, chunki iqtidor juda ko‘p narsani anglatadi. Qattiq mehnat qila olish qobiliyati ham iqtidordir. Albatta, yosh o‘yinchilar, ba’zilari ancha tez o‘rganadi, ular uchun tushunchalarni o‘zlashtirish va o‘z g‘oyalarini yaratish osonroq. Ammo shaxmatda mashaqqatli mehnatsiz, faqat iqtidor bilan chinakamiga o‘sish va jiddiy natijalarga erishib bo‘lmaydi”, - deydi Stefanova.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda har yili shaxmatni rivojlantirish uchun davlat budjetidan 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda 500 ming nafardan ortiq kishi “UzChess” elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tib, shaxmatni o‘rganmoqda.

Mavzuga oid