Sport | 22:44 / 24.10.2025
4800
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yosh sportchilari Osiyo o‘yinlarida yana bir medalni qo‘lga kiritdi

Yengil atletikaning 2000 metrga stipl-chez yugurish dasturida Nasima Mamirova kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Bahraynda III Osiyo yoshlar o‘yinlari davom etmoqda. Navbatdagi kun bellashuvlarida o‘zbekistonlik sportchilar boks, muay-tay, aralash jang san’ati turlari, taekvondo WT, yengil atletika, voleybol, futzal, gandbol, velosport va ot sporti turlarida bahs olib bordi.

Velosportchilar aralash jamoaviy vaqt poygasi dasturida qatnashdi: 40 km masofa poygasida 47:31.18 daqiqa bilan to‘rtinchi bo‘ldi.

Voleybolchilar saralash bellashuvlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Mo‘g‘uliston bilan bahs olib borgan yigitlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, nimchorakfinal yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Ushbu bosqichda ularga Indoneziya raqiblik qiladi.

Yengil atletikaning 2000 metrga stipl-chez yugurish dasturida ishtirok etgan Nasima Mamirova marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston futzal jamoasi kutilmaganda Afg‘onistonga 2:10 hisobida yutqazdi.

O‘zbekiston yosh sportchilari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallab turibdi.

Musobaqada Xitoy 9 ta oltin, 11 ta kumush va 4 ta bronza bilan birinchi, Tailand 7 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza bilan ikkinchi o‘rinda boryapti.

Mavzuga oid